28.03.2024 15:30

Gʻazoda Ramazon: Emaklar taqchil, gʻam tashvish serob

Gʻazoda Ramazon: Emaklar taqchil, gʻam tashvish serob

Gʻazo besh oydan ziyod vaqt davomida qirgʻin, kasallik, ochlik, koʻchirilish, haydalish va tashnalikni boshdan kechirmoqda. Bu muborak oy avvalgilaridan koʻra oʻzgacha tarzda keladi, quvonch keltiradi, degan ijobiy umidda Ramazonni intiqlik bilan kutgan edim. Ammo Ramazon oyi keldi hamki, hech narsa oʻzgarmadi. Vaziyat oʻsha-oʻsha qolaverdi. Vahshiyliklar, zulmlar hamon davom etmoqda. Gʻazolik Gʻoda Alhaddad hikoyasi.

Gʻazodagi 2,2 million musulmon uchun Ramazon oyi tarixan mehmondorchiliklar, zikrlar, eʻʻtikof va ziyoratlar fursati boʻlib xizmat qilgan.

Biroq soʻnggi oʻn yil ichida Isroilning Gʻazodagi takroriy urushlari bir vaqtlar qizgʻin va joʻshqin boʻlgan anʻʻana ustiga qora koʻlanka solib qoʻydi. 32 mingdan ortiq falastinliklarning hayotiga zomin boʻlgan va Gʻazoni vayron qilgan, hamon davom etayotgan genotsid hujumi bu oyni oylar ichidagi eng dahshatli oyga aylantirdi.

Koʻchadagi oʻtkinchilarga ham muloyimlik bilan "Ramazon muborak" deyman. Bunda oʻzimni noqulay his qilib, xijolat boʻlaman, chunki Ramazonning jamiki shod-xurram tantanalari oʻrnini urush, qaygʻu, mashaqqatning maʻʻyus saslari, sukunatli motam egalladi.

Oʻtgan yili faoliyatimda ilk bor munosib maoshli ishga joylashdim, bundan nihoyatda quvondim. Moddiy holatim oʻnglanganidan suyunib, 22 ta jiyanimning barini muqaddas oyni nishonlash uchun rangli fonar yoki "fonus" bilan xursand qildim.

Ularning yuzu koʻzlarida aks etib turgan quvonch va baxt yuquvchan edi. Shuning uchun men bu sovgʻani yillik marosimga aylantirishga ahd qildim. Oʻshanda ixtiyorimdan tashqaridagi vaziyatlar bu quvonch vaʻʻdasini shafqatsizlarcha buzib yuborishini bilmasdim.

Bugun Gʻazodagi hayot haqiqati tubdan oʻzgardi. Koʻpgina jiyanlarim chodirlarda, ocharchilikda yashashga mahkum, urush vayronalari tufayli turar joylaridan ajradilar. Boshqalar esa Gʻazoni butunlay tark etib, boshqa joylardan boshpana izlab ketishdi.

Xarobazorlarga aylangan Gʻazo

"Odatiy" sharoitlarda, masalan blokada mahali Ramazonni oldindan, haftalar davomida kutib, unga tayyorgarlik koʻrishadi.

Xonadonlar va korxonalar balkonlari, doʻkonlar peshtaxtalari chiroqlar bilan bezatilar, muqaddas oyni qarshi olishga chogʻlangan Gʻazo koʻchalarida hayot qaynar edi. Kelinoyilarim uyimizning ayvonchasini mana shu mitti chiroqlar bilan bezashga yordam berganini yaxshi eslayman.

Yosh onalar va gʻayratli yoshlar boshchiligidagi bu ezgu anʻʻana mahallalar boʻylab odamlarga koʻtarinki kayfiyat ulashadi. Gʻazoning projektorlar, quyosh panellari, hattoki, baʻʻzida elektr toki bilan yoritilgan koʻchalarini koʻrish qalbimni quvonchga toʻldirardi. Ammo bu yilgi Ramazon musibatli oy.

Gʻazoning tungi jonli koʻchalari bugun maʻʻyus sukunat qaʻʻriga choʻkkan. Bir paytlar hayot qaynagan erlarni ayni damda vayronalar egallagan. Oʻynab-quvnayotgan bolalarning shoʻx-shodon sadolari oʻrnini vayronalar ostida qolganlarning yurakni ezuvchi faryodlari egalladi.

Ramazonning birinchi kunida men oʻshal charogʻon oʻtmishdan qandaydir izlar qoldimikin, degan umidda koʻchalarni kezib chiqdim. Biroq taassuf ila anglaganim shu boʻldiki, bizning jonli oʻtmishimizdan asar ham qolmabdi.

Ilgari odamlarning gʻala-gʻovuri bilan qaynab yotadigan ochiq bozorlarda oz miqdordagi limon, baqlajon, pomidor va uyda tayyorlangan kir yuvish sovunigina sotadigan bir nechta doʻkonlar qoldi, xolos. Men uchratgan oʻtkinchilarning yuzlarida faqat qaygʻu va umidsizlikni koʻrish mumkin. Oʻsha lahzalarda oʻsha qadrdon xotiralarimni yoʻqotganimdan oʻzimni tutolmasdan, koʻzyosh toʻkib yigʻladim.

Bir paytlar yoʻllarni bezab, yashnatib turgan rang-barang chiroqlar va fonuslar oʻrnini oʻlim bombalarining vahimali yolqinlari va xarobazorlar egalladi.

Bir paytlar namozxonlar bilan gavjum boʻlgan masjidlar yo butunlay boʻshab qoldi yoki vayronaga aylandi. Endilikda imomlar odamlarni oʻz uylari yoki vaqtinchalik chodirlari ichida namoz oʻqishga chaqirmoqda.

Masjidlarda tarovih namozlari va Qurʻʻon tilovati bilan toʻlgan Ramazon oqshomlari muhiti oʻrnini Isroil bombalarining portlash sadolari egalladi. Gʻazo koʻchalari va doʻkonlari boʻylab ufurib turadigan xushboʻy iforlar endi olis xotiralarga aylandi.

Hatto Ramazonda ham...

Yoshlik chogʻlarimda maktabdan uyga piyoda qaytardim. Oʻshanda “Dayr al-Balah” qochqinlar lagerining tor xiyobonlarida sayr qilardim. Koʻchalardan oʻtarkanman, idish-tovoqlarning taqillatgani va ovqat pishirayotgan ayollarning ovozi eshitilib turardi. Havoni uylar ichkarisida pishirilayotgan taomlarning oʻziga xos maʻʻzali isi tutib ketgan boʻlar edi.

Yaqinda qadrdon doʻstim eri bilan birga uyiga qilingan havo hujumi natijasida fojiali tarzda halok boʻldi. Bir vaqtlar u bilan maktabdan uyga birga qaytardik. Oʻshanda u yoʻlda ketarkan, har bir xonadondan taralayotgan xushboʻy hidga qarab idish-tovoqlar va taomlarni aniqlay olardi. Menga esa quyosh botib, shom namozi kirish vaqti ajib xush yoqardi.

Ramazonning birinchi kuni kelganida, koʻpchiligimiz iftorga nima pishirish haqida oʻylab ham koʻrmasdik, chunki javob aniq edi: moloxiya. Jute oʻsimligi barglaridan tayyorlangan quyuq va mazali bu shoʻrva har dam Gʻazoda Ramazon iftor dasturxoni uchun "ochuvchi" boʻlib xizmat qilgan. Boshqa falastinlik onalar va buvilar kabi, mening onam ham moloxiyaning jonli yashil rangi nekbinlikni uygʻotadi va butun oy davomida kishilarga baxt taratib turadi, deb hisoblardi.

Bu yil esa tamoman teskari. Taomlarimiz haqida gap ketganda, endi biz tanlov imkoniyatiga ham ega emasligimizni aytib oʻtishim kerak. Odamlarimiz ayni damda yordam posilkalaridagi bir necha quti oziq-ovqatga tayanmoqda.

Dunyo boʻylab roʻzadorlarning aksari kam taomlanish va kofein etishmasligi natijasida bosh ogʻrigʻi va charchoqni boshdan kechirishadilar, biz esa bu yil Ramazonning birinchi kunidagi oʻsha charchoqni his qilmadik, chunki bunday etishmovchilikka biz bir necha oydan beri duchor boʻlib kelayotgandik.

Bugungi kunda Gʻazo aholisi shaxsiy tanlov sababli emas, balki oziq-ovqat va suv etishmagani uchun roʻza tutmoqda.

Kasalxonada ishlaydigan akam: “Biz besh oydan beri roʻza tutib kelamiz, shuning uchun birinchi kuni boshimiz ogʻriydimi yoki yoʻqmi, bu bizni xavotirga solmadi”, dedi. “Rostini aytsam, bizning boshimiz ogʻrigani yoʻq”.

Birinchi saharlikni biz Isroil havo hujumlari va “Dayr al-Balah”ning artilleriyadan oʻqqa tutilishi bilan qarshi oldik. Onam xoʻrsinib qoʻydi: “hatto Ramazonda ham tinch qoʻyishmadi-a?”

Hozirda yoʻq boʻlgan, bir vaqtlar Ramazonda sevimli desertimiz boʻlgan qataifga biz juda odatlangan edik. Avvallari bor-yoʻgʻi 8 shekel (2 dollar) boʻlgan bir kilogramm shakar hozir 85 (23 dollar) shekelga etgan.

Afsuski, Gʻazodagi quvonchli Ramazon kayfiyati endi yoʻq. Keng yoyilgan ziyofat dasturxonlari oʻz oʻrnini chaylalardagi konserva taomlarga boʻshatib berdi.

Oilalar endi bayramda emas, motamda toʻplanishadi.

Uylar, bozorlar, maktablarning vayron boʻlishi, yaqinlarimizni yoʻqotish, kundalik hayotning izdan chiqishi bizni tasavvur qilib boʻlmas ogʻriq va yoʻqotishlarga duchor etdi.

Gʻazo besh oydan ziyod vaqt davomida qirgʻin, kasallik, ochlik, koʻchirilish, haydalish va tashnalikni boshdan kechirmoqda. Bu muborak oy avvalgilaridan koʻra oʻzgacha tarzda keladi, quvonch keltiradi, degan ijobiy umidda Ramazonni intiqlik bilan kutgan edim. Ammo Ramazon oyi keldi hamki, hech narsa oʻzgarmadi. Vaziyat oʻsha-oʻsha qolaverdi. Vahshiyliklar, zulmlar hamon davom etmoqda.

Biz avvallari Ramazonni birorta ham yaqinlarimizni yoʻqotmasdan qarshi olishni Allohdan soʻrab duo qilardik.

Biroq bu Ramazonda biz juda ham koʻp doʻstlarimiz, oila aʻʻzolarimiz va qarindoshlarimizni yoʻqotdik. Biz uylarimizdan ayrildik. Hayotimizdan mahrum boʻldik. Xotiralardan ayrildik. Bisotimizdagi barini yoʻqotdik.

Bu oyda biz xoh ovqat, xoh suhbat, xoh quvonch va tabassum, xoh ruhiy kechinmalar boʻlsin, hammasidan roʻza tutyapmiz. Qolgani shunchaki musibat va gʻam-tashvish, xolos...

Gʻoda Alhaddad

Mavzuga aloqador