Ramazondan topgan hikmatlarim
«Hamma narsa sinov kelganda bilinadi – doʻstlik ham, muhabbat ham. To sinovgacha hamma oʻz muhabbati, doʻstligi haqida lof uraveradi...»
Menga bu soʻzlarni aytgan odam qanchalar haq ekan. Oʻshanda
ramazon oʻrtalab qolgan, vaqt asrdan oʻtib shomga yaqinlashayotgan boʻlsa-da yoz
jaziramasi ozgina ham pasaymagan, suvning jildiragan (qanchalar yoqimli!) ovozini
eshitmaslik uchun quloqlarimni kaftlarim bilan mahkam yopib, daqiqa sanayotgan
kunimda yuqoridagi jumlalar mohiyatini anglab etganman.
Koʻzim toʻla yosh, yuragim ezilgandan ezilib boryapti, qoʻlimni
koʻtarishga majolim yoʻq, xuddi xasta odamdekman. Tomogʻim qaqrab ketyapti, nimaga
qaramay suv boʻlib koʻrinadi. Qachon shom boʻlarkin?..
Astagʻfirulloh, nimalarni oʻylayapman? Bu – minnatmi? Bunaqa
roʻzadan kun boʻyi och qolish va tashnalikdan boshqa nima orttiraman? «Bandalarimning
odamlar koʻzi tushgulik barcha ishlari (namoz oʻqish, xayr-ehson qilish, zakot
berishlari) oʻzlari uchun, tutadigan roʻzalari esa Men uchun binobarin, uning
mukofotini Oʻzim beraman». Shu holimda, nafsim men bilan ayovsiz olishib, muzday
suvdan qonib-qonib ichishga undayotgan, oʻzim ham shunga moyil boʻlib turganim bir
paytda bu qudsiy hadisni yodimga solgan Ulugʻ Zotga hamdu sanolar boʻlsin!..
Shomdan soʻng...
Haqiqatan ham hamma narsaning qadri sinov kelganda
bilinarkan. Allohga muhabbatdan, Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga
boʻlgan sevgidan gapirish oson ekan. Bir doʻstimning taʻʻbiri bilan aytganda,
«oldin ham roʻza tutyapmiz deb yurgan ekanmiz, haqiqiy ramazon endi boʻlyapti» (arab
tilini yaxshi biladigan doʻstim ramazon soʻzi maʻʻnosiga ham ishora qildi, shekilli.
Chunki «ramazon» arabcha «ar-ramad» degan soʻzdan olingan boʻlib, quyosh haroratining
juda oshib ketishini, «ar-ramdo» esa quyosh olamni tandirdek lovullatib qizdirishini
bildiradi).
Koʻp narsalar hikmatini oʻsha ramazonda tushunib etgandekman.
Masalan, shu paytgacha: «Roʻzador uchun ikki quvonch bor: biri – ogʻiz ochganida,
ikkinchisi – roʻza tutib, yorugʻ yuz bilan Allohga yoʻliqqanida», degan hadisni koʻp
bora oʻqiganman. Iftorlik quvonchini ham koʻp bor his qilganman, ammo... bu
ramazondagichalik emas. Har gal ogʻiz ochganimda qonib suv icharkanman, uning
tomirlarimga, vujudimga quvvat boʻlib yoyilayotganini sezib turaman va boshqa ramazondagilardan farqli
ravishda dil-dilimdan aytaman Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan meros
muborak jumlalarni: “Tashnalik ketdi, tomirlar namlandi, ajr naqd boʻldi,
inshaalloh” (Abu Dovud rivoyati).
«Kim ramazon kechalarini savobiga ishonib va unga erishish niyati
ila namoz oʻqib jonlantirsa, avvalgi gunohlari kechiriladi». Bu hadis hikmatini
ham oʻsha ramazonda anglagandekman. Tarovehni qoʻying, xuftonni saharlikdan sal
oldin oʻqib olish maʻʻqul koʻrinib, shomdan keyinoq uyquga ketishni moʻljallayotgan;
ammo dunyodagi ochlik, tashnalikdan azob chekayotgan qanchalab insonlar, jaziramada
roʻza tutgan ota-onam, jigarlarim, yaqinlarim holini oʻylab, ular haqiga duo
qilish, gunohlarimizga magʻfirat soʻrash, ilohiy rahmatga erishish umidi horgʻin
vujudimga kuch berib, joynamoz ustida turgan onlarimda tushungandekman.
Har kuni ogʻiz ocharga muzday choy, sharbatlar tayyorlab qoʻyadigan
singlimga minnatdor boqarkanman: «Roʻzadorga iftor uyushtirib bergan odam
roʻzadorning savobidan kam boʻlmagan savobni oladi», degan hadis yodimga tushib,
dilim yorishadi.
Bandamiz, ojizmiz, buning ustiga ishxonada har xil muomala-munosabat...
Jahlim chiqqanida tashnalikdan ogʻzim qurib, jumlalarni kelishtira olmasligimdan
xijolat chekib emas, urushmoqchi boʻlayotgan hamkasbim ham xuddi mendek roʻzador
ekanini, qiynalayotganini oʻylab, gʻazabim shafqatga aylangandi. Muborak jumlalar
xayolimdan oʻtadi: «Roʻzador holingizda yomon soʻzlarni gapirmang va jahl otiga
minmang». Quvonaman – yana bir hikmat.
Saratondagi Ramazonda...
«Bas, albatta, har bir qiyinchilik bilan birga engillik
bordir. Albatta, har bir qiyinchilik bilan birga engillik bordir» (Sharh, 5-6).
Allohning vaʻʻdasi – haq! Shu kungacha biror mushkullik
bilmadimki u bilan birga yorugʻligini ham koʻrmagan boʻlsam. Oʻsha Ramazon haqiqiy
sinov boʻldi, lekin sinovning yorugʻliklari, engilliklarini har kun, har lahzada
his qilib yashadim. Oʻsha quvonchlarni yana his qilish umidida bu yilgi sinov
ostonasidaman – vujud, qalb tayyorgarligi va yana... qoʻrquv bilan.
Ilohi, Oʻzing bizni sinovlarga qodir qilgaysan. Ulugʻ fazlu
marhamating bilan iftorlikdagi sevinchlarni butun boricha his etish baxtini nasib
qilding. Nasib etajaging ikkinchi quvonch, ulugʻ shodlik, moʻmin dilning eng shirin
orzusi – Ulugʻ Kunda Diydoringga etishish saodatidan umidvormiz. Bizga bu
ramazonni ham muborak va xayrli qil, Rabbim!
Zumrad Foziljon qizi