Xush bor, Ramazon...
Kechagina yuragimda hadik bilan kutgandim Seni. Tashrifing yaqinlashgani sari uddalay olarmikanman, deya qoʻrquvga tushganim rost. Yashirib nima qildim? Tanballigim ham chin.
Biroq, aytmoqchi boʻlgan asosiy gapim bu emas. Hammasi kecha
boshlandi. Ertalabgacha xayolan Sen bilan suhbatlashib chiqdim. Menda bunaqa holat
tez-tez boʻladi, yaʻʻni koʻp narsaning mohiyatini kechroq anglayman. Xullas, kecha
shomdan keyin, ketishingga sanoqli kunlar qolganda birdan yuragim orziqdi.
Ibodatlarga, tilovatlarga sendagichalik koʻp savob berilmaydigan, xohlasam ham
taroveh oʻqiyolmaydigan, ilohiy rahmat, marhamat, magʻfirat boʻlsa ham, sel kabi
yogʻilmaydigan, fayzli saharliklarsiz, zavqli iftorliklarsiz, kunduzgi
qiyinchiliklar evaziga shomdagi farahli onlarsiz odatiy kunlar boshlanishini
oʻylab...
Yigʻlayapmanmi? Yigʻlayapman. Boshlanganingdan beri koʻp koʻzyosh
toʻkmadim. Saharlik, iftorlik tashvishi, hech tugamas uy yumushlari, ishxonadagi
vazifalar... Hammasiga ulgurishni oʻylab, tuygʻularni ham chetga surib qoʻydim,
shekilli. Axir, bir narsani chin dildan his qilsang, yigʻlaysan-da.
Lekin kecha yigʻladim, yuragim chindan orziqdi. Senga mahkam
yopishgim keldi. Doimiy yumushlardan farqli ravishda tilovatga ulguray, ibodatga
ulguray degan tashvish tushdi ichimga. Xayrli hamrohim, yomonliklarga qalqon boʻlib
yigirma besh kun yonimda yurding. Men gʻofil esa... ketar chogʻingda qadringni his
qilib oʻtiribman. Shunisigayam shukr, shavvolga etgach anglasam nima boʻlardi?
Erta-indin ketasan, yoʻl anjoming – amallarimizga guvohlik...
Safarga otlangan amakisi Abu Tolibning tuyasi jilovini tutib: “Meni kimga tashlab
ketyapsiz?” deya maʻʻyuslangan kichik Muhammaddek xayolimda mahzun savol aylanadi:
“Bizni tashlab qayoqqa ketyapsan, Ramazon?..”
Abu Tolib oʻz bolalaridan ham ortiq koʻrgan jiyanini uloviga
mingashtirdi, birga yoʻlga chiqishdi. Lekin men... qolaman – koʻzim yoshli, dilda
gʻashlik. Sen ham birga olib ketmaysan. Boya aytganimday, olib ketadiganlaring –
guvohlik. Tutgan roʻzalarimizga, tarovehlar, xatmlarimizga,
xatti-harakatlarimizga...
Men sen bilan nima yuboryapman? Faqat oʻtinch...
Xush bor, Ramazon. Oʻtinchim – yomonliklarimizga koʻz yum, ey
oʻttiz kunlik xayrli hamroh. Dargohi ilohiyda yaxshiligimizga guvohlik ber.
Rasululloh sollallohu alayhi va sallam yaxshi ekaniga toʻrtta, uchta, hatto ikkita
musulmon guvohlik bergan moʻmin jannatga kiradi, deganlar. Buyuk Zot huzurida
aziz oysan, shunday ekan, shohidliging ham moʻʻʻtabar.
Holimizni Rabbimiz yaxshi biladi. Shunday boʻlsa-da, biz Saodat
asridan ancha yillar keyin dunyoga kelganimizdan, fitnalarga toʻla zamonda
yashayotganimizdan gapir. Hashamatli uy, qimmatbaho jihoz, soʻnggi rusumdagi ulov,
yaxshi kiyish, yaxshi eb-ichish, hammanikidan zoʻr telefon tutish... haqidagi tuganmas
orzularimizdan emas, oʻsha orzulardan bir-bir boʻlsa ham uzilib, xayolan Asri
Saodat Makkasida, Madinasida koʻzda yosh bilan kezishimizdan ayt. Falon pulga olgan
liboslarimizda oʻzimizni baxtiyor sezmay, oʻn ikkita yamoqli bittagina koʻylagida
Rasululloh bilan yonma-yon boʻlgan sahobiylarga havaslanishimizdan soʻz och.
Roʻza tutib, holsizlanganimizda erkalangan bolamizni
jerkishlarimizni tashlab oʻt. Iftordan keyin, tomirlarimiz hoʻllanib, yumushlardan
biroz tin olganimizda kichkintoyimizning boshini silab eng yaxshi bobo – Rasululloh
sollallohu alayhi va sallam haqlarida gapirganimiz, bolamiz “Nega yigʻlayapsiz?”
deya bergan savoliga chin dildan “Rasulullohni sogʻindim”, deganimizdan soʻz och.
Saharlikka uxlab qolmay deb, chalgʻish uchun turli kanallar,
ijtimoiy tarmoqlarda javlon urishimizni, iftorgacha vaqt oʻtsin deb televizorga
termulishlarimizni qoldir. Doim boʻlmasa ham internetdan Makka tasvirlarini
qidirib qolishimiz, topib koʻrgach, qalbimiz yumshab, bizni ham shu joylarga
etkazishini soʻrab qilgan duolarimizdan, Abvodagi hazrat Omina qabriga, Bani Saʻʻd
yurtiga, Baqiʻʻ qabristoniga, Uhudga borgimiz kelganidan gapir.
Roʻza holimizda gʻiybatdan tiyilmasligimiz haqida aytma.
Vijdonimiz qiynalib, axir bir joyda gʻiybatdan toʻxtaganimizni, birovning haqini
oʻylab ichimizga tushgan qoʻrquv ila aytgan ozmi-koʻpmi istigʻforlarimizni etkaz.
Xudbinlik qon-qonimizga singib borayotgani, uyqumizni
qizgʻonib musulmonlar haqiga duo qilishga erinishimizdan soʻz ochma. Qay bir kechada
usti ochiq qolgan bolamizni oʻrab qoʻyayotib dunyoning qaysidir burchida goʻdagining
yarasiga malham topolmay faryod urayotgan moʻminlar dardiga najot soʻrab oʻqigan ikki
rakatgina namozimiz haqida ayt.
Tanballigimiz, dangasaligimiz, serzardaligimiz,
izzattalabligimiz, masʻʻuliyatsizligimiz, chidamsizligimiz,... xullas, tugab-bitmas
illatlarimizdan gapirma. Oz boʻlsa ham xislatlarimizdan soʻz och.
Biz judayam ojizligimiz, Rabbimiz oʻta buyukligidan ayt. Hech
boʻlmasa, shu haqiqatni ikkilanmay tan olishimizni, amallarimiz chala-chulpa boʻlsa
ham, Allohdan boshqa iloh yoʻqligi, Muhammad alayhissalom U Zotning bandasi va
elchisi ekaniga chin dildan iqrorligimizni etkaz.
Nodonligimiz bilan oʻzimizga jabr etganimizdan, eng umidbaxsh
oyat deyilgan Zumar surasidagi «(Ey Muhammad!) Oʻz jonlariga (gunoh bilan) zulm
qilgan bandalarimga ayting: “Allohning rahmatidan noumid boʻlmang! Albatta,
Alloh barcha gunohlarni magʻfirat qilur. Albatta, Uning oʻzi Magʻfiratli va
Rahmlidir», degan mazmundagi xushxabarga doxil boʻlishga umidvorligimizdan gapir.
Oʻzimizga mahliyolikdan qutulolmasak ham, koʻnglimizda
Rasulullohga muhabbat, sahobiylarga ehtirom, hurmat borligiga; Alloh va
rasuliga nisbatan sevgimizni atrofimizni oʻrab olgan son-sanoqsiz chalgʻituvchi
narsalar ichidan omon olib oʻtishga saʻʻy qilayotganimizga guvohlik ber.
Mendan oʻtganiga rozi boʻl. Kelasi tashrifingga butun
musulmonlarning toʻkis-tugallikda, xotirjamlikda, imon, vujud va ruh
salomatligida etish haqidagi tilaklarimni ilohiy dargohga etkaz.
Xush bor, Ramazon. Kelgusi yili “Xush kelding!” deya kutib olish
nasib etsin deb:
Zumrad Foziljon qizi