23.03.2024 15:36

Bolamizga roʻzani qanday anglatamiz?

Har bir ibodatning nazariy va amaliy tomonlari boʻladi. Bolalar ham bilimga, ham koʻrib oʻrganishga ehtiyoj sezadi. Biz yo bolamizga faqat bilim berib, oʻzimiz oʻrnak boʻlishni unutamiz, yoki ibodatlarimizni oʻzimiz qilib, bolaning bu boradagi qiziqishlarini qondiradigan bilimlar berishda nuqsonga yoʻl qoʻyamiz.

Roʻza haqida gap ketganida esa Ramazon kelmasidan oldin bolalarimizga u haqida maʻʻlumot berishimiz kerak.

Bunday maʻʻlumot berish asnosida bolaga roʻza ibodati oʻtmishda boshqa paygʻambarlarga ham buyurilgani, roʻza tutsak, Alloh bizni juda ham yaxshi koʻrishi, roʻza bizni intizom va tartibga oʻrgatishi, och va chanqoq qolish bilan kambagʻal-bechoralarning ahvolini tushunimiz, tanamiz yilda bir marta roʻza vositasida tozalanib olishi kabilar haqida gapirib berish mumkin.

Umuman olganda, bolalar roʻza tutishni xohlashadi. Uyda hamma kattalar saharlikka turishini bilib, uning ham turgisi, oila davrasida saharlik qilgisi keladi. Unga farz boʻlmasa ham, koʻnikma hosil boʻlishi uchun saharlikka turgisi kelsa, uygʻotish, chidaganicha roʻza tutishiga imkon berish kerak.

Bolada roʻza tutishga koʻnikma hosil qilishning bir qancha usullari bor. Misol uchun, saharlikka turib, kattalar bilan roʻza tutgan bola, peshinga borib qorni ochib yoki chanqab qolishi mumkin. Shunday paytda oshxonada koʻzdan pana joy hozirlab, ovqat va choy qoʻyib qoʻyilsa va bolaga onasi yosh bolalar roʻzani “ulab” tutsa ham boʻlaverishini, hech kimga koʻrinmay ovqat eb olib keyin yana roʻzasida davom etaverishi mumkinligini tushuntirsa, bolaning bu ibodatga shavqi pasaymaydi, aksincha ortadi.

Saharlikka uxlab qolgan bola kattalar bilan roʻza tutolmaganidan xafa boʻlsa, uning koʻngli uchun va asosiysi, koʻnikmasi shakllanishi uchun biror mahal namoz, aytaylik, peshinga azon chaqirgunicha eb-ichishi, undan keyin shomgacha “roʻza tutishi” mumkinligini aytish mumkin. Agar buncha vaqt och yurishga chidolmasa, asrdan keyin ham “roʻza” tutaversin. Muhimi, bu ibodatning fazilatidan, fayzidan bahramand boʻlsin. Ulgʻayib, balogʻatga etgach, risoladagidek roʻza tutishi oson kechadi.

Mavzuga aloqador