Mening ilk roʻzam (hikoya)
Yoz kechalaridan biri. Daranglagan ovozdan uygʻonib ketdim. Qoʻshnimiz Husan amaki tunukani nima bilandir qattiq urib, hammani saharlikka uygʻotardi.
Dimogʻimga ovqatning shirin hidi urildi. Opalarim oshxonada
shoshib nimagadir urinar, dasturxon tuzash bilan ovora edi. «Men ham roʻza
tutaman», degan oʻy bilan irgʻib oʻrnimdan turdim. Buni koʻrgan onajonim,
yuzlarimdan oʻpib: «Alloh roʻza tutgan bolalarga juda koʻp savob beradi», dedi.
Saharlik dasturxoni atrofidamiz. Otam, onam yoshlikda tutgan
roʻzalari haqida gapirar, biz esa hayajon bilan tinglar edik.
Ogʻiz yopganimizdan soʻng yana yotdim. Hayajondan koʻzimga uyqu
kelmadi. Ertalab onam otamni ishga kuzatarkan, iftorlikka kerak boʻlgan
narsalarni tayinladi. Shundan keyin onam opalarim bilan kechki yigʻin uchun
hozirlik koʻra boshlashdi. Chunki har ramazonning birinchi kuni qarindoshlar
biznikida ogʻizocharga yigʻilishar, Qurʻʻon oʻqishardi. Men koʻpincha Qurʻʻon tinglab
oʻtirib, uxlab qolardim...
Har kungidek oʻsha kun ham kunduzi bolalar bilan rosa oʻynadik.
Mendan boshqa oʻrtoqlarim ham roʻza tutishgan ekan, oʻynab-oʻynab charchadik, qornimiz
ham ochqab ketdi. Bir oʻrtogʻim peshinga aytilgan azonni eshitishi bilan suv ichib,
roʻzasini ochib oldi. Baʻʻzi bolalarning ham bardoshi etmadi. Men oʻzimni ushlashga
harakat qildim. Yana oʻyinga berilib ketdik. Roʻza tutganimiz batamom unutildi.
Koʻchadagi daraxtlarning mevalarini qoqib edik, suv ichdik. Anchadan keyin roʻza
tutganim yodimga tushib, onamning oldiga yugurdim. Onam esa: «Alloh yaxshi bolalarga
roʻzasini unuttirib, mehmon qiladi. Sen ham Allohning mehmoni boʻlibsan, bolam»,
dedilar. Yana roʻzamni davom ettirdim. Chanqab, lablarim quridi. Ariq boʻyiga
borib, suvni tomosha qila boshladim. Tiniq suvni kaftimga olib tikilaman,
yuzlarimni yuvaman, ogʻzimga solib, yutgim kelsa-da, roʻzamni eslab yutmayman. Quyosh
esa juda sekin botardi...
Nihoyat iftorlik mahali boʻldi. Dasturxon atrofiga intiqlik
bilan oʻtirdik. Ogʻizochar duosini oʻqidik. Toʻyib-toʻyib suv ichdim, kunduzi egim
kelgan mevalardan edim. Ana shunda Alloh neʻʻmatlarining naqadar totli, qadrli
ekanini bildim. Qoʻllarimni ochib: «Allohim, tutgan roʻzalarimizni qabul qil, och
va suvsiz qoldirma», deb yigʻlab duo qilganim hanuz esimdan chiqmaydi...
Zebuniso Husayn qizi