08.09.2025 17:01
132

Ustoz Mubashshir Ahmadning sudi yana qoldirildi


Bugun, 8 sentyabrь kuni soat 16:00 da Jinoyat ishlari boʻyicha Toshkent shahar Uchtepa tumani sudida Ustoz Mubashshir Ahmadning sudi davom ettirildi. 

Sudda qatnashish uchun qator jamoatchilik vakillari, jurnalistlar hamda Ustozning yaqin qarindoshlari sud binosi oldida yigʻilishdi. Bu safar ham sudga kirayotganlardan ovoz yozish, tasvirga olish uskunalari hamda qoʻl telefonlarini topshirish soʻralgan.  

19 avgust kuni sud ishi guvohlar kelmagani sababli 8 sentyabrga  qoldirilgandi. Shunga qaramay, ikkinchi sud majlisida qatnashgan guvohlar ham qoʻyilayotgan ayblovlar uchun etarlicha dalil keltira olishmagan. Dastlabki maъlumotlarga koʻra, shu bois ham Ustoz Mubashshir Ahmadga qoʻyilayotgan ayblovlar sirasidan "millatlararo nizo qoʻzgʻatish" ayblovi olib tashlangan. Oʻz navbatida guvohlardan birining daъvosi ham bekor qilingan.

Afsuski sud majlisi yana qoldirilib, 15 sentyabrda davom ettiriladigan boʻldi. Bunga Ustozni soʻroq qilishga  vaqt etmagani sabab qilib koʻrsatilgan. 

Eslatib oʻtamiz, Ustoz Mubashshir Ahmadga Jinoyat kodeksining 244 prim 3 moddasi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan, keyinroq shu moddaning  1-qismi “g” bandi bilan qoʻshimcha ayblov eъlon qilingan. Oradan sal fursat oʻtib, 156-moddasi 2-qismi ham ishga qoʻshilgan.

©️Azon Global (http://t.me/azon_global)

Mavzuga aloqador