25.09.2025 16:25
405

Ustoz Mubashshir Ahmadning himoyachisi bayonot bilan chiqdi



Ustoz Mubashshir Ahmadning advokati Abdulloh Sodiq Islom ulamosining sud ishi boʻyicha maxsus bayonot bilan chiqdi. Unda advokat boʻlib oʻtgan sud jarayonlari boʻyicha baъzi tafsilotlar, fikrlar va xulosalarini boʻlishgan. Bayonotda Ustozning sud jarayonini tahlil qilgan huquqshunos ushbu sudga "raislik etuvchi avvalo qonunga, oʻz vijdoni va ichki ishonchiga tayanib, ish boʻyicha aniqlangan holatlarni inobatga olib, toʻplangan dalillarga birma-bir baho berib, qonuniy, asosli va adolatli hukm chiqarishi"ga umid bildirgan.

"Bismillahir rohmaniyr rohiym.

Assalomu alaykum!

Soʻzim avvalida, Sizlarga Ustoz Mubashshir Ahmad nomlaridan va ularning himoyachisi oʻlaroq oʻzim nomimdan domlaga nisbatan boʻlgan jinoyat ishining tergov qilinishi va sud majlisida koʻrib chiqilishi jarayonida ularga ofiyat, ozodlik, qolaversa, adolat qaror topishini soʻrab qilgan duolaringiz va qoʻllab quvvatlovingiz, koʻplab advokat hamkasblarimga ixtiyoriy ravishda, begʻaraz yordam qoʻlini choʻzganligingiz uchun samimiy minnatdorchilik bildiraman.

Muqaddam eъlon qilgan bayonotimda, ustoz Mubashshir Ahmad ismi bilan mashhur ulamo Tursunov Alisher Ahmad oʻgʻliga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati Tergov boshqarmasi tomonidan olib borilgan tergov harakatlari yakunlanib, jinoyat ishi mazmunan koʻrib chiqishlik uchun sudga yuborilganligini maъlum qilgan edim.

Bugungi kunga kelib, jinoyat ishlari boʻyicha Toshkent shahar Uchtepa tuman sudida boʻlib oʻtgan bir nechta sud majlisidan soʻng, sud tergovi tamomlanib, tomonlar muzokara nutqlarini bildirishdi va ustozda faqat oxirgi soʻz qoldi.

Shundan soʻng, sud alohida maslahat xonaga kirib, hukm chiqarilishi lozim.

Shu oʻrinda, ustozning advokati sifatida boʻlib oʻtgan sud jarayonlari boʻyicha baъzi tafsilotlar, fikrlar va xulosalar bilan boʻlishishni lozim topdim.

Ustoz Mubashshir Ahmad domlaning ishi boʻyicha birinchi sud majlisi 19 avgust 2025 yilda boshlandi. Eъtiborlisi, barcha sud majlislariga juda koʻp oila aъzolari, ommaviy axborot vositalari, jamoatchilik faollari, blogerlar va boshqa befarq boʻlmagan insonlar tashrif buyurishdi va oʻzlarining qoʻllab-quvvatlashi bilan ancha faol boʻlishdi. Buning uchun, ularga alohida minnatdorligimni bildirmoqchiman.

Sud majlisi raislik etuvchi tomonidan ochiq deb eъlon qilindi va shu oʻrinda himoya pozitsiyasi tomonidan sud majlisiga ommaviy axborot vositalarini jalb etish va sud majlisi jarayonini audioyozuvga yozib olish boʻyicha bir nechta iltimosnomalar kiritildi.

Iltimosnomalarimiz qanoatlantirilib, sud jarayoni ochiq tarzda oʻtishi, ommaviy axborot vositalari bemalol ishtirok etishi, faqatgina bir sharti sud majlisi jarayoni audioyozuvi sud kotibi tomonidan olib borilishi, OAV vakillari oʻzlariga qogʻozga yozuvlar amalga oshirishi mumkinligi belgilandi.

Dastlabki sud majlisida davlat ayblovchisi E.N. tomonidan ayblov xulosasi oʻqib eshittirildi. Ayblov xulosasiga binoan ustoz Mubashshir Ahmad domlaga Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 156-moddasi 2-qismi, 244-1-moddasi 3-qismi “g” bandi hamda 244-3-moddasi bilan ayblov eъlon qilindi.

Davlat ayblovchisi tomonidan ayblov xulosasi oʻqib eshittirilganidan soʻng, sud jarayonini olib borish tartibini belgilash boʻyicha tashkiliy jarayon boʻlib oʻtib, ayblovchi tomonidan bildirilgan fikrga koʻra, dastlab guvohlar va soʻngra sudlanuvchining oʻzi soʻroq qilinishi, hujjatlar taftish qilinib, tomonlar muzokarasiga oʻtilishi boʻyicha raislik etuvchi sudьya B.R. sud tartibni belgiladi.

Shu bilan birinchi sud majlisi yakunlanib, guvohlarni sud majlisiga chaqirish uchun keyinga qoldirildi.
Ikkinchi sud majlisi, 08 sentyabrь 2025 yilda boʻlib oʻtdi. Ushbu sud majlisi biz uchun muhim ahamiyatga ega edi, chunki ushbu sudda asosiy guvohlar, yaъni ekspertizani oʻtkazgan siyosatshunoslar, Din ishlari boʻyicha qoʻmita mutaxassislari soʻroq qilinishi lozim edi. Ulardan nimalarga asoslanib xulosa qilganliklari, bildirayotgan fikrlari qanchalik ilmiy asoslanganligi boʻyicha qator savollarimiz bor edi.

Sud majlisi boshlandi. Dastlab birinchi guvoh, siyosatshunos mutaxassis O.M. soʻroq qilindi. Biz tomonimizdan berilgan savollarga mutaxassis siyosatshunoslik nuqtai nazari oʻlaroq javob berishga harakat qildi. Mutaxassisga berilgan savollarga O.M. taqdim etilayotgan materiallarda diniy ekstremizm, separatizm va aqidaparastlik gʻoyalari bilan yoʻgʻrilgan, qirgʻin solishga yoki fuqarolarni zoʻrlik bilan koʻchirib yuborishga daъvat etadigan yoxud aholi orasida vahima chiqarishga qaratilgan, fuqarolar totuvligini buzish, tuhmatona, vaziyatni beqarorlashtiruvchi uydirmalar tarqatish hamda jamiyatda qaror topgan xulq-atvor qoidalariga va jamoat xavfsizligiga qarshi qaratilgan  chaqiriqlar yoki maъlumotlar mavjud emasligini taъkidlab oʻtdi.

Bu shuni anglatadiki, ustoz Mubashshir Ahmad domlaning harakatlarida Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 244-1-moddasi 3-qismi “g” bandida nazarda tutilgan jinoyat tarkibi mavjud emas.

Maъlumot uchun: Jinoyat kodeksining 244-1-moddasi 3-qismi “g” bandi diniy ekstremizm, separatizm va aqidaparastlik gʻoyalari bilan yoʻgʻrilgan, qirgʻin solishga yoki fuqarolarni zoʻrlik bilan koʻchirib yuborishga daъvat etadigan yoxud aholi orasida vahima chiqarishga qaratilgan maъlumotlar va materiallarni har qanday shaklda tarqatish, xuddi shuningdek fuqarolar totuvligini buzish, tuhmatona, vaziyatni beqarorlashtiruvchi uydirmalar tarqatish hamda jamiyatda qaror topgan xulq-atvor qoidalariga va jamoat xavfsizligiga qarshi qaratilgan boshqa qilmishlarni sodir etish maqsadida dindan foydalanish, shuningdek diniy-ekstremistik, terrorchilik tashkilotlarining atributlarini yoki ramziy belgilarini tarqatish yoxud namoyish etish harakatlarini ommaviy axborot vositalaridan yoxud telekommunikatsiya tarmoqlaridan, shuningdek Internet jahon axborot tarmogʻidan foydalanib sodir qilganlik uchun besh yildan sakkiz yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosini nazarda tutadi.

Jinoyatning zaruriy belgisi toʻgʻri qasddan sodir etilishi, yaъni, diniy ekstremizm, separatizm va aqidaparastlik gʻoyalari bilan yoʻgʻrilgan materiallarni tarqatishdan koʻzlangan maqsad qirgʻin solishga yoki fuqarolarni zoʻrlik bilan koʻchirib yuborishga daъvat etadigan yoxud aholi orasida vahima chiqarishga qaratilgan maъlumotlar va materiallarni har qanday shaklda tarqatish, xuddi shuningdek fuqarolar totuvligini buzish, tuhmatona, vaziyatni beqarorlashtiruvchi uydirmalar tarqatish hamda jamiyatda qaror topgan xulq-atvor qoidalariga va jamoat xavfsizligiga qarshi qaratilgan boshqa qilmishlarni sodir etish hisoblanadi. Yaъni, ushbu modda bilan shaxsni ayblash uchun diniy mazmundagi tarqatilgan materialning diniy ekstremizm, separatizm va aqidaparastlik gʻoyalari bilan yoʻgʻrilganligi Oʻzbekiston Respublikasi Din ishlari boʻyicha Qoʻmitaning ekspertiza xulosasi asosida aniqlansa, undan koʻzlangan maqsad oʻlaroq yuqorida qayd etilgan belgilar sudga oid kompleks lingvistik va siyosatshunoslik ekspertizasi xulosasi asosida isbotlangan boʻlishi shart.

Bundan tashqari, mutaxassis O.M.ga sudьya tomonidan ayblovning 156-moddasi 2-qismiga asos qilib koʻrsatilayotgan “«Isroilga qarshi jixod» fatvosi nimani anglatadi?» nomli video materialda keltirib oʻtilgan “laъnati Isroil ... laъnati sionistlar” kabi jumlalar milliy, irqiy, etnik yoki diniy mansubligiga qarab, aholi guruhlariga nisbatan adovat, murosasizlik yoki nifoq keltirib chiqarish maqsadida milliy shaъn-sharaf va qadr-qimmatni kamsitishga, diniy eъtiqodiga yoki daxriyligiga qarab, fuqarolarning his-tuygʻularini haqoratlashga qaratilganmi?” degan savol yangradi.
Mutaxassis ushbu savolga ushbu soʻzlar Isroil davlati oʻlaroq millatni, yaъni yaxudiylarni xaqoratlashga qaratilganligini taъkidlab katta xatoga yoʻl qoʻydi. Uning soʻzlaridan soʻng, himoya pozitsiyasi tomonidan qator savollar berildi va eъtirozlar bildirildi.

Xususan, Isroil  - bu davlat. Davlat har doim ham xalqning, millatning irodasini, xoxish-istaklarini ifoda etmaydi, yaъni davlatning siyosati uni tashkil etuvchi millat, xalqning qarashlaridan boshqacha boʻlishi mumkin. Isroilda ham shunday, yaъni yaxudiy millati vakillari urushni toʻxtatish, Gʻazoda tinch aholini genotsid qilmaslik boʻyicha fikrlar bildirganligi, namoyishlar oʻtkazganligini OAV orqali kuzatganmiz, biroq Isroil davlati umuman teskari pozitsiyada ish koʻrib, Gʻazodagi tinch aholi vakillarini genotsid qilmoqda va bu yaqinda Birlashgan millatlar tashkiloti tomonidan ham tasdiqlandi.
Bundan tashqari, sionistlarga keladigan boʻlsak, sionizm yoki sionistlar na millat yoki etnik guruh, na irq yoki din vakili hisoblanadi.

Ustoz Mubashshir Ahmad domla yaxudiy millati haqida biron-bir negativ fikr yoki xaqoratli soʻzlar bildirmaganlar, balkim Isroil davlatining qirgʻinbarot siyosatini qoralab chiqganlar. Isroil davlati esa millat, irq, etnik yoki diniy guruh hisoblanmaydi va ushbu davlat haqida bildirilgan fikrlar Jinoyat kodeksining 156-moddasi dispozitsiyasi bilan qamrab olinishi mumkin emas.

Maъlumot uchun: Jinoyat kodeksining 156-moddasi 2-qismi tasnifiga koʻra, shaxsni ayblash uchun milliy, irqiy, etnik yoki diniy mansubligiga qarab, aholi guruhlariga nisbatan adovat, murosasizlik yoki nifoq keltirib chiqarish maqsadini koʻzlashi, yaъni subъektiv tomondan toʻgʻri qasd bilan harakat qilinishi lozim.

Obъektiv tomondan esa milliy shaъn-sharaf va qadr-qimmatni kamsitishga, diniy eъtiqodiga yoki daxriyligiga qarab, fuqarolarning his-tuygʻularini haqoratlashga qaratilgan harakatlar mavjud boʻlishi, shuningdek milliy, irqiy, etnik yoki diniy mansubligiga qarab, fuqarolarning ustunligini yoki nuqsonli ekanligini targʻib qilish, xuddi shuningdek milliy, irqiy, etnik mansubligiga yoki dinga munosabatiga qarab, fuqarolarning huquqlarini bevosita yoki bilvosita cheklash yoxud ularga bevosita yoki bilvosita afzalliklar berishda ifodalangan boʻlishi lozim.
Biroq, dastlabki tergov organi tomonidan eъlon qilingan ayblov va shunga asosan tuzilgan ayblov xulosasida “A.Tursunov noqonuniy xatti-harakatlarini davom ettirgan holda oʻzining diniy bilim va saviyasiga ortiqcha ishonib, diniy materiallarni tarqatishi bilan bogʻliq qilmishi natijasida Oʻzbekiston Respublikasi hududida istiqomat qiluvchi koʻp millatli aholi orasida milliy, irqiy, etnik, diniy adovat qoʻzgʻatilishini, fuqarolar totuvligi buzilishini hamda vaziyatni beqarorlashtirilishini oʻylamasdan” degan soʻzlar bildirilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi JKning 22-moddasiga asosan, oʻz-oʻziga ishonish yoki beparvolik orqasida sodir etilgan ijtimoiy xavfli qilmish ehtiyotsizlik orqasida sodir etilgan jinoyat deb topiladi, yaъni yuqorida keltirilgan ayblovda A.Tursunovning harakatlarida toʻgʻri qasd yoʻqligi, Jinoyat kodeksining 244-1-moddasi 3-qismi “g” bandi va 156-moddasi
2-qismi bilan ayblash uchun zaruriy jinoyat tarkibi, yaъni toʻgʻri qasdda ifodalangan subъektiv tomon yoʻqligi yaqqol koʻrinadi.

Shu bilan, O.M.ning soʻrogʻini tugatib, navbatdagi mutaxassis Sh.N.ni soʻroq qilish boshlandi. Mutaxassis oʻzining soʻzlarida va savollarga bergan javoblarida bergan xulosalarini asoslab bera olmadi. Berilgan savollarga javob berish oʻrniga mutaxassis, kezi kelganda provokatsion savollar bilan ustoz Mubashshir Ahmad domlaga yuzlanmoqchi boʻldi. Biroq, himoya pozitsiyasi tomonidan bildirilgan eъtirozlar va raislik etuvchining bergan tanbehi natijasida ushbu savollar olib tashlandi.

Ikkinchi sud majlisi shu tariqa yakunlandi va sud majlisi keyinga qoldirildi. Keyingi sud majlisida ustoz Mubashshir Ahmad domlaning oʻzlari soʻroq qilinishi va jinoyat ishidagi hujjatlar taftish qilinishi belgilandi.
Uchinchi sud majlisi 15 sentyabrь 2025 yilda boshlandi. Dastlab qoʻshimcha guvohlarni ishga jalb qilish boʻyicha bergan iltimosnomalarimiz sud tomonidan rad etildi.

Keyin esa, ustoz Mubashshir Ahmad domlani soʻroq qilish boshlandi. Oʻzlarining koʻrsatmalarida ustoz butun bosib oʻtgan hayot yoʻllarini, amalga oshirgan ishlarini aytib berdilar va ayblovning har bir bandi, har bir material boʻyicha alohida toʻxtalib, olim oʻlaroq batafsil tushuntirish berdilar, ushbu materiallarni tayyorlashdan va tarqatishdan koʻzlangan maqsad, ularda aks ettirilgan asl mohiyatni juda toʻliq va chiroyli qilib tushuntirib berdilar.

Ustoz Mubashshir Ahmad domla ayblovga nisbatan munosabatlariga kelsak, diniy mazmundagi materialni tarqatish uchun Turkiya Respublikasida faoliyat koʻrsatganligi sababli, Oʻzbekiston Din ishlari boʻyicha Qoʻmitasidan xulosa olish zaruriyati yoʻq deb oʻylaganligi, chunki hududiylik jihatidan media faoliyati xorijda boʻlganligi sababli eъtibor qilmaganligini, aslo qonunga bepisand nazarda boʻlmaganligini, fatvoni tarjima va tushuntirishi bilan bogʻliq materialda ham ayni shu sababdan xulosa olinmaganligini, shu bilan birga, uni tarqatilishidan koʻzlangan maqsad, musulmon aholi oʻrtasida fatvo notoʻgʻri maъnoda tushunilishining oldini olish, Gʻazoda jihod qilish bizga farz boʻlibdi deb, ilgari Suriyaga odamlar ommaviy koʻchib borishiga oʻxshash vaziyat va oqibatlar yuz berishini oldini olish, fatvoning fuqarolar uchun emas, davlat safarbarlik eъlon qilgan taqdirdagina borish mumkinligini, urush boʻlayotgan hududga fuqarolarning oʻzlari kira olmasligini anglatish, musulmon halqining totuvligi koʻzlanganligini, davlat xavfsizligi va halq totuvligini faoliyatida pirovard maqsad sifatida koʻrishini maъlum qildilar.

Soʻngra jinoyat ishida mavjud hujjatlar taftish qilinib, sud majlisiga yakun yasaldi va muzokaraga oʻtish yoki oʻtmaslik masalasa koʻrib chiqildi.

Himoya pozitsiyasi muzokaraga tayyor ekanligini bildirgan boʻlsada, davlat ayblovchisi tayyorgarlik koʻrish uchun qoʻshimcha muddat berishni soʻradi va shu asnoda sud majlisi keyinga qoldirildi.

2025 yil 18 sentyabrь juda bir masъuliyatli va oʻz navbatida muxim kun boʻldi. Ushbu kun sud majlisi davom ettirildi va tomonlar muzokara nutqi tinglandi.

Dastlab davlat ayblovchisi oʻz fikrini bildirib, sud jarayonida mutaxassislar koʻrsatmasi, tadqiq etilgan dalillar bilan Jinoyat kodeksining 244-1-moddasi 3-qismi “g” bandi va 156-moddasi 2-qismida nazarda tutilgan jinoyatlar oʻz tasdigʻini topmagan boʻlsada, ustoz Mubashshir Ahmad domlani ushbu moddalar va qolaversa 244-3-moddasi bilan aybdor deb topishni soʻrab, uzil-kesil Jinoyat kodeksining 60 va 61-moddalari tartibida 7 yil muddatga ozodlikdan maxrum qilish va bazaviy hisoblash miqdorining 150 baravari miqdorida jarima jazosi qoʻllashni soʻradi.

Toʻgʻrisini aytganda, sud jarayonida domlaning 2 ta modda boʻyicha aybsizligi koʻrinib turgan holatda, davlat ayblovchisining jazo soʻrashi bizni xayron qoldirdi.

Shundan soʻng, sud tomonidan himoyachilarga muzokara nutqi berildi va davlat ayblovchisining fikriga eъtirozlarini bildirish imkoniyati yaratildi.

Men va hamkasblarim tomonidan ayblovning har bir holati, vaji, moddalari boʻyicha toʻliq fikr bildirilib, ayblovning asossizligi dalillar bilan isbotlab berildi, prokurorning muzokara nutqiga eъtirozlar bildirildi.

Jumladan, birinchidan, ustoz Mubashshir Ahmad domlaga tegishli boʻlgan kanallar va boshqa platformalar mutaxassis ishtirokisiz, yaъni aynan raqamli texnologiyalar sohasida mutaxassis ishtirokini taъminlamasdan koʻzdan kechirilganligi va koʻchirib olinganligi, ushbu tarzda olingan dalillar Jinoyat protsessual kodeksi va Oliy sud Plenum qarorlari talablariga koʻra nomaqbul dalil hisoblanishi barcha zaruriy qonunchilik normalari bilan isbotlab berildi.
Ikkinchidan, ustoz Mubashshir Ahmad domla tomonidan diniy materiallar Turkiya Respublikasida tayyorlanganligi, Oʻzbekiston Respublikasi uchun moʻljallanmaganligi, butun dunyodagi oʻzbek va musulmon ahliga qaratilganligi, Jinoyat kodeksining 12-moddasida “Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari, shuningdek Oʻzbekistonda doimiy yashovchi fuqaroligi boʻlmagan shaxslar, basharti boshqa davlat hududida sodir etgan jinoyat uchun oʻsha davlat sudining hukmi bilan jazolangan boʻlmasalar, ushbu Kodeks boʻyicha javobgarlikka tortiladilar” deb belgilanganligi, ammo, Turkiya Respublikasi qonunchiligi boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 156-moddasi 2-qismi, 244-1-moddasi 3-qismi “g” bandi va 244-3-moddasida nazarda tutilgan jinoyatlar ijtimoiy xavfli qilmish hisoblanmasligi va Jinoyat kodeksiga asosan javobgarlik keltirib chiqarmasligi bildirildi.

Uchinchidan, Oʻzbekiston Respublikasi Din ishlari boʻyicha qoʻmitasning 19.05.2025 yildagi ekspertiza xulosasi, AOKAning 06.05.2025 yildagi kompleks ekspertiza xulosasi, 20.05.2025 yildagi kompleks komissiyaviy sud-siyosatshunoslik-lingvistik ekspertizasining 140-sonli xulosasi, 22.04.2025 yilgi “X. Sulaymanova” nomidagi Respublika sud ekspertiza markazining xulosasi va Oʻzb. Res DXX Ekspert-kriminalistika boʻlimining 151-sonli xulosasiga asosan ustoz Mubashshir Ahmad domlaning harakatlarida Jinoyat kodeksining 244-1-moddasi 3-qismi “g” bandi bilan qoʻyilgan ayblov oʻz tasdigʻini topmaganligi ham muzokara nutqida alohida taъkidlab oʻtildi.

Toʻrtinchidan, ustoz tomonidan tarqatilgan materiallarda bironta millat, irq, etnik guruh yoki din vakiliga nisbatan adovat, murosasizlik yoki nifoq keltirib chiqarish maqsadida milliy shaъn-sharaf va qadr-qimmatni kamsitishga, diniy eъtiqodiga yoki daxriyligiga qarab, fuqarolarning his-tuygʻularini haqoratlashga qaratilgan qasddan harakat qilinmaganligi, Isroil yoki Xitoy haqida bildirilgan fikrlarga keladigan boʻlsak, bu davlat haqida uning siyosati haqida bildirilgan fikrlar boʻlganligi va bironta millat, irq, etnik guruh yoki din vakiliga qaratilmaganligi aniq dalillar bilan isbotlab berildi.

Beshinchidan, ehtiyotsizlik, yaъni beparvolik oqibatida yoki biron-bir maqsadsiz diniy materiallarni tarqatganlik faqatgina Jinoyat kodeksining 156-moddasi 1-qismi bilan javobgarlik keltirib chiqarishi mumkinligi, biroq, muhim sharti shaxs muqaddam Maъmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 184-3-moddasi bilan maъmuriy javobgarlikka tortilgan boʻlishi lozimligi, ustoz Mubashshir Ahmad domla esa muqaddam bu turdagi maъmuriy huquqbuzarlikni sodir etmaganligi va shu sababli jinoiy javobgarlikka tortilishi mumkin emasligi asoslab berildi. Yaъni, agar tarqatganlik uchun javobgarlik boʻladigan boʻlsa ham, ustoz Mubashshir Ahmad domla faqatgina MJtK 184-3-moddasi boʻyicha maъmuriy javobgarlikka tortilishi mumkin edi, lekin shu kunga kelib uni maъmuriy javobgarlikka tortish muddati ham oʻtib ketgan.
Muzokara nutqi soʻngida, himoyamiz ostidagi ustoz Mubashshir Ahmad domla tergov jarayonida pushaymonlik arizasi bilan murojaat qilib, unda jinoyatning fosh boʻlishiga yordam beradigan faktik maъlumotlarni bayon qilganligi va Jinoyat kodeksining 244-3-moddasi boʻyicha ayblovga toʻliq iqrorlik bildirib koʻrsatma berganligi, muqaddam jinoiy javobgarlikka tortilmaganligini, ijtimoiy foydali mehnat bilan shugʻullanishini, qasddan biron-bir harakat sodir qilmaganligini, oʻzga millat, irq, din vakillariga nisbatan xech qanday shaxsiy adovati, kamsitishga yoki xaqorat qilishga harakati yoʻqligini inobatga olib, uning harakatlarida Jinoyat kodeksining 156-moddasi 2-qismi va 244-1-moddasi 3-qismi “g” bandida nazarda tutilgan jinoyat tarkibi mavjud emasligi, uning aybi obъektiv dalillar bilan isbotlanmaganligi sababli ustozni mazkur moddalar bilan aybsiz deb topish hamda oqlash. Qolaversa, 244-3-modda boʻyicha ijtimoiy xavflilik xususiyatini yoʻqotganligi munosabati bilan unga nisbatan Jinoyat kodeksining 70-moddasini qoʻllab, jazodan ozod qilish soʻraldi.

Shu tariqa, muzokara nutqi yakunlandi va sud majlisi ustoz Mubashshir Ahmad domlaning oxirgi soʻzini eshitish va hukm chiqarish uchun keyinga qoldirildi.

Ishonchimiz komilki, raislik etuvchi ustoz Mubashshir Ahmad domlaning oxirgi soʻzlarini tinglab, alohida maslahatxonaga kirgan vaqtida avvalo qonunga, oʻz vijdoni va ichki ishonchiga tayanib, ish boʻyicha aniqlangan holatlarni inobatga olib, toʻplangan dalillarga birma-bir baho berib, qonuniy, asosli va adolatli hukm chiqaradi.

Maъlumot uchun: Ochiq internet manbalaridan toʻplangan va tahlil qilingan maъlumotlarga koʻra Jinoyat kodeksi 244-1-modda 3-qismi g bandi uchun garchi jazo tariqasida 5 yildan 8 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish nazarda tutilgan boʻlsada, 2024-2025-yillarda 60% dan ortiq sud hukmlarida ozodlikdan mahrum qilish bilan bogʻliq boʻlmagan jazo taъyinlanganligi aniqlandi. Jinoyat kodeksi 156-2-moddasi boʻyicha esa 81% dan ortiq sud hukmlarida ozodlikdan mahrum qilish bilan bogʻliq boʻlmagan jazo tayinlangan.

Mavzuga aloqador