Turkiya «yashil» loyihalarni amalga oshirish evaziga Qirgʻizistonning 58,8 mln dollarlik tashqi qarzidan kechdi. Shuningdek, Turkiya va Qirgʻiziston oʻrtasida 19 ta hujjat imzolandi. Turkiyaning İhlas Holding xoldingi bilan energetika sohasida 7 mlrd dollarlik kelishuvga erishildi.

Turkiya «yashil iqtisodiyot» loyihalarini amalga oshirish evaziga Qirgʻizistonning mamlakat oldidagi 58,8 mln dollarlik tashqi qarzidan kechdi. Bu haqda Qirgʻiziston prezidenti Sadir Japarov 5 noyabrʻ kuni Bishkekda Turkiya rahbari Rajab Toyyib Erdogʻan bilan muzokaradan soʻng maʻʻlum qildi.

«Hurmatli prezident Erdogʻanga Qirgʻiziston Respublikasining Turkiya Respublikasi oldidagi tashqi qarzini hisobdan chiqarish toʻgʻrisida qabul qilingan qaror uchun alohida minnatdorlik bildirmoqchiman», — dedi u.

Qirgʻiziston prezidenti matbuot xizmati rahbari Dayirbek Orunbekov qarz miqdori 58,8 million dollarni tashkil etgani va u «yashil iqtisodiyot» loyihalarini amalga oshirish evaziga hisobdan chiqarilganini bildirdi.

Shu bilan birga, Qirgʻiziston prezidenti Sadir Japarov Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdoʻgʻonga 1-darajali «Manas» ordeni (respublikaning oliy davlat mukofoti)ni topshirdi.

Bundan tashqari, Rajab Toyyib Erdogʻanning Bishkek safari chogʻida Turkiya va Qirgʻiziston oʻrtasida 19 ta shartnoma imzolandi.

▪️ Oʻzaro munosabatlarni keng qamrovli strategik sheriklik darajasiga koʻtarish toʻgʻrisidagi qoʻshma deklaratsiya.

▪️ Xavfsizlik sohasida hamkorlik toʻgʻrisidagi bitim.

▪️ Hayvonlar salomatligi, hayvonlar va chorvachilik mahsulotlari savdosi sohasida hamkorlik toʻgʻrisidagi bitim.

▪️ Migratsiya sohasida hamkorlik memorandumi.

▪️ Qarzni engillashtirish va iqtisodiy-moliyaviy hamkorlik toʻgʻrisidagi bitim boʻyicha oʻzaro anglashuv memorandumi.

▪️ Mudofaa sanoati sohasida hamkorlik toʻgʻrisidagi bitim.

▪️ Energiya, energiya samaradorligi va energiya tejash sohasida hamkorlik memorandumi.

▪️ Audiovizual xizmatlarni birgalikda ishlab chiqarish boʻyicha kelishuv.

▪️ Organ transplantatsiyasi sohasida hamkorlik toʻgʻrisidagi protokol.

▪️ Bishkek shahrida Rajab Toyyib Erdogʻan nomidagi Qirgʻiziston-Turkiya davlat doʻstlik kasalxonasini ochish, birgalikda foydalanish va topshirish toʻgʻrisidagi kelishuv.

▪️ Qirgʻiziston fuqarolarining Turkiyada tibbiy va oʻrta maxsus taʻʻlim olishlari boʻyicha kelishuv.

▪️ Mahsulot xavfsizligi va bozorni tekshirish sohasida hamkorlik memorandumi.

▪️ Turkiya Respublikasi Milliy xavfsizlik kengashi va Qirgʻiziston Respublikasi Xavfsizlik kengashi oʻrtasida oʻzaro anglashuv memorandumi.

▪️ Xodimlarni boshqarish boshqarmasi hamda Qirgʻiziston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat xizmati va mahalliy davlat hokimiyati organlari oʻrtasida hamkorlik toʻgʻrisidagi oʻzaro anglashuv memorandumi.

▪️ Turkiya Respublikasi prezidenti huzuridagi Davlat arxivi va Qirgʻiziston Respublikasi Raqamli rivojlanish vazirligi oʻrtasida hamkorlik toʻgʻrisidagi bayonnoma.

▪️ Turkiya Respublikasi prezidenti huzuridagi Moliya boshqarmasi Prezidiumi va Qirgʻiziston Respublikasi Milliy banki oʻrtasida oʻzaro anglashuv memorandumi.

▪️ Kinolar faoliyatida kadrlar tayyorlash va ularning malakasini oshirish sohasida hamkorlik toʻgʻrisidagi bayonnoma.

▪️ Ikki tomonlama hamkorlik boʻyicha oʻzaro anglashuv memorandumi.

▪️ Turkiya va Qirgʻiziston oʻrtasida gidroelektr stantsiyalarini qurish va ulardan foydalanish loyihasini amalga oshirish boʻyicha doiraviy kelishuv.

Jumladan, 5 noyabrʻ kuni Turkiyaning İhlas Holding  xoldingi Bishkek bilan energetika sohasidagi 7 milliard dollarlik kelishuvga erishdi. Xolding Qirgʻizistonda energetika sohasida faoliyat yurituvchi Orta Asya Investment Holding Inc.’ning 30 foiz aktsiyalarini nominal narxda sotib oldi.

Mavzuga aloqador