12.05.2025 14:25
247
Turkiya Mubashshir Ahmadni Oʻzbekistonga topshirdi
2025 yilning 8 may kuni tongda Oʻrta Osiyo xalqlari “Azon” vaqfi vasiylar kengashi raisi, “Azon Global” axborot-tahliliy portali asoschisi, ustoz Mubashshir Ahmad (Alisher Tursunov) Turk politsiyasi tomonidan Istanbuldagi uyidan gumonlanuvchi sifatida olib ketilgan.
Advokatlarga bildirilgan soʻngi maъlumotga koʻra, surishtiruvdan soʻng Mubashshir Ahmad Istanbuldagi Deportatsiya markaziga oʻtkazilishi, ertasiga – 9 may kuni u erdan qoʻyib yuborilishi kerak edi.
Oʻtgan 4 kun davomida Immigratsiya boshqarmasi (Göç İdaresi) Mubashshir Ahmad domlaning qaerdaligi, sogʻligʻi va sud jarayoni haqida advokatlariga ham, yaqinlariga ham hech qanday maъlumot bermagan.
Turkiyalik advokat Ibrohim Erginning maъlum qilishicha, Mubashshir Ahmad Oʻzbekistonga deportatsiya qilingan.
Uni 9 may kuniyoq shoshilinch tarzda deportatsiya qilishmoqchi boʻlishgani, lekin jamoatchilik aralashuvi tufayli Edirnega joʻnatilgani bildirilmoqda.
«Edirnedagi Migratsiya idorasida razvedka nazorati ostida saqlangan, keyinchalik shanba kuni yana Istanbulga qaytarilgan. Bu orada u yuridik tizimdan chetlab oʻtilgan va noqonuniy tarzda Oʻzbekistonga topshirilgan», – deyiladi huquq himoyachisining bayonotida.
Advokat Ibrohim Erginga koʻra, xavfsiz joy istab, boshpana soʻrab kelgan insonni mamlakatiga qaytarib berib yuborish ham qonuniy, ham diniy va ham vijdoniy jihatdan joiz emas.
«Bu ish bilan tariximizga dogʻ boʻlib tushgan Boraltan koʻprigi fojeasi yana takrorlandi. Bu ishni qilganlar, albatta, jazolanishi kerak, mahkamalarda ham, vijdonlarda ham», deb yozdi Ibrohim Ergin X dagi sahifasida.