25.10.2024 12:28

Turkiya aeroportlarida xavfsizlik choralari kuchaytirildi

Anqaradagi qoʻporuvchilik harakatidan soʻng Turkiyadagi barcha aeroportlarda toʻq sariq rangli ogohlantirish eʻʻlon qilinib, xavfsizlik choralari kuchaytirildi. Oʻzbekistonning Istanbuldagi Bosh konsulxonasi mamlakat fuqarolarini Turkiyada joriy qilingan ehtiyot va xavfsizlik choralariga rioya qilishga chaqirdi.

Anqaradagi Turkiya aviatsiya va kosmik sanoati (TUSAŞ) obʻʻektlarida qoʻporuvchilik harakati sodir etilganidan soʻng mamlakat miqyosida ehtiyot va xavfsizlik choralari kuchaytirildi. Jumladan, barcha aeroportlarda terakt ehtimoli nazarda tutilgan holda toʻq sariq rangli ogohlantirish eʻʻlon qilindi.

Oʻzbekistonning Istanbuldagi Bosh konsulxonasi mamlakat fuqarolarini bir kun avval Anqaradagi teraktdan soʻng Turkiyada joriy qilingan ehtiyot va xavfsizlik choralariga rioya qilishga chaqirdi.

Oʻzbekistonliklardan jamoat joylarida, ayniqsa, aeroportlar, vokzallar, avtovokzallar, kema stantsiyalari, metro va boshqa jamoat transportlarida hushyorlikni oshirish soʻraldi.

Turkiyadan chiqib ketayotganlardan roʻyxatdan oʻtish boshlanishidan kamida bir soat oldin aeroportlarga etib kelish tavsiya etildi. Shubhali buyum yoki shaxslar toʻgʻrisida yaqin oradagi politsiya yoki xavfsizlikni taʻʻminlash boʻlimlariga (Özel güvenlik) murojaat qilish lozim.

Mavzuga aloqador