24.10.2024 10:29

Bir Qozonda sammit, bir Qozonda terakt

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdoʻgʻon BRIKS sammitida ishtirok etish uchun Rossiyaning Qozon shahriga ketganida, Anqaraning Qozon tumanida joylashgan TUSAŞ kompaniyasi zavodida qoʻporuvchilik harakati amalga oshirildi. Bu tasodifmi yoki Gʻarbning ogohlantirishi?

Kuni kecha ikkita Qozonda Turkiya hayoti uchun muhim boʻlgan ikki hodisa sodir boʻldi. Rossiya Federatsiyasi tarkibidagi Tatariston Respublikasi poytaxti Qozon shahrida BRIKS sammiti boʻlib oʻtdi. Unda Evropa Ittifoqiga aʻʻzolikdan umidi soʻngan Turkiya ham ishtirok etdi. Prezident Rajab Toyyib Erdoʻgʻon BRIKS maydonchalarida kollektiv Gʻarbga qarshi kuch sifatida tashkil etilgan BRIKSga aʻʻzo davlatlar rahbarlari bilan qator uchrashuvlar oʻtkazdi. Jumladan, RF prezidenti Vladimir Putin bilan muzokaralar boʻlib oʻtdi.

Qozon shahrida BRIKS sammiti davom etar ekan, Turkiyaning Anqara viloyati Qahramonqozon tumanida joylashgan Turkiya aviatsiya va kosmik sanoati (TUSAŞ) obʻʻektlarida qoʻporuvchilik harakati sodir etildi. Kurdiston ishchi partiyasi (PKK) aʻʻzolari taxmin qilinayotgan uch qoʻporuvchi – bir ayol va ikki erkak zavod kirish qismida avval portlash sodir etdi, soʻngra otishma uyushtirib, zavod ishchilarini asirga oldi.

Oʻtkazilgan maxsus amaliyot natijasida uch terrorchi yoʻq qilindi, biroq besh kishi – bir qoʻriqchi, uch nafar mutaxassis va ishchi hamda bir nafar taksi haydovchisi halok boʻldi, 22 kishi, jumladan, 7 nafar IIV maxsus kuchlari xodimi jarohatlandi.

Hodisadan koʻp oʻtmay Turkiya Qurolli kuchlari Iroq va Suriya shimolidagi PKK obʻʻektlariga zarbalar berishni boshladi. Milliy mudofaa vazirligi bir oqshomda 32 ta PKK obʻʻektiga zarbalar berilganini maʻʻlum qildi.

Anqaradagi qoʻporuvchilik harakati ortidan butun dunyodan etakchilar, jumladan Gʻarb mamlakatlari, xalqaro tashkilotlar rahbarlari hamdardlik bildirishni boshladi. Bu bayonotlarda qoʻporuvchilik harakati qattiq qoralanib, Turkiya davlati va xalqi yonida turishlari tilga olindi.

Shu bilan birga, ayrim mutaxassislar Turkiyaning BRIKSga aʻʻzo boʻlish istagi Gʻarbni gʻazablantirgani hamda aynan sammit oʻtkazilayotgan shaharga nomdosh hududda qoʻporuvchilik harakati sodir etilgani bejiz emasligini taʻʻkidlamoqda. Birinchilardan boʻlib bu oʻxshashlikka professor Huseyin Shayhanliogʻlu eʻʻtibor qaratdi:

“U [qoʻporuvchilik harakati] nihoyatda aniqlikda tayyorlangan. Bugun prezidentimiz Tataristonning Qozon shahrida. Bu joyning nomi ham Qozon. Bunday oʻxshashlikni koʻrib chiqish dahshatli narsa”, - deb yozdi u.

TUSAŞ zavodidagi portlash va otishmaning tasodif emasligi va Gʻarbning ogohlantirishi ekaniga Gʻarb matbuoti ham ishora qilishni boshladi. Jumladan, Germaniyaning Bild nashri NATO aʻʻzosi boʻlgan Turkiya Rossiya va Xitoy boshchiligidagi tashkilotga qoʻshilish istagi bilan Gʻarbni «gʻazablantirayotganini» taʻʻkidladi. Reuters esa Gʻarb Turkiya ustidan nazoratni saqlab qolish uchun “kuzir kartasi”dan foydalanganini tilga oldi.

Nima boʻlgan taqdirda ham, Turkiya dunyoning eng muhim geosiyosiy mintaqasida joylashgan. Barcha derjavalar koʻz tikkan bu davlatda minglab “uyqudagi yacheykalar” oʻz vaqtini kutib yotibdi. Ularning qoʻlidan ming turli qabihliklar keladi.

Bir tomondan bu oʻta xavfli holat, ikkinchi tomondan esa mamlakat va millat doim sergak, hushyor boʻlishni talab qiladi.

Dushmanlaring qancha kuchli boʻlsa, sen ulardan ham kuchliroq boʻlishga majbursan. Aks holda seni yanchib tashlashadi.

Sanjar Said  

Mavzuga aloqador