22.05.2024 09:41
Toshqinlar munosabati bilan Oʻzbekiston Afgʻonistonga insonparvarlik yordamini yubordi
Oʻzbekiston suv toshqinlaridan jabr koʻrgan Afgʻoniston xalqiga navbatdagi insonparvarlik yordamini yubordi. Yordam tarkibida chodirlar, shuningdek, un, guruch, konserva, makaron, yogʻ va boshqa mahsulotlar bor. Afgʻoniston shimolida may oyi boshida kuchli yomgʻirlar sababli suv toshqinlari yuz berib, yuzlab kishi halok boʻlgandi. Hodisadan eng koʻp Bagʻlon viloyati zarar koʻrgan.
Afgʻonistonda kuzatilgan kuchli sel-suv toshqinlarida zarar koʻrgan aholiga koʻmak koʻrsatish maqsadida Oʻzbekiston tomonidan navbatdagi insonparvarlik yordami yuborildi. Bu haqda Surxondaryo viloyati hokimligi axborot xizmati xabar berdi.
Afgʻoniston shimolida may oyi boshida kuchli yomgʻirlar sababli suv toshqinlari yuz berib, yuzlab kishi halok boʻlgandi. Hodisadan eng koʻp Bagʻlon viloyati zarar koʻrgan.
Yordam tarkibidan 48 tonna un, 22 tonna guruch, 100 ming dona konserva va 44 tonna makaron mahsulotlari, 25 ming litr oʻsimlik yogʻi, 100 ming dona tez tayyorlanadigan lagʻmon, shuningdek, 10 kishilik 100 ta maxsus qurilmali chodir va 1000 litrli 96 ta suv saqlash idishi oʻrin olgan.
Shu munosabat bilan Hayraton shahridagi Astras kompaniyasi hududida Oʻzbekiston prezidentining Afgʻoniston boʻyicha maxsus vakili Ismatulla Irgashev va Surxondaryo viloyati hokimining birinchi oʻrinbosari Sherzod Rajabov hamda Afgʻonistonning Balx viloyati rasmiylari ishtirokida insonparvarlik yordamini topshirish marosimi boʻlib oʻtdi.
Afgʻoniston tomoni vakillari yordam uchun oʻz minnatdorliklarini bildirdi, deyiladi xabarda.