Rossiyalik siyosatchining Oʻzbekistonni bosib olish taklifidan soʻng RF elchisi Oʻzbekiston TIVga chaqirildi
21 dekabrʻ kuni Tashqi ishlar vazirligiga Rossiyaning Oʻzbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi O.Malginov taklif etildi, deya xabar qildi TIV matbuot xizmati.
“Uchrashuv davomida Rossiya vakiliga “Rossiya segodnya” matbuot-markazida boʻlib oʻtgan anjumanda “Spravedlivaya Rossiya – za pravdu” partiyasi hamraisi Zaxar Prilepinning Oʻzbekiston hududini Rossiyaga qoʻshib olish zarurligi haqidagi taklifi mamlakatimizda chuqur tashvish hissi bilan qabul qilingani qatʻʻiy tarzda etkazildi”, - deyiladi xabarda.
RF kabi doʻst mamlakat partiya rahbarlarining bunday oʻylamay bildirayotgan munosabatlari, afsuski, Oʻzbekiston va Rossiya oʻrtasidagi har tomonlama strategik sheriklik va ittifoqchilik ruhiga mos kelmasligi maʻʻlum qilindi.
“Rossiya ommaviy axborot vositalarida keng tarqalgan bu kabi bayonotlar ataylab provokatsion ruhda boʻlib, xalqlarimiz oʻrtasida oʻrnatilgan tarixiy doʻstona munosabatlarga salbiy taʻʻsir koʻrsatishi mumkin”, - deyiladi TIV xabarida.
Oʻz navbatida, O.Margilov toʻliq masʻʻuliyat bilan Z. Prilepinning bayonotlari Rossiya rahbariyatining doʻst va mustaqil Oʻzbekiston toʻgʻrisidagi rasmiy pozitsiyasiga umuman aloqasi yoʻqligini taʻʻkidlagan.
RFning Oʻzbekistondagi vakili sifatida elchi "Oʻzbekiston Respublikasining suvereniteti, mustaqilligi va hududiy yaxlitligi uning mamlakatida hech qachon shubhaga olinmagan"ligini bildirgan.
Margilov, shuningdek, Rossiya Tashqi ishlar vazirligi yaqin vaqt ichida ushbu hodisa boʻyicha izoh berishni rejalashtirayotganini qayd etdi.
Eslatib oʻtamiz, avvalroq rossiyalik siyosatchi obiq SSSRga tegishli boʻlgan barcha hududlarni tiklash va uning aholisiga rus tilini oʻrgatish taklifi bilan chiqqan, misol sifatida Oʻzbekistonni qoʻshib olib, u erda rus tilini oʻrgatish kerakligini aytgandi.