29.08.2025 07:21
114

Sigaret, qimor, ichkilik va giyohvandlikka qaramlik sabab Turkiya iqtisodiyoti 78 mlrd dollar yoʻqotmoqda

Turkiyaning “Yashil yarimoy” jamiyati (Yeşilay) maъlumotlariga koʻra, tamaki, alkogol, qimor va giyohvandlikka qaramlik mamlakat iqtisodiyotiga yiliga taxminan 78 mlrd dollarga tushmoqda. Istanbulda oʻtkazilgan matbuot anjumanida taqdim etilgan hisobot qaramlikning moliyaviy va ijtimoiy oqibatlari haqida dahshatli maъlumotlarni taqdim etildi. Taъkidlanishicha, bu muammo nafaqat ayrim fuqarolarning sogʻligʻiga, balki oilaviy barqarorlik hamda davlat kelajagiga ham jiddiy xavf solmoqda. 


Katta yoʻqotishlar

“Qaramlik iqtisodiyoti: Turkiyada tamaki, alkogol, qimor va giyohvand moddalarning iqtisodiy qiymati” nomli hisobotda milliy iqtisodiyotga etkazilayotgan toʻgʻridan-toʻgʻri va bilvosita zararlar keltirilgan. Jumladan, Turkiya iqtisodiyotiga: 

tamaki — qariyb 24 mlrd dollar,
alkogol — 9 mlrd dollar,
giyohvand moddalar — 5 mlrd dollar,
qimorga tobeъlik ortidan 40 mlrd dollar zarar koʻryapti. 


Umumiy zarar hajmi 3,1 trillion turk lirasi deb baholanmoqda. Bu faqat moddalarni yoki xizmatlarni xarid qilish bilan cheklanib qolmay, sogʻliqni saqlash xarajatlari, mehnat unumdorligining pasayishi, avariyalar, jinoyatchilik va boshqa koʻplab salbiy omillarni ham oʻz ichiga oladi.

 
Hisobotda qaramlikning moliyaviydan tashqari oqibatlari ham alohida qayd etilgan. Birgina chekishdan kelib chiqadigan kasalliklarni davolash YaIMning 2,2 foiziga teng. 
Afsuski, soʻnggi 20 yilda aholi orasida sigaret isteъmoli 39 foizga ortib, yiliga 108 mlrd donadan 150 mlrd donaga etdi. 


Turkiyada yiliga 1,3 mlrd litr spirtli ichimlik isteъmol qilinadi — bu bevosita 5,5 mlrd dollar xarajatdir.  Yoʻl-transport hodisalarining 22 foizi mast holda boshqaruv tufayli sodir boʻladi va iqtisodiyotga 15 mlrd dollar zarar etkazadi. 


Qimor oʻyinlari (ayniqsa onlayn-kazino) esa eng xavfli illat sifatida qayd etildi. U nafaqat moliyaviy yoʻqotishlarga, balki oilalarning buzilishi, qarzdorlik, firibgarlik va jinoyatchilikning oshishiga olib kelmoqda.

Mavzuga aloqador