03.10.2024 15:36

Saudiya Arabistoni kompaniyasi Toshkent viloyatida farmatsevtika zavodi quradi

Saudiya Arabistonining Jamjoom Pharma kompaniyasi Toshkent viloyatidagi Tashkent Pharma Park klasteri hududida farmatsevtika zavodi quradi.

Oʻzbekiston Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati xabariga koʻra, yangi korxona toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiya kiritish sharti bilan quriladi va va 2025 yilning uchinchi choragida ishga tushirish rejalashtirilgan.

Oʻzbekiston bosh vazirining oʻrinbosari Jamshid Xoʻjaev boshchiligidagi delegatsiyaning Saudiyaga tashrifi davomida Jamjoom Pharma kompaniyasi raisi Mahmud Jamjum bilan muloqot oʻtkazilgan. Uchrashuv yakunlari boʻyicha mazkur loyiha boʻyicha hamkorlik shartnomasi imzolandi.

Shuningdek, kompaniya tomonidan ishlab chiqariladigan 30 turdagi dori vositalarini Oʻzbekiston hududida roʻyxatga olish bilan bogʻliq masalalar muhokama qilingan.

2024 yil yozida Saudiya Arabistoni kompaniyalari Fargʻona va Nurafshon shaharlarida zamonaviy shifoxonalar qurish, shuningdek, Oʻzbekistondagi onkologiya markazlarining hududiy filiallarida zamonaviy boshqaruv tizimini joriy etish rejalari haqida maʻʻlum qilgan edi.

Mavzuga aloqador