12.12.2024 20:05

Bashar Asadni agʻdargan Joʻloniy aslida kim?


Suriyada Asad oilasining 54 yillik diktaturasi tugab, hokimiyat qurolli muxolifat qoʻliga oʻtdi. Bashar Asad prezidentlikdan agʻdarilib, Rossiyaga qochib ketdi. Qamoqxonalardan minglab diniy va siyosiy mahbuslar ozod qilindi, tirik odamlar qabristoniga aylangan Damashq atrofidagi «Saidnayya» qamoqxonasining maxfiy boʻlinmalaridan haligacha mahbuslar topilmoqda. Turkiya va Livandan yurtiga qaytayotgan minglab suriyaliklarning quvonchlarini esa soʻz bilan ifodalab boʻlmaydi. 

Oʻz oʻrnida Asadlar rejimining zulmi, fuqarolik urushlari, Rossiya va AQSh singari bosqinchi mamlakatlarning Shomdagi qirgʻinlaridan aziyat chekkan suriyaliklarning bundan keyingi hayoti qanday boʻlishini ham oldindan aytish qiyin. Albatta, mavjud vaziyatda muxolifat rahbarlarining keyingi qadamlari ham Suriyada farovon hayotni tiklash uchun muhim ahamiyatga ega. Shu bois ham bugun biz Suriyada bor-yoʻgʻi 12 kun ichida hokimiyatni egallagan muxolifatchilarning koʻzga koʻringan etakchilaridan biri Abu Muhammad al-Joʻloniyning qarama-qarshi hayoti va fikrlariga eʻʻtibor qaratmoqchimiz.

Abu Muhammad al-Joʻloniy nomi bilan tanilgan Ahmad Husayn al-Sharʻʻa 1982 yilda Saudiya Arabistoni poytaxti Ar-Riyodda tugʻilgan. Joʻloniy 7 yoshligida uning oilasi Suriyaga koʻchib oʻtadi. Aslida ham ushbu oilaning kelib chiqishi Isroil tomonidan bosib olingan Joʻlon tepaliklariga borib taqalishi haqida maʻʻlumotlar mavjud. 

Uning otasi ham oʻz vaqtida Arab sotsialistik uygʻonish partiyasi (ASUP) hukmronligiga qarshi namoyishlarda ishtirok etgan. Shu bois turli taʻʻqiblardan qochgan oila boshpana izlab Iroqqa yoʻl olgan. 

Keyinchalik, 2021 yilda Joʻloniy amerikalik jurnalist Martin Smitga intervʻyu berarkan otasini yodga olib, uning mafkurasiga toʻliq qoʻshilmasa-da, ota va oʻgʻilning Falastinga boʻlgan muhabbati cheksizligini, Quddusni himoya qilish oliy maqsadi ekanini aytib oʻtgan. U yoshligida ham 2000 yildagi Ikkinchi Falastin intifadasidan taʻʻsirlanib, mudom falastinliklarni bosqinchilardan himoya qilish haqida xayollar surganini yashirmagan. 

"Al Jazira"ning qayd etishicha, Joʻloniy 18 yoshga toʻlganida Qurʻʻonni yaxshiroq oʻrganishga bel bogʻlaydi. U talabalik davrida Halabdagi masjidga qatnab, ustozi Mahmud Qul Agʻosiy xutbalarida muntazam qatnashadi.

2003 yilda Iroq AQSh tomonidan bosib olingach, ustozi uni bosqinchilarga qarshilik koʻrsatishga chaqiradi va bundan taʻʻsirlangan Joʻloniy Iroqning Mosul shahriga yoʻl oladi. Mosulda u "Al-Qoida" safida jang qilgani uchun, amerikaliklar tomonidan qoʻlga olinadi. 

Joʻloniyning keyingi hayoti Iroqdagi mashhur Abu Gʻrayb qamoqxonasida oʻtadi. Nihoyat u Bagʻdoddagi Kemp Kropper hibsxonasiga koʻchiriladi. Amerika harbiylari Joʻloniyni Iroq hukumatiga topshirgach, "Al-Qoida" aʻʻzosi 2 yildan soʻng ozodlikka chiqariladi.

Qamoqdan chiqqach, u Abu Bakr al-Bagʻdodiy boshchiligidagi IShID safiga qoʻshilib, oʻzining harbiy faoliyatini davom ettiradi va tezda jangari guruhning Mosuldagi asosiy etakchisiga aylanadi. 

2011 yilda Joʻloniy Suriya inqilobi boshlangani munosabati bilan Bagʻdodiyga murojaat bilan chiqadi va Suriyani boshqarishga rozi boʻladi. Bir yil ichida Joʻloniy Bashar Asad rejimiga qarshi 5 mingdan ortiq jangchini tarbiyalab, taʻʻsir doirasini kengaytiradi.

2012 yil 24 yanvarda u “Jabhat an-Nusra” (Nusra fronti) tuzilganini eʻʻlon qilib, suriyaliklarni hukumatga qarshi qoʻliga qurol olishga chaqiradi. 2013 yil 9 aprelga kelib, Bagʻdodiy IShID va “Jabhat an-Nusra” yangi tuzilmasi birlashganini eʻʻlon qiladi. Kutilmaganda Joʻloniy bu ittifoqni rad etib, "Al-Qoida" rahbariyatiga sodiq qolishini bildiradi. 

U 2016 yilgacha "Al-Qoida"ning Suriyadagi boʻlimi rahbari sifatida faoliyat yuritgan. Biroq keyinchalik
Joʻloniy "Al-Qoida"dan ham yuz oʻgirib, oʻzining guruhini tuzadi va 13 yillik fuqarolik urushidan soʻng Asadni hokimiyatdan agʻdargan muxolifatchilar etakchisi sifatida eʻʻtiborga tushdi.

Mafkura va qarashlari

Joʻloniy oʻzining birinchi yirik intervʻyusida takfir – musulmonlarni kofirga chiqarish amaliyotini qoʻllab-quvvatlamasligini taʻʻkidlagan. U birovni kofir deb eʻʻlon qilish uchun fatvo berishni Islom shariati boʻyicha din ulamolari va sud organlariga topshirish joizligini qoʻshimcha qiladi.

Shuningdek, Joʻloniy “Jabhat an-Nusra” Suriyada hokimiyatga intilmaganini, Asaddan keyin mamlakat Islomiy tamoyillar asosida  ulamolar va rahbarlar kengashi tomonidan boshqarilishi kerakligini bildirgan.

2021 yilda PBS telekanalidagi intervʻyusida Joʻloniy oʻzining IShIDdan ajralib chiqishiga sabab, jangari guruh aʻʻzolarining tinch aholiga munosabati va mojaroga yondashuvi sabab boʻlganini aytgandi. 

"Keyinchalik "Al-Qoida" rahbariyatining qoʻpol xatolari sabab men ular bilan aloqalarimni uzishga majbur boʻldim", degan Joʻloniy. 

Xalqaro qidiruvdagi terrorchilar roʻyxatiga kirishi

2013 yilda “Jabhat an-Nusra” tashkil etilgani va uning "Al-Qoida"ga sodiqligi ortidan AQSh Davlat departamenti al-Joʻloniyni global terrorchi deb tan oldi. 2013 yil may oyida AQSh hukumati uni global terrorchilar roʻyxatiga qoʻshib, aktivlarini muzlatib qoʻydi. Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik Kengashi ham unga qarshi sanktsiyalar, jumladan, sayohat cheklovlari va qurol embargosini joriy qildi.

Bundan tashqari, 2017 yilning may oyida AQSh Davlat departamenti Joʻloniyning shaxsini yoki joylashgan joyini aniqlashga yordam beradigan maʻʻlumot uchun 10 million dollargacha mukofot vaʻʻda qildi.

Ammo bir necha kun oldin Suriyadagi Bashar Asad rejimi qulatilganidan soʻng voqealar rivoji butunlay teskarisiga oʻzgarib ketdi.  

Gʻarb nashrlarida AQSh prezidenti Jo Bayden maʻʻmuriyati “Hayʻʻat Tahrir ash-Shom”ni xorijiy terrorchi tashkilotlar roʻyxatidan chiqarish imkoniyatlarini koʻrib chiqayotgani haqida xabarlar paydo boʻldi. NBC News'ning maʻʻlum qilishicha, guruhning terrorchilar roʻyxatidan olib tashlanishi “tez orada” amalga oshirilishi mumkin.

Qayd etilishicha, agar guruhdan terrorchilik maqomi olib tashlansa, guruh rahbari haqidagi maʻʻlumot uchun beriladigan oʻn million dollarlik mukofot ham bekor qilinadi.

Xulosa oʻrnida

Joʻloniyning hayoti turli ziddiyatlarga toʻla. Shunday boʻlsa-da, bugun u Suriyada vahshiyliklarga toʻla Bashar Assad rejimi tugatilishiga hissa qoʻshgani bilan tarixda nom qoldiryapti. Ayni paytda Joʻloniy hukumat tuzish va milliy yarashuvni amalga oshirishga vaʻʻda bermoqda. Balki kelgusida ushbu hukumat barcha siyosiy va etnik kuchlarning hamkorligiga erisha olar. Shundagina Suriyada barqarorlik taʻʻminlanishi mumkin. Aksincha boʻlsa, Suriya yangi mojarolar markaziga aylanishi mumkin, Alloh asrasin!

Mavzuga aloqador