29.10.2024 18:00

Ideal millat qanday boʻladi?

Ideal millat qanday boʻladi?


Qadimdan insonlar ideal jamiyat qurish orzusida yashab kelgani sir emas. Olimlar, mutafakkirlar va ziyolilar esa bunday jamiyat qanday boʻlishi kerakligi haqida fikr yuritishgan. 


Bundan ikki yarim ming yil avval yashagan yunon olimi Platonning “Respublika” nomli asari davlat tuzilishi, adolat tushunchasi va ideal jamiyat haqidagi fikrlar bayon qilingan dastlabki asarlardan biri hisoblanadi. 


Besh yuz yil avval ingliz yozuvchisi va faylasufi Tomas Mor kelajakdagi eng adolatli va ideal jamiyat haqidagi “Utopiya” asarini yozgan edi. Biroq shunga oʻxshash asarlar orasida Abu Nasr Forobiyning “Fozil odamlar shahri” kitobi maʻʻnolarga boyligi bilan ajralib turadi.


Abu Nasr Forobiyning “Fozil odamlar shahri” asari bundan ming yil avval davlat tuzilishi va ideal jamiyat haqida yozilgan muhim falsafiy manba hisoblanadi. Bu asarda Forobiy Platonning "Respublika" asaridan taʻʻsirlangan holda, oʻz davrining diniy va falsafiy anʻʻanalari bilan uygʻunlashgan ideal jamiyat va hukmdor haqidagi qarashlarini bayon qilgan.


Abu Nasr Forobiy fazilatli jamiyatning asoslari haqidagi yana bir muhim asari – "Millat haqida"gi kitobida ham ushbu fikrlarni davom ettiradi. 


Unda, Forobiy, dastlab "millat" tushunchasiga oydinlik kiritadi. Uning taʻʻkidlashicha, millat bu – jamiyatda millatning asoschisi boʻlgan eng birinchi rahbar tomonidan oʻrnatilgan mafkura va saʻʻy-harakatlardir. Millatni millat qiladigan narsa uning maʻʻlum qonun-qoida va qadriyatlarga asoslangan mafkurasi hamda amallaridir. Oʻsha millatga ergashganlarga esa (ular qabila-urugʻ, shahar va qishloq aholisi yoki butun bir xalq boʻlishi mumkin) jamiyat deyiladi.


Forobiy har qanday millatlar fazilatli, johil yoki zalolatda boʻlishi mumkinligini, millatning qanday boʻlishi esa asosan rahbarning maqsadiga bogʻliqligini tushuntiradi. 


Masalan, millatning mafkurasi va xulq-atvorini belgilab beruvchi eng avvalgi rahbar, yaʻʻni millatning asoschisi fozil boʻlsa, uning rahbarligi haqiqatan ham fazilatli boʻlsa, u belgilab bergan yoʻlga ergashgan xalq oliy saodatga erishadi. 


Biroq, shunday johil rahbarlar ham boʻladiki, u millat taqdirini belgilayotganda faqatgina oʻzining manfaatini, yaʻʻni sihat- salomatlik, boylik, aysh-ishrat, sharaf, shon-shuhrat, gʻalaba yoki shunga oʻxshash narsalarni qoʻlga kiritishni istaydi. Bundan faqat uning oʻzi yutadi, xalqni esa oʻz maqsadiga etishish va hokimiyatni oʻz qoʻlida saqlab qolish uchun foydalanadigan vositaga aylantiradi.


Yana shunday rahbarlar boʻladiki, ularning rahbarligi haqiqiy zalolat boʻladi. Bunda rahbar oʻzini fazilatli va dono deb oʻylaydi, aslida esa aksincha boʻladi. Achinarlisi, uning qoʻli ostidagi odamlar ham peshvosini shunday deb oʻylaydi va unga ishonadi. Ana shunday holatda, xalq zalolatdagi rahbar taqdim etayotgan, biroq aslida haqiqiy baxt-saodat boʻlmagan oqibatni oliy saodat deb oʻylab, unga etishishni istaydi. Bu esa xalqning adashuvi, yaʻʻni zalolatga ketishiga olib keladi. Bunday aldoqchi rahbarlar oʻz siyosatida xalqining oliy saodatga etishishini istaganday koʻrinadi, aslida esa ular xalq mashaqqatidan foydalangan holda dunyoviy rohat-farogʻatga erishishni oʻylashadi.


Shundan soʻng, Forobiy, fazilatli millatning asoschisi boʻlgan eng avvalgi rahbarning qanday boʻlishi kerakligi haqidagi fikrlarini bayon qiladi. Unga koʻra, eng avvalgi fozil rahbarning ishi Allohdan unga etkazilgan vahiyga mos boʻlgan hukmronlikni joriy qilishdir. 


Forobiy xulosa qilar ekan, har qanday davlat boshqaruvini yuritish va ideal jamiyatni barpo etish uchun xalqning fikrlari, eʻʻtiqodi va amallarini birlashtirib turuvchi millat mavjud boʻlishi zarur, deydi. Bunday millatsiz adolatli davlat boshqaruvini oʻrnatish yoki ideal jamiyatni qurish imkonsizdir. Chunki yagona millatgina xalq ichidagi boʻlinishlarni muvofiqlashtiradi, ularni oʻzaro bogʻlab, tartibga soladi. Yagona millat ostidagi xalqgina bir-birini qoʻllab-quvvatlab, koʻzlangan maqsadga, yaʻʻni, nihoiy baxtga etishadi.


Xoʻsh, siz yashayotgan jamiyatda insonlarni oliy saodatga erishish yoʻlida birlashtiruvchi, bir-biriga oʻzaro yordam berishga undovchi "millat" tushunchasi shakllanganmi? Millatning mafkurasi, asosiy qadriyatlari nimalardan iborat boʻlishi kerak, deb oʻylaysiz?


© Tarix va siyosat