19.06.2024 10:01

Qozogʻiston Ukraina boʻyicha tinchlik sammitiga bormagani sababini aytdi



Qozogʻiston xalqaro tadbirlar jadvali tigʻizligi sabab Shveytsariyada boʻlib oʻtgan tinchlik sammitida ishtirok etolmadi. Bu haqda mamlakat TIV vakili Oybek Smadiyarov Ostonadagi brifing chogʻida maʻʻlum qildi.

“Biz xalqaro tadbirlar jadvali tufayli ushbu sammitda ishtirok etolmadik. Shu bois, ushbu masalada hech nima deya olmaymiz, chunki u erda boʻlmadik”, – degan Smadiyarov rasmiy Ostonaning yakuniy deklaratsiyaga qoʻshilish imkoniyatlari haqidagi savolga javoban.

Maʻʻlumot uchun, Shveytsariyaning Byurgenstok shahrida boʻlib oʻtgan sammitda 90 dan ortiq davlat va toʻrtta tashkilot vakillari ishtirok etdi. Kommyunikeni 92 davlatdan 80 tasi imzoladi. Sammitda Xitoy va Rossiya vakillari ham qatnashmadi.

Avvalroq Smadiyarov matbuot anjumanida Ostona tinchlik sammitida mamlakatning "jadvali va xalqaro pozitsiyasini hisobga olgan holda ishtirok etish imkoniyatini koʻrib chiqishini" aytgandi.

“Qozogʻiston tarixan Ukraina va Rossiya bilan teng darajada yaqin siyosiy, iqtisodiy va madaniy-gumanitar aloqalarni saqlab kelgan. Biz har doim barcha mamlakatlarning suvereniteti va hududiy yaxlitligini saqlash, BMT Nizomi tamoyillariga rioya qilish pozitsiyasida turamiz. Shu nuqtai nazardan, Rossiya-Ukraina mojarosini tinch yoʻl bilan hal etish tarafdorimiz”, – deya qoʻshimcha qilgan TIV vakili.

Mavzuga aloqador