21.11.2024 09:17
Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Ozarbayjon va boshqa davlatlar fuqarolarini Ukrainani tark etishga chaqirdi
Bir qator davlatlar, jumladan, Qozogʻiston, Qirgʻiziston va Ozarbayjon oʻz fuqarolarini Ukrainani tark etishga chaqirdi. Ukraina Gʻarb taqdim etgan raketalardan Rossiya hududiga zarbalar berishni boshladi. Rossiya bunga javob berishga tayyorlanmoqda.
Bir qator davlatlar, jumladan, Qozogʻiston, Qirgʻiziston va Ozarbayjonning Kievdagi elchixonalari oʻz fuqarolariga Ukrainani tark etishni tavsiya qildi.
“Ukrainada artilleriya otishmalari va havo hujumlari koʻpayib borayotgani munosabati bilan, xavfsizlik maqsadida Qozogʻiston Respublikasining Ukrainadagi elchixonasi Qozogʻiston fuqarolariga faol harbiy harakatlar olib borilayotgan hududlarga yaqin hududlarni yoki Ukrainani tark etish haqida oʻylab koʻrishni tavsiya qiladi”, deyiladi Qozogʻiston diplomatik missiyasi xabarida.
Bundan tashqari, Qozogʻiston elchixonasi “barcha fuqarolarni havo hujumi haqidagi ogohlantirishni eʻʻtiborsiz qoldirmaslikka va zudlik bilan boshpana topish, oʻz xavfsizlik choralariga rioya qilishga va rasmiy hukumat tavsiyalariga amal qilishga” chaqirdi.
Qozogʻiston fuqarolariga Ukrainadan Qozogʻistonga ketish uchun quruqlikdan foydalanishlari mumkinligi: "Shengen" vizasi borlarga Polʻsha, vizasi yoʻqlarga Moldova orqali ketishlari mumkinligi maʻʻlum qilindi.
Ozarbayjon elchixonasi 20 va 21 noyabrʻ kunlari konsullik qabulini "xavfsizlikka tahdidlar ortishi haqidagi maʻʻlumotlarning tarqalishini hisobga olib” bekor qildi. Mamlakatda qolishni tanlagan fuqarolarga havo hujumi signallariga juda jiddiy eʻʻtibor berish va Ukraina rasmiylarining tavsiyalariga muvofiq harakat qilish tavsiya qilindi.
Qirgʻiziston elchixonasi ham xuddi shunday tavsiya bilan chiqdi. Oʻzbekistonning Ukrainadagi elchixonasi sayti va ijtimoiy tarmoqlariga oxirgi marta 18 noyabrʻ kuni xabar joylashtirilgan.
20 noyabrʻ kuni AQSh, Gretsiya, Ispaniya va Italiyaning Kievdagi elchixonalari ham Rossiya tomonidan amalga oshirilishi mumkin boʻlgan yirik raketa hujumi haqidagi maʻʻlumot tufayli vaqtincha yopilganini eʻʻlon qildi. Xodimlarga xavfsiz joylarda qolish tavsiya qilindi. Ukraina Tashqi ishlar vazirligi spikeri Georgiy Tixi hozirgi voqealarga izoh berdi.
"Agressor davlatdan oʻqqa tutilishi tahdidi, afsuski, ukrainaliklar uchun 1000 kundan ortiq vaqt davomida kundalik haqiqat boʻlib kelmoqda", - dedi tashqi ishlar vazirligi vakili. U xorijiy elchixonalarga vaziyatni keskinlashtirmaslikni, Ukrainaning barcha aholisiga hushyor boʻlishni va havo hujumi signallarini eʻʻtiborsiz qoldirmaslikni tavsiya qildi.
Eslatib oʻtamiz, AQSh, Britaniya va Frantsiya Ukrainaga uzoq masofaga uchuvchi raketalaridan Rossiya hududida zarba berishda foydalanishga ruxsat bergan edi. Keyinroq Ukraina Rossiyaning Bryansk va Kursk viloyatlariga ATACMS hamda Storm Shadow raketalaridan zarba bergani maʻʻlum boʻldi. Oʻz navbatida, Rossiya keng koʻlamli zarbalar berishga tayyorlanayotgani haqida xabar qilindi.