Qozogʻiston joriy yilda Rossiya gazini Oʻzbekiston va Qirgʻizistonga, Turkmaniston va Oʻzbekiston gazini esa Xitoyga etkazib berish hajmini oshirishni rejalashtirmoqda. Jumladan, oʻtgan yili Rossiyadan Oʻzbekistonga 1,28 mlrd kub metr gaz etkazib berilgan boʻlsa, bu yilda ushbu koʻrsatkichni 3,8 milliardga chiqarish koʻzda tutilgan.

Qozogʻiston joriy yilda Rossiya gazining Oʻzbekiston va Qirgʻizistonga tranzitini, shuningdek, Turkmaniston va Oʻzbekiston gazining Xitoy Xalq Respublikasiga tranzitini oshirishni rejalashtirmoqda. Bu haqda seshanba kuni hukumat yigʻilishida respublika energetika vaziri Almasadam Satkaliev maʻʻlum qildi.

“2023 yil oktyabrʻ oyida Rossiya gazining Oʻzbekiston Respublikasiga tranziti boshlandi. 2023 yilda 1,28 milliard kub metr tashilgan boʻlsa, joriy yilda biz bu koʻrsatkichni 3,8 milliard kub metrga etkazish va kelgusida yiliga 11 milliard kub metrgacha oshirishni rejalashtirmoqdamiz”, — deya Satkaliev soʻzlaridan iqtibos keltirdi vlast.kz sayti.

Vazirning taʻʻkidlashicha, Turkmaniston va Oʻzbekiston gazining Xitoyga tranziti ham “barqaror oʻsish”ni koʻrsatmoqda. Uning soʻzlariga koʻra, Qozogʻiston joriy yilda tranzitni 37,1 milliard kub metrga etkazishni rejalashtirmoqda, bu oʻtgan yilga nisbatan 1,5 milliard kub metrga koʻpdir.

Hozirda Rossiya gazini Qozogʻiston orqali Qirgʻizistonga tranzit yoʻli bilan etkazib berish masalasi koʻrib chiqilmoqda”, — deya qoʻshimcha qildi u.

Mavzuga aloqador