Qirgʻiziston Moskvaning bayonotlaridan norozi
Qirgʻiziston Rossiya IIV rasmiy vakilining rus politsiyasi Moskvada qirgʻiz diplomati uyiga bostirib kirganini rad etgan bayonotiga norozilik bildirdi. Qirgʻiz tomoni politsiyachilar koʻkrak kameralari yozuvlari hamda Rossiya TIVga taqdim etilgan fotosuratlarni tezkorlik va xolislik bilan oʻrgangan holda xizmat tekshiruvi oʻtkazilishini soʻradi.
Qirgʻiziston
Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati Rossiya Tashqi ishlar vazirligi rasmiy
vakili Mariya Zaxarovaning diplomatik maqomi daxlsizligini va RFning Diplomatik
munosabatlar toʻgʻrisidagi Vena konventsiyasiga sodiqligini tasdiqlagan sharhidan
mamnunligini bildirdi.
Biroq Qirgʻiziston TIV Rossiya Ichki ishlar vazirligi vakili Irina Volkning
bayonotlarini tanqid qildi.
"Rossiya Federatsiyasi Ichki ishlar vazirligining rasmiy
vakili Irina Volkning xizmat
tekshiruvi yakunlanmasdan va boʻlib oʻtgan hodisaning barcha tafsilotlari aniqlanmasdan
turib politsiyachilarning Qirgʻiziston elchixonasi diplomatining kvartirasiga
kirmagani, unda yashovchilarga jismoniy va ruhiy taʻʻsir oʻtkazmagani toʻgʻrisidagi
axboroti mazmuni muayyan savollarni tugʻdiradi. Shunday qilib, mazkur xabarga
suyanilsa, oʻz xonadonining ichida boʻlgan jabrlangan bolali ayolning oʻzi aybdor
boʻlib chiqadi. Bu sogʻlom mantiqqa zid keladi. Xizmat tekshiruvi politsiyachilarning
oʻzlaridagi koʻkrak kamerasi yozuvlari hamda Qirgʻiziston elchixonasi tomonidan RF
TIVga taqdim etilgan fotomateriallarni hisobga olgan holda tezkor, xolis va
kompleks tarzda oʻtkazilishini kutib qolamiz”, - deyiladi Qirgʻiziston TIV
xabarida.
Avvalroq Irina
Volk profilaktika bosqichi doirasida politsiya xodimlari turar-joy
sektoriga tashrif buyurganini maʻʻlum qilgan edi. IIV vakilining soʻzlariga koʻra,
tekshiruv vaqtida Nijegorodskaya koʻchasidagi xonadonlardan birida yashovchi fuqaro
chet el konsulligi xodimining rafiqasi ekanligini aytib, politsiyaga hech qanday
hujjat taqdim etishdan bosh tortgan.
Volk,
shuningdek, politsiya "kvartiraga kirmagani va unda yashovchilarga jismoniy yoki ruhiy
bosim oʻtkazmaganini" taʻʻkidladi. Uning soʻzlariga koʻra, IIV xodimlari diplomat oilasining ushbu manzilda
yashashi haqida hech qanday maʻʻlumotga ega boʻlmagan.
Volkning qoʻshimcha qilishicha, politsiyaning xatti-harakatlari
yuzasidan kelib tushgan shikoyat yuzasidan hozirda ichki tekshiruv oʻtkazilmoqda.