26.04.2024 08:25

Qirgʻiziston Armaniston ishgʻolidan ozod qilingan qishloqda maktab quradi

Qirgʻiziston Ozarbayjonning Armaniston ishgʻolidan ozod qilingan Agdam tumani Xidirli qishlogʻida oʻz hisobidan maktab quradi. Sadir Japarov va Ilhom Aliev birgalikda ushbu maktabning tamal toshini qoʻydi. Davlat rahbarlari Agdam shahrining qayta tiklangan tarixiy Juma masjidining ochilish marosimida ham ishtirok etishdi.

Qirgʻiziston prezidenti Sadir Japarovning Ozarbayjonga rasmiy tashrifi doirasida Armaniston ishgʻolidan ozod qilingan Fuzuliy va Agdam tumanlarida boʻldi.

Agdam tumanidagi Xidirli qishlogʻida Qirgʻiziston hisobidan qurilishi rejalashtirilayotgan umumtaʻʻlim maktabiga tamal toshi qoʻyish marosimi boʻlib oʻtdi.

Prezidentlar Fuzulidagi armanlar ishgʻoli davridagi vayronalarni koʻzdan kechirdi. Ularga bu erda amalga oshirilayotgan restavratsiya va rekonstruktsiya ishlari haqida maʻʻlumot berildi.

Soʻngra Aliev va Japarov Agdam shahriga borib, u erdagi tarixiy obidalarni ziyorat qilishdi, rekonstruktsiya va restavratsiya ishlari bilan tanishishdi. Davlat rahbarlari Agdam shahrining qayta tiklangan tarixiy Juma masjidining ochilish marosimida ishtirok etishdi.

Aliev va Japarov Agdamning Xidirli qishlogʻida boʻlib, Qirgʻiziston tomonidan quriladigan maktab poydevoriga birinchi toshni qoʻyishdi.

Qayd etilishicha, Xidirli qishlogʻida umumtaʻʻlim maktabi qurish uchun 2,7 gektar maydon ajratilgan. Ikkita er usti va er osti qavatidan iborat boʻladigan binoda 22 ta sinf xonasi boʻladi. Shuningdek, maktabda sport va majlislar zali, 2 mehnat xonasi, kutubxona, fizika-kimyo va biologiya laboratoriyalari, 2 informatika xonasi, boshlangʻich harbiy tayyorgarlik xonasi boʻladi. Maktab hududiga sport maydonchasi, doʻkoncha, oʻrindiqlar oʻrnatilib, qozonxona quriladi. Qurilish ishlari 2024 yil oxirigacha yakunlanishi rejalashtirilgan.

Eslatib oʻtamiz, Fuzuliydagi qurilish-tiklash jarayoniga Oʻzbekiston ham oʻz hissasini qoʻshgan. Jumladan, shaharda Oʻzbekiston tomonidan qurilgan 1-umumtaʻʻlim maktabi «Qorabogʻning tiklanishida xorijiy davlatning ilk sovgʻasi" boʻlgan.

 

Mavzuga aloqador