18 avgust kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin ikki kunlik davlat tashrifi bilan Bokuga keldi. Bu haqda RF va Ozarbayjon prezidentlarining matbuot xizmatlari xabar berdi.

Oʻsha kuni kechqurun Ozarbayjon prezidenti Ilhom Alievning qarorgohida Rossiya rahbari bilan norasmiy kechki ovqat boʻlib oʻtdi. “RIA Novosti”ning yozishicha, siyosatchilar bir-birini quchoqlab, iliq salomlashgan. Putin Ozarbayjonning birinchi xonimi Mehribon Alievaga gul topshirgan.

Tashrif dasturiga Putin va Aliev oʻrtasidagi muzokaralar kiritilgan. “Prezidentlar mintaqaviy va xalqaro siyosatning dolzarb masalalari, xususan, Ozarbayjon-Armaniston kelishuvi mavzusi boʻyicha fikr almashadilar”, — deyiladi Kremlʻ xabarida. Shuningdek, Rossiya-Ozarbayjon munosabatlarini rivojlantirish istiqbollari ham muhokama qilinadi.

Tashrif yakunlari boʻyicha davlat rahbarlarining Qoʻshma bayonoti qabul qilinishi va qator hujjatlar imzolanishi rejalashtirilgan.

Bu Putinning 2018 yil sentyabridan beri Bokuga ilk tashrifi. Liderlarning soʻnggi uchrashuvi 2024 yil aprelida Moskvada boʻlib oʻtgan.

2024 yil boshidan buyon Putin Oʻzbekiston, Shimoliy Koreya va Vʻetnamga davlat tashriflarini amalga oshirdi, shuningdek, Xitoy, Belarus va Qozogʻistonga amaliy tashriflar bilan bordi.

Mavzuga aloqador