06.06.2024 16:15

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev Anqara shahriga rasmiy tashrif doirasida “Turkish Aerospace Industries Inc.” kompaniyasi faoliyati bilan tanishdi.

Davlatimiz rahbariga kompaniya mahsulotlari namunalari, ishlab chiqarish jarayoni va xorijiy mamlakatlar bilan ilmiy hamkorlik natijalari taqdimot qilindi.
1984 yilda tashkil etilgan kompaniya turgʻun va aylanma qanotli havo texnikasi, uchuvchisiz uchish qurilmalari va sunʻʻiy yoʻldoshlarni loyihalashtirish, ishlab chiqish, modernizatsiya qilish, ishlab chiqarish va aerokosmik tizimlarni integratsiyalash sohalarida Turkiyaning etakchi texnologiya markazidir.
2023 yilda “Turkish Aerospace Industries Inc.” dunyodagi eng yirik 100 ta mudofaa kompaniyalari roʻyxatiga kirdi. Korxonaning yillik daromadi 1,5 milliard dollarni tashkil etadi.
Kompaniyada 15 mingdan ziyod xodim, shu jumladan 7 mingga yaqin muhandislar, 6,5 mingdan ortiq texniklar va boshqa ishchilar mehnat qiladi.
Tashrif davomida Oʻzbekiston Prezidentiga Turkiya mudofaa sanoatining keng turdagi qurol-yarogʻ va harbiy texnikani ishlab chiqish va ishlab chiqarishga ixtisoslashgan boshqa korxonalari faoliyati ham taqdimot qilindi.
Aviatsiya texnikasining namoyish parvozlari ham oʻtkazildi.

Mavzuga aloqador