05.06.2025 15:12
143
Oʻzbekiston Afgʻonistonga 183 tonna insonparvarlik yordami joʻnatdi
Oʻzbekiston Qurbon hayiti bayrami munosabati bilan Afgʻoniston aholisiga joʻnatgan 183 tonna oziq-ovqat mahsuloti Balx viloyatiga etkazildi.
Insonparvarlik yuklari Hayraton shahridagi "Astras" kompaniyasi hududida Oʻzbekiston prezidentining Afgʻoniston boʻyicha maxsus vakili Ismatilla Irgashev, Surxondaryo viloyati hokimi Ulugʻbek Qosimov hamda Balx viloyati gubernatorining oʻrinbosari Nurulhodi Abuidris, shuningdek, ikki tomon rasmiylari ishtirokida topshirilgan.
Insonparvarlik yordami tarkibidan un, guruch, shakar, makaron va qandolat mahsulotlari, oʻsimlik yogʻi, tez tayyorlanadigan taomlar, qizil loviya va mosh oʻrin olgan.
Afgʻoniston rasmiylari Oʻzbekiston prezidenti va xalqiga koʻrsatayotgan insonparvarlik yordami uchun minnatdorlik bildirib, Qurbon hayiti munosabati bilan samimiy tabriklarini yoʻllashgan.