21.02.2025 11:06
Mubashshir Ahmad haqida notoʻgʻri axborot tarqatgan IIV xatosini tan oldi
Oldinroq, “Azon” loyihalari va “Azon Global”axbort-tahliliy portali asoschisi, Turkiyadagi Oʻrta Osiyo xalqlari “Azon” vaqfi Vasiylar kengashi raisi Ustoz Mubashshir Ahmad (Alisher Tursunov) haqida ijtimoiy tarmoqlardagi oʻta ogʻir jinoyatlarda ayblanib, qidiruvga berilgani haqidagi xabarlar tarqalgandi.
Shundan soʻng, “VERUM LAW FIRM” advokatlik firmasi huquqshunoslari Ustoz Mubashshir Ahmadning oʻta ogʻir jinoyatda ayblanayotgani haqidagi xabarlar asossizligi toʻgʻrisida bayonot berdi.
Nihoyat, Ustoz haqida bu kabi asossiz xabarlar tarqatilishiga sabab boʻlgan IIV matbuot kotibi Shohrux Gʻiyosov ham xatosini tan oldi.
Uning aytishicha, Mubashshir Ahmad Jinoyat kodeksining 244-2-moddada nazarda tutilgan jinoyatda gumonlanmayotgani, axborot tarqatishda texnik xatolikka yoʻl qoʻyilgan.
"Aniqlanishicha, Toshkent shahar Shayxontohur tumani IIB Tergov boʻlimi tomonidan 2023 yil 11 avgustda 1974 yilda tugʻilgan fuqaro Alisher Tursunov (taxallusi Mubashshir Ahmad)ga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 244-3-moddasi (Diniy mazmundagi materiallarni qonunga xilof ravishda tayyorlash, saqlash, olib kirish yoki tarqatish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan", deyiladi bu haqdagi tushuntirishda.