Prezident Shavkat Mirziyoev Qurbon hayiti munosabati bilan Oʻzbekiston xalqiga tabrik yoʻlladi.

"Muhtaram vatandoshlar! Siz, azizlarni, butun xalqimizni tinchlik, mehr-oqibat va hamjihatlik fazilatlaridan tobora obod va munavvar boʻlayotgan yurtimizga kirib kelgan Qurbon hayiti bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman. Ushbu saodatli damlarda barchamiz bu ulugʻ ayyomning ruhi va shukuhini chuqur his etib, el-yurtimiz bilan birgalikda shunday yorugʻ kunlarga etkazgani uchun Yaratganga cheksiz shukronalar aytamiz", deyiladi tabrik soʻzi boshida.

Prezident shu kunlarda Haj ziyorati safarida boʻlgan 15 ming nafar oʻzbekistonlikni ham tilga oldi.

"Pok niyatlar ijobat boʻladigan mana shunday ilohiy lahzalarda ularning barchasiga chin dildan haj ibodatlarini toʻliq ado etib, yurtimizga sogʻ-omon qaytib kelishlarini tilaymiz", degan Mirziyoev.

Shu bilan birga, u xorijiy ellarda boʻlib turgan vatandoshlarni ham samimiy tabrikladi. Jahonning turli mintaqalarida davom etayotgan urush va janjallar tezroq barham topishini, Er yuzida doimo tinchlik va osoyishtalik barqaror boʻlishini tilagan.

"Barchamiz hamjihat boʻlib, boshlagan islohotlarimizni yanada qatʻʻiy davom ettirsak, bu ulugʻ maqsadga soʻzsiz etamiz. Farzandlarimizni albatta bilimli, hunarli, odobli insonlar, chinakam vatanparvar avlod etib voyaga etkazamiz. Shu yoʻlda barchamizga baxt va omad yor boʻlsin! El-yurtimizni Yaratganning oʻzi panohida asrasin!

Siz, azizlarni muqaddas Qurbon hayiti bilan yana bir bor tabriklab, barchangizga sihat-salomatlik, xonadonlaringizga tinchlik-xotirjamlik, fayzu baraka tilayman. Ulugʻ ayyom barchamizga muborak boʻlsin!" deyiladi tabrik yakunida.

Mavzuga aloqador