23.09.2024 18:00

Deizmga koʻra yaratguvchi mulkiga boshqalarning sherik qilinishiga izn beradimi?

Bu – deizm haqidagi oltinchi darsimiz. Oldingi darsimizda tahlilimiz neʻʻmat yuzasidan boʻlgandi. Mazkur darsda molikiyat mavzusini tahlil qilamiz. Suhbatdoshimiz – yana bir deist. Unga yuzlanamiz:

– Sening katta mulking boʻlsa, u bilan sarvating va ulugʻligingni koʻrsatmoqchi boʻlsang va koʻrsatsang. Mulkingda ijarachilaring ham boʻlsa... Hamma narsa seniki boʻlgani va badavlatliging, baland martabangni koʻrsatib turgani holda, odamlar mulkingni boshqasiga oid deb bilsa va oʻzaro bunday gaplashishsa: “Bu er Ahmadniki, bunisi Mahmudniki, anavi joy Aliniki, manavinisi Valiniki...” Odamlar shu tarzda ijarachilaringni mulkingga sherik qilishsa, ularga: “Ey aholi! Bu mulk butunlay menga oid. Mening davlatim. Sizlar joy egasi deb gumon qilayotgan kishilar ijarachilarim. Mulkimda menga sherik yoʻq”, demaysanmi?

Albatta shu va shunga oʻxshagan soʻzlarni aytasan, mulking taqsimotiga rozi boʻlmaysan. Endi yana bir savol beramiz:

– Sen boyligim va eʻʻtiborimga xalal etkazadi deya, mulking taqsimotiga koʻnmaganing holda, zarralardan atomlargacha butun borliqning haqiqiy egasi boʻlgan Alloh mulkiga boshqalarning sherik qilinishiga rozi boʻladimi? Mulkining boshqalarniki deb gumon qilinishiga izn beradimi? Buyukligi va azamati bunga imkon beradimi?

Albatta izn bermaydi va rozi boʻlmaydi. Modom Alloh butun mulk oʻziga oidligining bilinishini istarkan, paygʻambarlar yuboradi va kitoblar tushiradi. Toki biz mulkning yagona sohibi sifatida Uni bilaylik. Agar paygʻambarlar boʻlmasa, adashib qolamiz, Alloh va yaratiqlari oʻrtasida Uning mulkini taqsimlab qoʻyishimiz mumkin.

Paygʻambar yuborilmagan yoki yuborilsa ham, paygʻambarining soʻziga quloq solmagan qavmlarga qara. Bir qismi ateist boʻlib, Allohning mulkiga tasodiflar, sabablar va tabiatni sherik qiladi. Boshqa qismi esa botil ilohlar topib olgan. Ular, masalan, bunday deyishadi: “Osmon Zevsga tegishli, uning nazorati ostida. Dengizlarni Poseydon idora qiladi...” Bu kabi yana koʻp gaplarni aytishadi va Allohning mulkini boshqalar oʻrtasida taqsimlashadi.

Alloh taolo butun mulkning yagona sohibi ekanini bildirish uchun paygʻambar yubordi, kitoblar tushirdi va bunday ogohlantirdi: “Ey qullarim, butun mulk Menga oid. Mulkimda sherigim yoʻq. Zarradan tortib quyoshgacha butun borliq Menga tegishli. Zinhor mulkimda menga sherik qoʻshmang, mulkimni Men bilan ular oʻrtasida taqsimlamangki, bu buyukligim va azamatimga yarashmaydi”.

Paygʻambarlarning yuborilishi shu jihatdan zaruriy va bu Allohning yagonaligi kabi aniqdir.