Ashxobod aeroportida rus tilini bilmagan yoshlar qaytarib yuborilmoqda
Ashxobod aeroportida rus tilidagi savollarni tushunmagan va javob bera olmagan yoʻlovchilar, asosan yoshlar, barcha hujjatlari joyida boʻlishiga qaramasdan, qaytarib yuborilmoqda. Yoshlarni reyslarga chiqarmaslik holati Turkiyaga parvozlarda ham kuzatilmoqda.
Turkmaniston
poytaxti Ashxobod aeroportida Migratsiya xizmati Rossiyaga uchayotgan yoʻlovchilar,
asosan yoshlarga rus tilida savol berib, tushunmagan va javob bera olmaganlarni,
barcha hujjatlari joyida boʻlishiga qaramasdan, qaytarib yubormoqda.
turkmen.news
manbalariga koʻra, 27 avgust kuni olti nafar yoshga Moskvaga uchuvchi samolyotga
chiqishga ruxsat berilmagan. Rad etish sababi tushuntirilmagan. Manbalardan
olingan maʻʻlumotlarga koʻra, «yuqoridan» qandaydir buyruq bor - yoshlarni Rossiyaga
hech qanday yoʻl bilan kiritmaslik, ular Ukrainaga jang qilish uchun ketishi yoki
Rossiyada noqonuniy ishlash uchun qolishi mumkinligidan qoʻrqishmoqda.
Xuddi
shunday holat Turkiyaga parvozlarda ham kuzatilmoqda. «Xroniki Turkmenistana» maʻʻlumotlariga
koʻra, 28 avgust kuni 60 ga yaqin odam migratsiya xizmati pasport nazoratidan oʻtkazmagani
uchun Istanbulga ucha olmagan.
Soʻnggi
yillarda Turkmaniston hukumati fuqarolarning chet elga chiqish qoidalarini
sezilarli darajada qattiqlashtirdi, bir qator yangi talablar paydo boʻldi.
Jumladan, Rossiyaga safar qilish uchun endilikda nafaqat taʻʻlim muassasasidan
taklifnoma va harbiy muassasa (“voenkomat”)dan maʻʻlumotnoma, balki rus tili
kurslarini tugatganligini tasdiqlovchi oʻquv markazlaridan birining sertifikati
ham kerak.
Biroq odamlar kurslarni tamomlamay turib, 1500 manatga
(taxminan 75 dollar) sertifikat sotib olib, tizimni chetlab oʻta boshlagan. Natijada aeroportlarda sertifikati boʻlganlarga ham
rus tilida savollar berish boshlangan.
“Migratsiya
xizmati xodimlari rus tilida savollar berishdi, yoʻlovchilar esa ularga javob
berishlari kerak edi, - dedi yaqinda Ashxoboddan Moskvaga uchib kelgan manba. - Savollarni
tushunmagan yoki javob bera olmaganlar qaytarib yuborildi".