09.04.2024 13:27

Isroil Turkiyaning eksportni cheklashiga javoban AQShdan sarmoyalarni toʻxtatishni soʻradi

Turkiyaning Isroilga 54 turdagi mahsulotlar eksportini taqiqlagani ortidan Tel-Aviv AQShdan turk iqtisodiyotiga sarmoyalar kiritishni toʻxtatishni soʻradi. Shuningdek, “Turkiya iqtisodiyotiga zarar keltiradigan parallel choralar koʻrish”ga vaʻʻda berdi.

Tashqi ishlar vaziri Israel Kats AQShdan Turkiyaning Isroilga 54 turdagi mahsulotlar eksportini taqiqlagani uchun chora koʻrishni soʻradi. U Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdoʻgʻanni HAMAS uchun Turkiya iqtisodiy manfaatlarini qurbon qilganlikda ayblab, AQSh Kongressidan Turkiyaga qarshi sanktsiyalar joriy etishni soʻradi.

“Erdgʻan Gʻazo sektorida ayollar, qizlar, kattalar, goʻdak va bolalarning jasadlarini zoʻrlagan, oʻldirgan va tahqirlagan HAMAS qotillarini qoʻllab-quvvatlash uchun Turkiya xalqining iqtisodiy manfaatlarini yana bir bor qurbon qilmoqda. Isroil zoʻravonlik va tovlamachilikka boʻysunmaydi, savdo kelishuvlarining bir tomonlama buzilishiga toqat qilmaydi va Turkiyaga qarshi Turkiya iqtisodiyotiga zarar keltiradigan parallelʻ choralar koʻradi”, - dedi Isroil TIV rahbari.

Shuningdek, u Isroil Turkiya eksportiga toʻsqinlik qiladigan boshqa mahsulotlar roʻyxatini tayyorlash, shuningdek, AQShdagi tashkilotlar bilan bogʻlanish, Turkiyaga sarmoya kiritishni toʻxtatish va “doʻstlari”ga Amerikaga Turkiya mahsulotlari olib kirilishiga chek qoʻyishni buyurganini aytdi.

 “Kongress boykot qonunlarining buzilishini koʻrib chiqadi va Turkiyaga nisbatan tegishli sanktsiyalar qoʻyadi”, — dedi u.

Oʻz navbatida, bir necha kun muqaddam Turkiyaning Istanbul shahrida Isroil bilan savdo-sotiqni tugatishni talab qilib namoyishga chiqqan 43 kishi zoʻravonlik bilan qoʻlga olindi. Namoyish “Falastin uchun Ming yosh” harakati tomonidan uyushtirilgan edi.

Ichki ishlar vaziri Ali Erlikayaning aytishicha, qoʻlga olingan fuqarolar rasmiylarni haqorat qilgan va xavfsizlik kuchlariga qarshilik koʻrsatgan. Ulardan 38 nafari shaxsi tekshirilgandan soʻng qoʻyib yuborilgan, 5 nafaridan esa koʻrsatmalar olingan va sud jarayonlari oʻtkazilgan.

Bundan tashqari, namoyishchilarga nisbatan zoʻravonlik qoʻllagan ikki politsiyachi ishdan chetlatilgan.

Eslatib oʻtamiz, avvalroq Turkiya Savdo vazirligi 2024 yil 9 apreldan boshlab Isroilga ayrim tovarlar eksportini cheklashga qaror qilgani haqida xabar bergan edi.

Vazirlikning qayd etishicha, cheklovlar Isroil Gʻazo sektorida zudlik bilan oʻt ochishni toʻxtatishni eʻʻlon qilmaguncha va Falastin anklaviga etarli va uzluksiz yordam koʻrsatishga ruxsat bermaguncha kuchda qoladi.

Eksporti taqiqlangan mahsulotlar roʻyxatiga tsement, beton aralashtirgichlar, temir va poʻlat qurilish ashyolari, temir, alyumin sim va kabellar, ekskvator va kranlar, qurilish texnikalari, aviatsiya benzini va reaktiv yonilgʻi,  motor va gadravlika moylari, yoqilgʻi moylash mahsulotlari, metalga ishlov berishda qoʻllaniluvchi kimyoviy mahsulotlar, lak va boʻyoqlar hamda boshqalar kiritilgan.

 

Mavzuga aloqador