25.07.2024 18:00

Hijob kiygan «erkak» sabab, hijob taʻʻqiqlanadimi? (video)

Toshkentning Qoʻyliq bozorida ziyrak PPX xodimlari tomonidan ayol kishining kiyimini kiyib olgan erkak kishi ushlandi.

Dunyoviy qonunchiligimizga koʻra ayollarning erkaklar kiyimini kiyishi va erkaklarning ayollarning kiyimini kiyishi taqiqlanmagani maʻʻlum. Aksincha, teatr va kinolar erkaklarning ayollar kiyimini kiyishi, koʻchada esa ayollarning erkak kiyimini kiyib, yoki deyarli kiyim kiymay yurishi bugun tabiiy holga aylangan.

Biroq, qoʻshtirnoq ichidagi aybdorning qaysi aybi ziyrak xodimlarning eʻʻtiborini tortgani hozircha bizga qorongʻu. Umuman olganda, bugungi kunda jamoat joylarida yuzni tanimaydigan darajada toʻsib yurish qoidabuzarlik deb hisoblansa, aslida ayollarning deyarli aksari, tanib boʻlmaydigan darajadagi makiyaj uchun, qoidabuzar deb topilgan boʻlishi kerak edi. Lekin, ziyrak xodimlarimiz bu qadar ziyrak emas yoxud muammo yuzning tanilishida ham emas.

Bugun jamiyatdagi islomofoblar tomonidan hijobga qarshi harakatlar boshlangan davrda, maʻʻsuma oʻzbek qizlarining libosiga berkingan erkak kishining «topilishi» alohida ahamiyatga oid keys hisoblanadi. Voqealar rivoji xuddi hujraning sovuqligi uchun Qurʻʻoni karimni oʻrgatishni butkul taqiqlash yoʻlidan ketib, bitta laʻʻnati* erkak kishining hijoblangani uchun hijobni taqiqlash stsenariysi oʻynaladimi yoki erkakni bu laʻʻnati ishdan qaytarib, ayollarning ayollar libosini kiyib yurishiga qoʻyib beriladimi, hozircha nomaʻʻlum.

Ziyrak PPX xodimlari, garchi dunyoviy qonunchilikda biror narsa deyilmagan boʻlsada, ushbu ishlari bilan oxirat oʻlchovida savob olganini umid qilishimiz mumkin. Zero, ayol kishining libosini kiygani inson Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hadislariga binoan laʻʻnati inson hisoblanadi. Hoziroq bu ishni tark qilmasa oxirati oʻta ayanchli boʻladi.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam ayollarga oʻxshab libos kiygan erkakni va erkaklarga oʻxshab libos kiygan ayolni laʻʻnatladilar».

Bizni yaratgan, Ulugʻ hikmat egasi boʻlgan Alloh taolo libos haqida: «Ey Nabiy, juftlaringga, qizlaringga va moʻminlarning ayollariga ayt: jilboblarini oʻzlariga yaqin qilsinlar. Ana oʻsha ularning tanilmoqlari va ozorga uchramasliklari uchun yaqinroqdir. Alloh oʻta magʻfiratli va rahmli zotdir», degan (Ahzob, 59).

Maʻʻlumki, sogʻlom eʻʻtiqod va sogʻlom aql Alloh taoloning ilmi, oqibatni koʻra bilishi, yaxshi va yomonning ajratishi butun olamdagi olimu, fuzalolari, zamonaviy ekspertlarining barchasining fikrlaridan oʻlchab boʻlmas darajada ustun va toʻgʻri hisoblanadi.

Yuqoridagi oyatdan, islomda odat boʻlgan liboslar ayollarning ozorga uchramasligi uchun xizmat qiladi. Yaʻʻni, haqiqiy ayollar libosigina ayollarimizga toʻlaqonli emin-erkinlikning, zulmga uchramaslikning kafolatini beradi.

Umid qilamizki, mutasaddilar “hijob kiyib olgan erkak” voqeasidan ayollarimizning emin-erkinligiga qarshi siyosatga, yaʻʻni xotin kiyimini kiygan erkakni topish uchun xotinlarni echintirish harakatiga oʻtib ketmaydi. Zero, zukko va ziyrak posbonlarimiz Paygʻambar alayhissalom laʻʻnatlagan erkaklarni topishning erkakcha usulini biladi va ana shuni qiladi.

Mavzuga aloqador