28.03.2024 11:31

Evropaning uchta davlatida Turkiya fuqarolariga hujumlar sodir etildi

Frantsiya va Belʻgiyada PKK tarafdorlari tomonidan Turkiya fuqarolari, turk mavzelar, masjid, madaniyat markazlari va boshqa muassasalariga hujumlar sodir etildi. Germaniyada Turkiya Bosh konsulxonasi binosiga bosqin uyushtirildi. Frantsiyadagi aeroportda esa PKK aʻʻzosi Firaz Korkmazning Turkiyaga ekstraditsiyasiga qarshi guruh tartibsizlik uyushtirdi. Jarohatlanganlar bor.

Evropaning qator mamlakatlarida Kurdiston ishchilar partiyasi (PKK) tarafdorlari tomonidan Turkiya fuqarolari hamda turk mavzelar, masjid va boshqa muassasalari, mol-mulklariga hujumlar sodir etilmoqda.

Xususan, Belʻgiyada PKK terror tashkiloti tarafdorlari bir vaqtning oʻzida bir necha hududda turk mavzelariga bosqin uyushtirib, masjid, madaniyat markazi va boshqa muassasalarni vayron qildi va oʻt qoʻydi, mashinalarga zarar etkazdi, turk fuqarolariga hujum qildi (video).

Turkiya Tashqi ishlar vazirligining 26 mart, seshanba kuni bergan bayonotida hodisalar natijasida qurbonlar boʻlmagani, baʻʻzi turk fuqarolari tan jarohati olgani aytildi. Turkiyaning Belʻgiyadagi diplomatik missiyasi vakillari hujumlar sodir etilgan hududlarda yashovchi turk fuqarolari bilan uchrashdi.

“Belʻgiyadagi xalqimizning sogʻlom aqli va Belʻgiya politsiyasining samarali aralashuvi tufayli voqealar avj olishining oldi olindi. Mahalliy hukumat hujumchilar ustidan tergov boshladi. Voqealar barcha darajalarda kuzatilmoqda”, - deyiladi bayonotda.

Shuningdek, 27 martga oʻtar kechasi 12 nafar PKK aʻʻzosi Germaniyaning Gannover shahrida yurish uyushtirdi. Aktsiya vaqtida ishtirokchilar Turkiyaning ushbu shahardagi Bosh konsulxonasiga hujum uyushtirib, qattiq jismlar bilan bino oynalarini sindirib, yashiringan.

PKK tarafdorlari Parijdagi Sharlʻ de Goll aeroportida ham tartibsizlikni keltirib chiqardi. Bunga terroristik tashkilot aʻʻzosi Firaz Korkmazning Turkiyaga ekstraditsiya qilinishi sabab boʻlgan. Hodisada uch kishi jarohat olgan, aeroport ham zarar koʻrgan.

Mavzuga aloqador