Sudandagi soʻnggi voqealar nimadan darak?
Sudandagi mojaro muhim pallaga keldi. Oʻttiz toʻqqiz oylik fuqarolik urushidan soʻng Sudan qurolli kuchlari (SAF) juma kuni ertalab Xartum markazidagi prezident saroyini qayta qoʻlga kiritib, urush boshidan beri hududni nazorat qilib kelayotgan isyonchi yarim harbiy guruh – Tezkor qoʻllab-quvvatlash kuchlari (RSF)ga jiddiy va hal qiluvchi zarba berdi.
Piyodalar, uchuvchisiz uchoqlar va artilleriyani safarbar etgan SAFning kuchli bosimi ostida RSF chorshanba kuni kechqurun saroydan qochishga urindi, ammo bu jarayonda harbiy kuch va texnika jihatidan katta yoʻqotishlarga uchradi.
Hodisalar xronologiyasi
Sudan harbiylari yanvarь oyi oxirida ikki yillik qamalni yorib oʻtib, 7 martda Sharqiy Nil hududini toʻliq nazoratga olganidan soʻng prezident saroyini qaytarib olish uchun hujumga oʻtdi.
Xartumdagi operatsiyaning birinchi bosqichi oʻtgan yakshanba kuni saroyda RSFni yakkalab qoʻyish harakatlari bilan boshlandi. Sudan urushini kuzatish guruhi tomonidan taqdim etilgan videolarda Al-Shajaradan kelgan SAF boʻlinmalari RSF kuchlariga hujum qilib, Xartum janubidagi Katta bozor yaqinida RSF nazorati ostidagi hududlarga oʻtishga urinayotganini koʻrsatdi. Videolar Xartum markazida RSFning tobora qurshovga olinayotgani, bugungi yakuniy hujum uchun zamin yaratilganini koʻrsatdi.
Oʻtgan dushanba kuni SAF zirhli qoʻshinlari boʻlinmalari prezident saroyi sharqida joylashgan bosh qoʻmondonlikdagi hamkasblari bilan muvaffaqiyatli bogʻlanib, saroy va Xartum markazidagi boshqa muhim binolarda joylashgan RSF jangchilarini oʻrab olishga muvaffaq boʻldi.
Qurshov halqasi torayishi bilan RSF chorshanba kuni kechasi saroy va uning atrofidagi hududlardan qochishga urindi, ammo SAFning shiddatli hujumi natijasida tor-mor boʻldi. Ushbu operatsiyada oʻnlab RSF transport vositalari va Al-Qasr shoh koʻchasi boʻylab qurshovdan chiqishga urinayotgan koʻplab jangchilar yoʻq qilindi.
Payshanba kuni tushdan keyin SAF qoʻmondonligi boʻlinmalari prezident saroyidan bir necha yuz metr sharqda joylashgan Sudan-Quvayt markazi binosi va Mek Nimr koʻprigi kabi muhim obъektlarni egallab, prezident saroyini qoʻlga olishni osonlashtirgandi.
Prezident saroyi RSFning eng mustahkam pozitsiyalaridan biri boʻlib, ularning poytaxt va Markaziy Sudan mintaqasi ustidan ham ramziy, ham amaliy nazorati uchun muhim edi. Saroyning qulashi endi nafaqat Xartumda, balki butun mintaqada RSF mavjudligining deyarli tugaganidan darak beradi.
Oʻtgan oylar davomida SAF kuchlari RSF nazoratidagi pozitsiyalarni qaytarib oldi va poytaxt viloyatining bir qator strategik tumanlarida ularning kuchlarini tizimli ravishda zararsizlantirish uchun muvofiqlashtirilgan hujumlarni amalga oshirdi.
Janglar endilikda Xartumning Gabra, Soba va Jebel Avliya kabi janubiy mahallalaridagi RSF nazoratida boʻlgan hududlarga koʻchadi. Biroq bu erlarda RSFning mudofaa imkoniyatlari cheklangan. RSF jiddiy qoʻshimcha kuchlarsiz bu hududlar ustidan nazoratni saqlab qolishi dargumon.
Strategik va diplomatik oqibatlar
Bugungi kunda prezident saroyining qulashi Sudan armiyasining ham taktik, ham ramziy gʻalabasi boʻlib, u shu orqali poytaxtda oʻz qonuniyligini tikladi va mojaroda hal qiluvchi burilish yasadi.
Bu Xartumda RSFning tanazzulini tezlashtiradi va yaqin kelajakda Sudan armiyasining butun poytaxt mintaqasi ustidan soʻzsiz nazoratini mustahkamlaydi.
RSF urush boshida prezident saroyi, Xartum xalqaro aeroporti va Omdurmandagi davlat teleradiokompaniyasi shtab-kvartirasi kabi yuqori darajadagi shahar inshootlarini nazorat ostiga oldi, ammo bu nazoratni hal qiluvchi toʻntarishga aylantira olmadi va RSFning hokimiyatni ushlab turishi zaif boʻlib qoldi.
Xalqaro
tan olinmaslik qoʻrquvi – xuddi husiylarning 2014 yilda Yamanning Sano shahrini
egallab olganidagi kabi – hokimiyatning rasmiy eъlon qilinishiga toʻsqinlik qildi
va RSFni siyosiy qonuniylikni oʻrnatish uchun fuqarolik hamkorliklarini targʻib
qilishga majburladi.
Bu voqealar Sudan kelajagi uchun nimani anglatadi?
Ikkala tomon ham mojaro davomida qator vahshiyliklar sodir etgan, ammo RSFning inson huquqlariga zid bir qator ishlari – 2023 yilda Darfurdagi Masalit genotsidi ayniqsa dahshatli boʻldi. Bu harakatlar 2003-2020 yillardagi Darfur genotsidiga oʻxshash – SAFning vahshiyliklaridan ancha ogʻirroq hisoblanadi.
RSFning tashkiliy ishlardagi zaifligi va uning mamlakat ustidan nazoratini qoʻldan boy berishi Sudan davlatining toʻliq qulashiga olib kelishi mumkin, degan tasavvur uning xalqaro obroʻsiga yanada koʻproq putur etkazdi.
Hukumat saroyining qayta qoʻlga kiritilishi armiya uchun strategik gʻalaba hisoblansa-da, bu voqea hamon javobsiz qolayotgan muhim savollarni qayta qoʻzgʻadi. Ayrimlar RSF kuchlarining qayta birlashishi va Sudanning aniq echim koʻrinmagan holda mojaro girdobida qolib ketishidan xavotirda. Boshqalar esa engil tin olib, bu gʻalabani RSFga qarshi kurashda tinchlikka olib boruvchi "burilish nuqtasi" sifatida baholashmoqda.
Bu mojaroda ikki tomondan birini qatъiy qoʻllab-quvvatlash mushkul. Ikkala guruh ham ochkoʻzlik, xudbinlik bilan harakat qilyapti va Sudan xalqining manfaatlarini deyarli eъtiborga olmaydi. Sudan tarixi koʻrsatganidek, harbiy boshqaruv xalqqa foyda keltirmagan, aksincha koʻpincha shafqatsiz va korruptsiyalashgan boʻlgan. Biroq qonxoʻr Xemetti boshchiligidagi RSF undan-da yomonroq. Ular hech qanday strategik maqsadsiz vahshiyliklar, qotilliklar va genotsid harakatlarini amalga oshirdilar. Agar ular Sudan davlatini nazorat qilishga erishsalar, bu harakatlarni yanada keng koʻlamda davom ettirishlari shubhasiz. Shu bois, biz butun mamlakat boʻylab armiyaning gʻalabasiga va RSFning uzil-kesil magʻlubiyatiga umid qilishimiz durust.
Muhammad Dovud Asadulloh