10.09.2025 11:27
82
Mubashshir Ahmad
Mubashshir domlaning 8 sentyabrdagi sudida qatnashdim. Mahkamaga mulohaza bildirishdan oldin bir latifa aytib olay.
Amriqoliklar sovetlar bilan bahslashib qolishibdi:
– Bizda demokratiya bor, – debdi amriqoliklar, – Oq uyning oldiga kelib xohlagan odam prezident Jimmi Karterni soʻkishi mumkin.
– Bizda ham demokratiya bor, – debdi sovetlar. – Bizda ham Kreml maydonida turib xohlagan odam Karterni xohlaganicha soʻkishi mumkin.
Bu Brejnev zamonidagi eski latifa edi. Yangi Oʻzbekistonda esa butkul boshqacha.
Yangi Oʻzbekiston ham demokratik mamlakat. AQShchalik boʻlmasa ham, koʻpgina qonunlari demokratik tamoyillardan kelib chiqib qabul qilinyapti. Lekin, qizigʻi, Oq uy oldida Trampni xohlagancha soʻkish mumkin, ammo bizning Mustaqillik maydonida emas. Kim soʻksa, mahkamaga tortilishi ehtimoli juda katta. Chunki aqshliklar bilan oʻzbeklar oʻrtasida “milliy, irqiy”, yana birbalo adovatlar tugʻilishi mumkin... Bundan chiqdi, bizda hozir sovetlardagichalik ham demokratiya yoʻqmi?
Kechagi Mubashshir domlaning sudidan keyin boshimdan koʻp oʻylar oʻtdi. Orasida yaxshilari ham, xavotirlilari ham, aytib boʻlmaydiganlari ham bor.
Domla Isroilni haqoratlaganlikda ayblanmoqda, 156-modda bilan “Milliy, irqiy, etnik yoki diniy adovat qoʻzgʻatish” aybi qoʻyilmoqda. Dalillardan bittasi “laъnati Isroil” degan gapi ekan.
Nima boʻpti, Isroil hukumatini – sionlarni bugun butun olam soʻkyapti. Hatto soʻkayotganlar orasida juhudlar bor. Isroilning oʻzida turib ham soʻkishyapti. Ravvinlari Isroil hukumatini “shayton hukumat” deb fatvolar chiqargan... Jahon xalqlari Isroilni yomonlab turganda, goʻdaklaru ayollarni qirgʻin qilayotganlarni oʻzbeklar olqishlashi kerakmi? Biz bunchalar vijdonsiz emasmiz. Oraga din, iymon masalasini qoʻshmaganda ham, insoniylikning hech bir qolipiga sigʻmaydi-ku bu ish!
Qolaversa, bugun “Milliy, irqiy, etnik yoki diniy adovat”ni kim qoʻzgʻayapti? Isroilning oʻzi hammayoqni adovatga toʻldirib boʻldi-ku! Mahkamaga tortish kerak boʻlsa, Isroilning oʻzini tortish kerak, unga qarshi gapirganlarni emas.
Mubashshir Ahmadga qoʻyilayotgan absurd ayblardan yana biri “diniy mazmundagi materiallarni qonunga xilof ravishda Oʻzbekiston hududiga olib kirish va tarqatish”. Domla yurtimizga birorta moddiy material olib kirmagan, hammasi virtual shaklda jahon internet tarmogʻida uzatilgan. Internet zamonida yashayapmiz, butun dunyo bitta qozonda qaynayapti, Er yuzi global maydonga aylanib boʻldi, shuning uchun internet tarmogʻida hududiy yaxlitlik degan narsa maъnosini butkul yoʻqotdi. Jahonga tarqalgan material, tabiiy, Oʻzbekistonga ham etadi. Kirmasin desak, internetni uzish kerak. Iloji bormi?
Qolaversa, diniy materiallarning birortasida davlatimiz, prezidentimiz, xalqimiz shaъnini bulgʻaydigan birorta gap aytilmagan. Neki aytilgan boʻlsa, shu yurt rivoji, xalqining maъnan yuksalishi uchun aytilgan. “Bunaqalarning oldi olinmasa, boshqalar ham falon narsalar qilishi mumkin”, degan ehtimol bilan yoʻq joydagi xavflarni olib kelib ishni malakalash insofdan emas. Ehtimol har narsada bor. Choʻntakda gugurt topilsa, bu odam yongʻin chiqarmoqchi, deyilmaydi, balki u oʻchoqqa oʻt yoqmoqchidir.
Mubashshir domlaga qoʻyilayotgan ayblovlar ham shubha va ehtimollardan iborat. Shubha bilan esa jinoyat sodir etganlikda ayblash mumkin emas. Bu haqda Oʻzbekiston Konstitutsiyasida yozib qoʻyilgan. Qolaversa, Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam ham: “Qozining adashib hukm qilganidan koʻra, adashib afv etgani afzaldir”, deganlar (imom Termiziy rivoyati).
Allohdan barchamizga, Mubashshir domlaga, xususan, hurmatli sudyaga haqda sobitqadam boʻlishni soʻrayman.