27.09.2025 16:17
206

Dunyo hamfikr boʻlgan ulamoni biz qadrlay olamizmi?!




Bugun dunyo diqqat markazidagi asosiy masala – bosqinchi isroilning Falastinda amalga oshirayotgan genotsidini toʻxtatish hamda jinoyatchilarni adolatli sud qarshisida javobgarlikka tortishdir. Allaqachon turli davlatlarda sionistlarning vahshiyliklariga nisbatan jamoatchilik noroziligi yuzaga kelib, hali-hanuz davom etayotgan qatliomni toʻxtatish uchun harakat boshlandi. Jahon siyosati maydonida genotsidga qarshi ittifoqlar paydo boʻlyapti.
 

Oʻzbekiston ham Gʻazodagi qirgʻinni toʻxtatishga qaratilgan chaqiriqlarni rasman qoʻllab-quvvatlashini maъlum qildi. Buning ochiq ifodasi sifatida davlat rahbari Shavkat Mirziyoevning Birlashgan Millatlar Tashkiloti minbaridagi nutqini keltirishimiz mumkin. Prezident: Biz Gʻazo hududidagi harbiy harakatlarni tugatishni, ochlik va gʻayriinsoniy sharoitlarda jabr chekayotganlarga gumanitar yordam etkazishdagi barcha toʻsiqlarni olib tashlashni va BMT rezolyutsiyalari asosida Falastinning mustaqil davlat maqomini eъtirof etilishini qoʻllab-quvvatlaymiz”, deb taъkidladi.


Yaъni xalqaro arena isroilga qarshi chora koʻrilishini endi oshkora tarzda ifoda qilib, bu chaqiriqlarning natijasiz boʻlishini istamayapti. Buning eng keskin koʻrinishi ham BMTda yangradi. BMT Bosh Assambleyasining yangi sessiyasida Indoneziya prezidenti Prabo Subianto genotsidga chek qoʻyilishi uchun 20 ming sonli qoʻshinini Gʻazoga joʻnatishga tayyor ekanini bildirdi. Bu istak boshqa davlatlar tomonidan Indoneziyaning tashabbus erki doirasida baholandi. 


Indoneziya va BMTning ushbu tutumi oʻzbekistonlik sanoqli ulamolardan biri Ustoz Mubashshir Ahmadning “Gʻazo jihodi fatvosi”ga berilgan sharhi nechogʻlik daqiq va oʻrinli ekanini koʻrsatadi.
 

Bugungi kunga kelib davlatlar isroil genotsidiga qarshi har qanday echimlarni koʻzdan kechirishmoqda. Yuqorida biz eslab oʻtgan Xalqaro musulmon ulamolari ittifoqining fatvosi hamda Ustozning ushbu fatvo boʻyicha sharhi aynan BMT tomonidan koʻrsatilishi mumkin boʻlgan har qanday tashabbusni tartibga soladi.
 

Zero, Mubashshir Ahmad domla fatvoni sharhlashi aholining hukumatlardan mustaqil ravishda tashabbus koʻrsatib, notoʻgʻri harakatlar sodir etib qoʻyishining oldini olishga qaratilgandi. 


BMTning soʻnggi majlislaridagi keskin oʻzgarishlar hamda isroil genotsidiga boʻlgan xalqaro qarshilikning kuchayib borayotgani har taraflama Mubashshir Ahmad domlaning oʻz sharhida koʻzda tutgan maqsadini qoʻllab-quvvatlaydi va barchani befarq boʻlmaslikka undaydi. 


Har bir davlatning oʻz qonun-qoidasi bor. Turkiyaning oʻz qonuni bor, Ispaniyaning oʻz qonuni bor. Lekin ular qanday koʻrinishda boʻlmasin, bir maqsadga xizmat qiladi: insonlarning farovonligi va osoyishtaligini taъminlash, xalqaro insonparvarlik qoidalariga asoslanish, shu vatanda yashovchi har bir insonning huquqlarini himoya qilish kabi... 


Bugun koʻryapmizki, dunyo Mubashshir Ahmad bilan hamfikr ekan. Butun dunyo Ustozning Falastindagi genotsidga qarshi bildirgan sharhlarini qoʻllab-quvvatlayapti, kerak boʻlsa takrorlayapti. Shundan kelib chiqsak, Ustozning Xalqaro musulmon ulamolari ittifoqi tomonidan eъlon qilingan fatvoni sharhlashi, ushbu fatvoning mohiyati va mazmuni xalqaro minbarlarda aytilayotgan soʻzlarga mos kelishi Oʻzbekistonning sanoqli ulamolaridan birining oqlanishini talab qiladi. 

Hukumatimiz hamda mamlakatimiz sudi xalqimizning oʻz olimiga berayotgan kafilligini inobatga olgan holda adolatli hukm oʻqilishini taъminlaydi hamda Ustoz Mubashshir Ahmadning elimiz yurtimiz ravnaqi yoʻlidagi fidokorliklarini munosib baholaydi degan umiddamiz.

Mavzuga aloqador