05.06.2025 14:05
86

Alisher Tursunov ishi turk huquqshunoslari nigohida


Oʻzbekistonning taniqli olimlaridan biri Alisher Tursunov (Mubashshir Ahmad) 2025 yilning 7 may kuni hibsga olingan. Garchi politsiya tomonidan qoʻyib yuborilgan boʻlsada, u noqonuniy ravishda Repatriatsiya markaziga qaytarilgan. Oʻsha kundan beri undan hech qanday xabar olinolmagan va rasmiylarning ziddiyatli bayonotlari Tursunovning Oʻzbekistonga joʻnatilgani borasida jiddiy xavotirlarga sabab boʻlgan. Afsuski, bu xavotirlar haqiqat boʻlib chiqdi; Oʻzbekiston Ichki ishlar vazirligi 2025 yil 10 may, shanba kuni Tursunov “diniy materiallarni tarqatish” va “jamoat xavfsizligiga tahdid solish”da ayblanib, mamlakatga olib kelingani va hibsga olinganini maъlum qildi.

Alisher domla 2023 yil 28 dekabrь kuni Oʻzbekistondan kelgan jinoyat aybloviga binoan uyidan olib ketilgan edi. Jinoiy javobgarlikka tortmaslik qarori berilganiga qaramay, Istanbul viloyat Immigratsiya boshqarmasi ushbu daъvoga asoslanib, deportatsiya va maъmuriy qamoqqa olish qarorini chiqardi. 2023 yil 31 dekabrda ushbu amaliyotga qarshi daъvo qoʻzgʻatildi va taxminan ikki oy davomida GGMda ushlab turilganidan soʻng, Istanbul 2- jinoiy ishlar boʻyicha osoyishtalik sudining qarori bilan ozod qilingan edi.

Immigratsiya boshqarmasi Tursunovga nisbatan “jamoat tartibi va xavfsizligiga tahdid solganlik”ni sabab qilib koʻrsatgan holda deportatsiya qilish qarori qabul qilinganini aytdi. Biroq, bu iddao na Turkiya Jumhuriyati vakolatli muassasalari va na xalqaro hamjamiyat nazarida hech qanday qonuniy va aniq asosga ega emas. Tursunovdan Turkiyada, Oʻzbekistonda yoki boshqa bir davlatda jamoat tartibini buzadigan hech qanday harakati yoʻq va u hech qanaqasiga jinoiy javobgarlikka tortilmagan. Maъlumki, jarayon Oʻzbekiston rasmiylari tomonidan berilgan, sud nazoratidan oʻtmagan razvedka maъlumotlari asosida boshlatilgan.

Shu bilan birga, mafkuraviy jinoyat, siyosiy jinoyat yoki bunga oʻxshash jinoyatlar bilan bogʻliq harakatlar boʻyicha ekstraditsiya qilish 6706-sonli "Jinoyat ishlari boʻyicha xalqaro sud hamkorligi toʻgʻrisidagi qonun"ning 11-moddasiga koʻra qatъiyan man etiladi. Shuningdek, Jeneva konventsiyasining 33-moddasi va Chet elliklar va xalqaro himoya toʻgʻrisidagi 6458-sonli qonunning 4-moddasiga koʻra, xavf tugʻdiruvchi mamlakatlarga qaytarib yuborish yoki deportatsiya qilish qonunan mumkin emas.

Tursunovning ishi bu holatning deportatsiyadan koʻra koʻproq noqonuniy ekstraditsiyadan iborat ekanini koʻrsatadi. Immigratsiya maъmuriyati va xavfsizlik byurokratiyasi jinoyat ishlari boʻyicha oliy sud qarori bilan amalga oshirilishi kerak boʻlgan ekstraditsiya jarayonini chetlab oʻtib, «deportatsiya» nomi ostida haqiqiy ekstraditsiya jarayonini amalga oshirdi. Vaholanki, ekstraditsiya qilish uchun sud qarori talab qilinadi va bu qaror Tashqi ishlar va Ichki ishlar vazirliklarining xulosasi, Adliya vazirining taklifi va Prezidentning tasdigʻi bilan kuchga kirishi mumkin. Bundan farqli oʻlaroq, deportatsiya amaliyoti faqat maъmuriy qaror bilan amalga oshirilishi mumkin boʻlgan va shuning uchun ham amalga oshirish ancha oson usuldir. Biroq, maъmuriy tartib-qoidalar orqali amalga oshirilgan bunday ekstraditsiyalar qonunga ziddir.

Qolaversa, Istanbul 15-maъmuriy sudi 2025 yil 27 fevralda (2023/146 E., 2025/1045 K.) Tursunovga nisbatan chiqarilgan deportatsiya qarorini bekor qilish haqida qaror chiqargan. Shunga qaramay, Migratsiya boshqarmasi boshqa bir sanada chiqarilgan (eъtirozni) rad etish qaroriga asoslanib deportatsiya jarayonini amalga oshirganini bayon qilgan. Sud tomonidan bekor qilingan qarorning oʻrniga boshqa bir rad qaroriga tayangan holda harakat qilish mumkin emas. Qolaversa, mazkur rad qarorini koʻrish imkoni boʻlmagan boʻlsada, u 2023 yildagi bekor qilish qarori ortidan 2024 yilda eъtiroz daъvosi ochilganligi va bu daъvo hali davom etayotgani sababli eъtiborga molik boʻlmagan bir qaror ekani ayon boʻlgan.

Migratsiya boshqarmasining yana boshqa bir qoʻl urgan ishi – sudlar tomonidan bekor qilingan deportatsiya qarorlaridan keyin shaxsga yana «tahdid» kodi qoʻshish va yangi deportatsiya qarorini chiqarish boʻlgan. Shu tariqa xohlangan natijani beradigan sud qarori olinmaguncha jarayon davom ettirilmoqda va Turkiyadan boshpana istagan shaxslar amalda yashay olmaydigan holatga keltirilmoqda. Deportatsiya qarori bekor qilingan, kodlari olib tashlangan va ozod qilingan qochqinlar yashash uchun ruxsatnoma olishlari kerak boʻlgan holda, idora bu ruxsatni bermayapti. Shaxslarni qayta “noqonuniy muhojir” statusiga oʻtkazib, Repatriatsiya Markazlariga qamamoqda. Migratsiya boshqarmasi hattoki Konstitutsiyaviy sud tomonidan chiqarilgan huquqbuzarlik qarorlarini ham eъtiborga olmayapti.

Kaya Kartal – “Inson huquqlari va mazlumlar uchun birdamlik” uyushmasi (MAZLUMDER) rahbari, huquqshunos.

Mavzuga aloqador