Bir-birimizga kerakmiz...
Ubudiyat
BIR-BIRIMIZGA
KERAKMIZ
Shovqinli
koʻchalar, ulovlar suroni, zararli tutunlar...
Keraksiz
shoshqinliklar, sababsiz xavotirlar, oxiri yoʻq ehtiyojlar...
Noroziliklar,
burilgan lablar, jiyrilgan burunlar, tuganmas shikoyatlar...
Tugʻilgan
kun tadbirlari, bitiruv oqshomlari, dabdabali toʻylar...
Istalgan
narsani topish mumkin boʻlgan savdo markazlari, Samud qavmining hasadini
keltiradigan osmonoʻpar binolar, Eramni soyasida qoldiradigan maydonu
xiyobonlar...
Bularning
qoq oʻrtasida yuragimiz bor – hayot uchun kurashayotgan, tobora surʻʻati pasayayotgan,
shunda ham urishga urinayotgan, vazifasi faqat vujudimizga qon etkazib berishgina
boʻlmagan yuragimiz bor. Jon qulogʻimizni tutsak, ovozini eshitishimiz, ogʻriqlariga
guvoh boʻlishimiz mumkin...
Buning
uchun quloqliklarimizni, qora koʻzoynaklarimizni echaylik, bir muddat ekranlardan
uzilaylik, hayotimizga teranroq nazar solaylik. Iloh qilib olmasligimiz xususida
Rabbimiz bizni ogohlantirgan havoyi nafsimizning borgan sari qanchalar baland
parvoz qilayotgani haqida oʻylaylik. Koʻkrak qafasimizda asirdek qiynalayotgan
yuragimiz nega bu qadar zaif ekani; nega torayib borayotgani; nima sababdan unga hech
kim sigʻmay qolayotgani haqida mulohaza qilaylik. Yuragimizdan na begʻubor nigohli
goʻdaklarga, na qoʻllari qadoq qariyalarga va na oʻksik etimlarga joy bermayotganimiz
sababi toʻgʻrisida fikr yuritaylik. Va shoirning davrimizga qoʻygan “yurak
etishmovchiligi” tashxisi qanchalik haq ekanini tan olaylik.
Chindan ham,
har birimizning xastaligimiz bir – yuragimiz hech kimga etmaydi, undan birovga
panoh berolmaymiz. Chunki dunyomizni oʻzimiz va oʻzimizga oid boʻlgan narsalar
toʻldirgan, shu sababli ham boshqa narsa sigʻmaydi. Oʻzimizni rasmga olish bilan shu qadar
bandmizki, birovning dardini olishga toqatimiz yoʻq. Hech qanday qaygʻu ishtahamizni
boʻgʻolmaydi, hech qanday musibat rohatimizni buzolmaydi, biror kimsa bizni xafa qilishiga
yoʻl qoʻymaymiz. Oʻzidan boshqa hech kimi boʻlmagan xilqat holiga keldik. Yuragimiz
tobora qurib, sahroga aylanmoqda, unumsizlashmoqda, oʻzimizga, atrofimizdagilarga
musaffo havolar taratguvchi yashil vodiylari yoʻqolib bormoqda. Dardmandlarga
darmon boʻlolganimizda, yigʻlaganlarga qoʻshilib koʻzyosh toʻkolganimizda, burda
nonimizni muhtojlar bilan baham koʻrolganimizda edi, shunday boʻlmasdi.
Rabbimiz zaif, ojiz, gʻarib-miskinlarni
Kalomi sharifida zikr etadi; ularga yordam beruvchilarni maqtaydi, bu ish uchun
mukofotlar vaʻʻda qiladi. Biz esa Alloh Kitobiga gʻaflat nazari bilan qaraymiz.
Koʻp eymiz, koʻp gapiramiz, koʻp uxlaymiz, koʻp unutamiz. Hissizlik, loqaydlikdan
deyarli halok boʻladigan holga keldik. Vaholanki, boshqalarning toʻgʻri yoʻlga kirishi
uchun har qanday fidoyilikka tayyor turgan Paygʻambar (alayhissalom)ga ummatmiz.
Yarimta xurmoni ham muhtojga ilinishni kamsitmagan, qarzdorga, bemorga, keksaga
yordam qoʻlini choʻzishga targʻib qilgan rahmat elchisi (alayhissalom)ning yoʻlidamiz (Imom
Muslim). Nabiyimiz (alayhissalom) oramizdagi zaiflar sababli rizq
berilishini eslatgan, zulm haromligidan ogohlantirgan (Imom Buxoriy). Janobimiz
(alayhissalom) dasturxonidan Abdullohlarga, Anaslarga joy bergan, etimning qornini
toʻydirgan, muhtojga quchoq ochganlar. U zot (sollallohu alayhi va sallam) ikki
kishilik ovqati boʻlgan kimsa uchinchi odamni, toʻrt kishilik ozuqasi bor esa beshinchi
odamni mehmon qilishini istardilar (Imom Buxoriy). Sahobalarga shoʻrvaning
suvini koʻpaytirib, qoʻshnilarga ham tarqatishni tavsiya qilardilar (Imom Muslim).
U kishi (alayhissalom) qoʻshnisi och moʻminning toʻq holda uxlashini qoralaganlar (Ibn
Abi Shayba). Biz esa dunyoning qay burchaklarida necha insonlar ochlikdan
uxlolmayotganini bilganimiz holda... Ummatning qanchalab etimlari sovuqdan qaltiraydi,
bizning yuragimizda esa ularni isitishga harorat yoʻq...
Tuzalishni
istamaymizmi? Bizni oʻrab olgan boʻshliqdan, zerikishlardan qutulishni xohlamaymizmi?
Xohlaymiz, toʻgʻri emasmi? Shunday ekan, nabaviy nasihatlarga boʻysunib, bizdan
najot kutganlarga panoh boʻlaylik, ular uchun duo qilishdan erinmaylik. Gʻaflatdan qutulib,
yuragimizni kengroq qilsak, oʻzimizdan ortib, boshqalarning dardida yashashni ham
oʻrgansak, ichimizdagi qovjiroq vodiylarimizni tiriltira olamiz. Goʻdaklarning
maʻʻsum yuzlariga tabassum baxsh etolsak, yuragimizda hammaga etadigan darajada joy
borligini anglaymiz. Shunda shovqinli koʻchalar, osmonoʻpar binolar orasida siqilib qolgan
qalbimiz erkin nafas oladi. Biz odamlarga, odamlar bizga kerakligini his qilamiz.
Shunda kulrang tuslar, qora ranglar ketib, olam koʻz oldimizda kamalak ranglarida
jilolana boshlaydi.
Zumrad
FOZILJON qizi
tayyorladi.