12.11.2024 17:02

Tarixga nazar: Sovet Ittifoqi Islomga qarshi qanday kurashgan?

 
Tariximizning qora kunlari – bolʻsheviklar bosqini davriga nazar tashlasak bugun ham aksar postsovet mamlakatlarida qoʻllanilayotgan Islomga qarshi kurash usullariga koʻzimiz tushadi. 

Jumladan, 1925 yilda dinga qarshi faol tashviqot bilan shugʻullangan "Jangari ateistlar ittifoqi" (JAI) tuzilgan. Ushbu tashkilotning asosiy maqsadlari quyidagilardan iborat edi:

- Islomiy kitoblarni yoʻq qilish;

- dinga qarshi adabiyotlar yaratish;

- aholi orasida Islomga qarshi tashviqotni keng yoyish.

Oʻsha paytda JAI dinga qarshi gʻoyalarni targʻib qilishda asosiy vositaga aylandi. Hatto 1930 yilga kelib tashkilot aʻʻzolari 6 millionga etgan. Tashkilot ateistik qarashlarni tarqatish kampaniyalarini uyushtirdi: turli maʻʻruzalar, koʻrgazmalar tashkil qildi. Islomni obroʻsizlantirishga qaratilgan qator tadbirlar oʻtkazdi. JAI aʻʻzolari diniy adabiyot va artefaktlarni ham yoʻq qilgan.

Aslida, Turkistonda SSSR tuzumini oʻrnatishga boʻlgan harakatlarning ilk davridanoq Islomga qarshi kurash bolʻsheviklar siyosatining bir qismi edi. Misol uchun, 1921 yilda ateistlar tomonidan Turkiston musulmonlari uchun 10 ming nusxada tashviqot plakatlari nashr etilgan edi. Unda hijobini echib, qoʻlida qizil bayroq tutgan yosh qiz tasvirlangan. Bannerda eski oʻzbek yozuvida "Men ham endi ozodman" soʻzlari yozilgan edi. Aslida bu "ozodlik" zamirida bosqinchilarning boshqa qora niyatlari yashiringan boʻlib, ular keyinchalik bu rejasini amalga oshirishdi: ular oʻzlarining aldovlari yordamida muslimalarni sharafli ish – ummat tarbiyasidan mosuvo qilib, paxta dalalarida quldek ishlatishdi.

Keyinchalik, Sovet hukumati dinga qarshi kurash uchun turli ommaviy axborot vositalaridan foydalangan. Dinni tanqid qiluvchi, musulmonlarni ilm-fan va taraqqiyotdan uzilib qolgan kishilar sifatida talqin qiluvchi maqolalar, kitoblar va risolalar nashr etildi. Maktab va universitetlarda ateistik qarashlar faol ravishda oʻrgatildi.

Sovet davlati barcha diniy tashkilotlarni, jumladan islomiy tashkilotlarni ham nazorat qilishga intildi. Masjidlar va boshqa diniy muassasalar qatʻʻiy tartibga solindi, ularning faoliyati keskin cheklandi. Ayrim hollarda masjidlar yopildi, imomlar va boshqa din arboblari qatagʻon qilindi.

Ayniqsa, Stalin davri (1930 yillar)da koʻplab musulmonlar, boshqa dinlar tarafdorlari kabi, repressiyalarga uchradi. Bu hibsga olish, surgun va hatto qatllarni ham oʻz ichiga olgan. Etakchilar koʻpincha siyosiy tozalashlar paytida nishonga olingan.

Sovet Ittifoqida bugun Xitoy hukumatining uygʻur milliy ozchiligiga nisbatan amalga oshirayotgan zulmiga oʻxshash – musulmonlarni sovet jamiyatiga integratsiya qilishga qaratilgan madaniy assimilyatsiya siyosati ham olib borilgan. Bu sovet ideallari va qadriyatlarini targʻib qilish, shuningdek, Islom bilan bogʻliq anʻʻanaviy urf-odatlar va amaliyotlarni oʻzgartirishga qaratilgan saʻʻy-harakatlarni oʻz ichiga olgan.

Shuningdek, taʻʻlim tizimi ham ateizmni targʻib qilish uchun qayta yoʻnaltirilgan. Diniy taʻʻlim butkul taqiqlanib, asosiy eʻʻtibor materialistik dunyoqarashni shakllantirishga qaratilgan.

Xulosa qiladigan boʻlsak, Sovet Ittifoqida Islomga qarshi koʻp qirrali urush olib borilgan. Bu urush ham mafkuraviy, ham repressiv choralarni oʻz ichiga olgan. Shunga qaramay, xudosizlar gʻolib boʻlishmadi. Alloh Taolo aytganidek: "Ular Allohning nurini ogʻizlari bilan oʻchirmoqchi boʻlurlar. Holbuki, Alloh, kofirlar yoqtirmasa ham, Oʻz nurini tugal etguvchidir".

("Tavba" surasi 32-oyat)

Mavzuga aloqador