07.11.2024 21:30

“Chinnigul va tikan” – Yahyo Sinvar (qissa, toʻrtinchi qism)

Marhum qoʻmondon, Falastinning HAMAS ozodlik harakati etakchisi Yahyo Sinvarning “Chinnigul va tikan” asarini eʻʻlon qilishda davom etamiz. Toʻrtinchi qism. Tarjimon – Maʻʻmur Muxtor.

1-qism, 2-qism, 3-qism

Masjidimizning tomi tunikadan yopilgan, bir necha derazasi va kichikroq minorasi boʻlib, kengligi kattaroq xonachalik keladi. Muazzin toshdan qilingan zinadan koʻtarilib, baland ovozi bilan azon chaqirardi. Masjid eshigi oldida bir dona suv joʻmragi, tahorat olishga toʻrt yo besh dona sopoldan yasalgan obdasta boʻlardi. Joynamoz sifatida esa, eskirgan sholcha solingan. Masjidning old qismida yogʻochdan yasalgan uch-toʻrt zinalik minbar joylashgan.

Bobom koʻpincha meni ham masjidga olib borardi. Kichkina qoʻlim bobomning katta qoʻllari orasida dengizda turgan qayiqdek gʻarq boʻlardi. Oʻzi etmishdan oʻtgan, hassa tayanib yursa ham, ortda qolib ketaverardim. Goʻyo qoʻlimdan sudrab ketayotganday borardi. Masjidda ustoz Hamid choʻntagidan soatini chiqarib, azon aytishni boshlaguniga qadar oldilarida chordana qurib, odobli bolalardek jim oʻtirardim. Muazzinning yoqimli ovozini eshitib yayrab ketardim. Namozda bobom nima qilsa takrorlashga tirishardim. Sunnat namozini oʻqib boʻlgach, oʻn kishidan oʻtmagan oqsoqollar va menga oʻxshab bobosi bilan kelgan ikki bolakaydan iborat jamoat bilan peshin namozini ado etardik.

Keyingi kuni bobom namozini tugatar ekan, tashqaridan kimdir karnayda tili kelmay arabchada karantin vaqtini uzaytirilganini eʻʻlon qilgani eshitildi. Kim koʻchaga chiqsa, oʻzini xatarga qoʻygan boʻlishini taʻʻkidlardi. Bizning oldimizdan oʻtib ketguniga qadar bir necha marotaba qaytardi. Onam hammamizga koʻchaga chiqmasligimizni, hatto akalarimga ham maktabga bormasliklarini tayinladi. Eshiklarni qulflab qoʻydi. Shu holda kun boʻyi oʻtirdik. Kim eshik oldiga yaqinlashsa, dakki eshitib qaytardi. Na chora, xonada ham vaqtni eplab oʻtkazish kerak, oʻynadik, akalarim kitoblarini olib, dars qilardi, men ham kitoblarini tamosha qilib oʻtkazdim kunni. Kech kirdi, lekin hamon tashqaridan koʻchaga chiqish taqiqlanadi deya jar solayotgan ovoz oʻchmasdi.

Ertalab bobomning namozidan keyin sal vaqt oʻtib yana karnaydan ovoz eshitila boshladi. Bu safar karantin tugagani xabarini eʻʻlon qilinayotgan edi. Bu karantinning sababi kimdir Isroil harbiylariga granata uloqtirib, bir necha askarlarini yarador qilgan ekan.

Uchinchi fasl

Togʻamning Gʻarbiy Sohil tarafdagi xaridorlaridan kichik xolamga sovchi kelishdi. Togʻam onam bilan maslahatlashib, rozilik berishdi. Juma kuni onam xayriya jamgʻarmasidan olgan yangi liboslarimizni kiydirib, xolamni boʻlajak unashtiruvi bilan tabriklash uchun etti yosh bola bilan yoʻlga tushdi. Piyoda ancha masofani bosib oʻtdik. Chodirli erlar ortda qoldi. Katta yoʻlga chiqqanimizda, qurollangan harbiylarni olib ketayotgan harbiy mashinalarni koʻrdim. Ular har oʻtgan odamga miltiq oʻqtalishardi. Moshinalari esa juda sekin harakatlanardi. Uzoq masofani bosib oʻtgach, axiyri togʻamning xovlisiga etib keldik. Ularning uyi biznikidan ancha farq qilardi. Biznikiday nomiga qurilmagandi, balki did bilan solingan, oyoq ostidan isitib turuvchi moslama oʻrnatilgandi.

Etib borganimizda Mahmud akam qoʻngʻiroqni bosdi. Eshikni togʻamning qizi Varda ochib, Ammam keldi!” - deya xursandligidan baqirib yubordi. Uni eshitgan boshqalar ham chiqib, bizni iliq kutib olishdi. Xolamni esa birma-bir tabriklab chiqdik. Kattalar oʻzaro suhbat qilishdi. Biz esa kechgacha quvlashib oʻynadik. Kech kirganda uyga qaytdik.

Bir necha kun oʻtib akamlar ishxonadan togʻamdan xabar olib qaytishdi. Kelasi juma kuni toʻy belgilagani kelisharkan. Onam yana bizni xuddi oʻtgan jumadagi kabi hozirlab, olib bordi. Juma vaqtidan soʻng quda tomondan uch moshina odam keldi. Yosh bolalar bugʻdoyrang, siyrak moʻylovli yoshgina yigitchaga ishora qilib, Shu kuyov bola, mana shu kuyov boʻladi, deyishardi. Ayollar bir xonada qolishdi, biz esa kuni bilan oʻynab tinmadik. Shirinliklardan bearmon edik.

Bir oydan soʻng. Qop-qorongʻu kecha sukunati chodirlarni qamrab olgan, faqatgina uzoqdan itlarning vovullagani, bir mushukchaning onasini izlab miyovlayotgani eshitilib turgan payt edi.

Tikonlar bilan oʻrab qoʻyilgan chodirlar hududidan chiqish xatarli boʻlsa ham, karantin vaqti ekaniga qaramay, Abu Hatim oʻsha mushukchaga tasalli berish uchun tashqariga chiqardi. Har bir toʻsiqdan oʻtish kerak boʻlsa, toʻxtab, harakatlanayotgan dushman yoʻqmikan yo pistirma qoʻyilmaganmikin, bilish maqsadida atrofga yaxshilab nazar solardi. Ishonch hosil qilgach, yana xufyona yurishda davom etardi.

Abu Hatim boʻyi baland, kelishgan, muskullari baquvvat boʻlib, bosh qismini shumax (arab erkaklari boshini oʻrab yuradigan mato) bilan oʻrab olardi, faqat koʻzlarigina koʻrinib turardi. U Misr Gʻazoda hukm oʻrnatgan vaqtlari «Falastin ozodligi» askarlari orasida mansabdor shaxs boʻlgan. 1967 yilgi urushda qahramonlarcha jang qilgan. U kabi qahramonlar qilgan ishni magʻlub boʻlingan urushda butun boshli armiya ham qilolmagan.

Abu Hatim xufyona yurishda davom etarkan, boradigan yoʻlini yaxshi bilardi. Uylarning birini oldida toʻxtab, derazasini avval uch marta, keyin bir marta, soʻng ikki marta taqillatdi. Ichkaridan Abdu Yusuf darazaga yaqinroq kelib, eshitilar-eshitilmas ovozda Kim u? - deya pichirladi. Abu Hatim ham past ovozda maxfiy uslub bilan Men, Abu Hatimman”, - deb javob berdi. “Hozir, hozir ochaman eshikni”, - dedi oʻzining odamiligini payqagan Abu Yusuf. Ikki birodar bir-birini quchoqlab, salomat ekanliklaridan Allohga hamd aytishdi. Ichkarida Ummu Yusuf ham uygʻonib, boshini oʻrab ayvonga chiqib turgandi. Abu Hatimning sogʻ-salomatligidan xursand ekanligini aytib, qarshi oldi:

- Sogʻ-omonligizdan xursandman ogʻa, keling, kelavering. Marhamat, kiring.

- Raxmat! Ovora boʻlib choy qoʻymang, hech narsaga urinmang, tez qaytaman, - dedi Abu Hatim. Ummu Yusuf:

-Nega endi? Mehmonimizsiz axir? - dedi. Abu Hatim:

- Rahmat, salomat boʻlinglar! Lekin urinmang, kerakmas, - degandi, Ummu Yusuf:

- Hech boʻlmasa non va zaytun keltiraman, -deya kirib ketdi. Abu Hatim Abu Yusufga boqib:

- Menga nimadir edirmasdan chiqarmas ekansiz-da, - deb kuldi va ayvonga oʻtirishdi. Abu Yusuf Abu Hatimni savolga tuta boshladi:

- Qaerda eding? Seni shahid boʻlgansan yo Misrga oʻtib ketgansan, deb oʻylagandim.

- Urush maydonining oʻrtasida yaralandim. Chekingach, bir moshinaga chiqib oldim. Koʻzimni ochganimda, badaviy bir oila chodirida ekanman. Oʻshalar menga dori-darmon berib, davolashdi.

Shu vaqt Ummu Yusuf qoʻlida bir necha non, biroz zaytun va suv quyilgan koʻzacha solingan patnis bilan salom berib kirib qoldi.

Maʻʻmur Muxtor tarjimasi, davomi bor.

Mavzuga aloqador