31.10.2024 19:05

«Chinnigul va tikon»

Aziz oʻquvchilar! Falastin zaminida roʻy berayotgan qonli urush barchamizning qalbimizda chuqur bir yara paydo qildi. Bu yara tanamizga ogʻriq berib, xuddi isitma tutgandek behuzur boʻlar ekanmiz, begunoh falastinliklarga naqadar ogʻir ekanini oz boʻlsa-da tasavvur qilamiz. Ammo marhum qoʻmondon, mard jangchi, oʻz vatani va millatining sodiq oʻgʻloni Yahyo Sinvarning “Chinnigul va tikon” deb nomlangan qissasini oʻqisangiz, bu tasavvurlaringiz yanada kengayadi. Bugundan ushbu asar tarjimasini oz-ozdan eʻʻlon qilib boramiz. Tarjimon – Maʻʻmur Muxtor. Muqaddima va birinchi fasl.

 

Muqaddima

Barcha hodisalar haqiqat boʻlsa-da, bu – men yoki muʻʻayyan bir kishining qissasi emas. Bu kitobdagi har bir hodisa yoki hodisalar toʻplami u yoki bu falastinlikka tegishlidir. Adabiy shartlarga muvofiq boʻlishi uchun ayrim mavzular muʻʻayyan shaxslar atrofida yuritildi. Undan boshqa barchasi yashab koʻrganlarim, aksari suyukli Falastinda oʻn yillab yashagan insonlar, ularning qoʻni-qoʻshnilari va ahli oilalari ogʻzidan eshitgan haqiqatlardir.

Bu kitobni «Isro va Meʻʻroj» muhitiga qalbi bogʻlangan har bir insonga tuhfa etaman.

Yahyo Ibrohim Sinvar

«Biʻʻr Sabʻʻ» qamoqxonasi

2004 yil.

Birinchi fasl

1967 yilning qishi juda ogʻir keldi. Goʻyo ketgisi kelmayotgandek quyuq bulutlari bilan bahorning iliq quyoshiga oʻz nurlarini sochishiga yoʻl bermas, sovuq shamoli bilan haydab solar edi. Osmondan qatra-qatra boʻlib yogʻayotgan muzdek yomgʻir tomchilari esa Gʻazodagi muhojirlarning bejirim chodirlarini suvga gʻarq qilay derdi. Toshayotgan sel esa odamlarni yaqingindan oʻtgan katta koʻchadan pastroqda joylashgan kichik uychalaridan quvib chiqarar, chodirlarida behalovatliklarga sabab boʻlardi.

Qahraton qishning yaxlagan seli kichkinagina xovlimiz sahnisiga quyular, soʻng oilamiz yashaydigan ayvonga oqib kelardi. Men, uch akam va singlim qoʻrquvdan titrardik. Singlim hali goʻdak, shuning uchun ular orasida eng koʻp men qoʻrqardim. Ota-onam odmigina uyimizga bostirib kirgan suv toʻshaklarni shalabbo qilmasligi uchun ularni yigʻishtirib olishdi. Men onamning boʻynidan qattiq quchoqlab olgandim, emizikli singlim esa onamning qoʻlida. Oʻsha dahshatli tunda ham oʻziga oro berishni unutmagan onamning quchogʻida kechasi bilan bir necha bor uygʻondim. Kichkinagina uyimizning teshik tomidan chakka oʻtar, yonginamga tomchilayotgan tomchilar uchun alyumin idish qoʻyib qoʻyilgan ekan. Oldimda alyumin, nariroqda sopol idish, boshqa tarafda ham qandaydir idish turar, har gal koʻzim uyquga ketganida oʻsha idishlarga tomayotgan tomchilarning ovozidan uygʻonib ketaverardim. Idishlar suvga toʻlgani sayin tomayotgan tomchilar atrofga koʻproq zarralarini sochardi. Onam toʻlgan idishlarni boʻshatish uchun tashqariga olib chiqib, toʻkib kelardi.

Bahorning iliq quyoshi qishning asarlarini oʻchira boshlab, oʻrnini egallayozgan kunlarning birida etti yoshli akam Muhammad qoʻlimdan tutib, Misr harbiylarining oldiga etaklab oborganini yaxshi eslayman. Oʻshanda besh yosh edim. Misr harbiylari bizni juda yaxshi koʻrishardi. Oʻsha harbiylardan biri ismimizni soʻradi. Biz oʻzimizni tanishtirdik. Biroz vaqt oʻtib, "Hoy Muhammad, Ahmad! Bu erga kelinglar!" deb chaqirdi. Akam bilan har galgidek chopib borib, boshimizni erga eggancha shirinlik berishini kutib turardik. Bizni chaqirgan amaki harbiy libosining choʻntagidan xandonpistali shirinlik chiqarib, bizga uzatdi. Har birimiz oʻz nasibamizni olgach, poʻmlab-poʻmlab eya boshladik. Boyagi harbiy amaki elkamizga urib, boshimizdan silab qoʻydi-da, " Endi uyingizga boringlar!" dedi. Biz yugurgancha chodirlarimiz tomon ketdik.

Shu zaylda uzoq hukm surgan qahraton qish ham tugadi. Kunlar iliy boshladi. Ketma-ket kelayotgan iliq kunlardan sovuq qishning qaytishiga hali uzoq ekanligini angladim. Endi yaxlagan yomgʻir tomchilari xavf solmas edi. Ammo atrofimdagilardan kuchli xavotir va xavfsirashni sezar edim. Oilamdagilar oʻsha yomgʻirli sovuq kechadan ham koʻproq tushkun holatda edi. Nima boʻlayotganini tushunolmasdim, lekin shuni bilardimki, atrofdagi holat tabiiy emasdi. Onam chakka oʻtganda foydalanadigan idishlarini ham xovlida qoldirdi. Otam qoʻshnimizdan ketmon olib chiqib, xovlida chuqur xandaq qaziy boshladilar. Oʻn ikki yoshli Ibrohim akam otamga koʻmaklashardi. Xandaqni qazib boʻlgach, otam uni ustini yogʻochlar bilan yopa boshladi. Yana xovlida nimalarnidir qidirib yurardi. Keyin oshxonamizning eshigini sugʻurib oldi-da, oʻsha xandaqning ogʻziga tashlab, ustini tuproq bilan koʻmib tashladi. Ibrohim akam bilan onam ikkisining oʻsha xandaqning hali berkitilmagan tuynugidan tushib chiqayotganlarini koʻrardim. Asta borib, oʻsha ochiq tuynukdan boqishga jurʻʻat topdim.

Qarasam, er ostidagi qop-qorongʻu xonaga oʻxshagan joy ekan. Nima boʻlayotganini tushunmasam-da, yomon ish boʻlishini sezayotgandek edim. Bu - oʻsha yomgʻirlik sovuq kechadan ham yomonroqligini sezardim.

Endi hech kim shirinlik olish uchun qoʻlimdan tutib, Misr harbiylari turadigan erga olib bormas, aksincha, akalarim qayta-qayta bormasligimizni tayinlashardi. Bu ishlar, oʻzgarishlar mening kichkina yuragimga kattalik qilardi. Akalarim shirinlik olishga olib borishmagach, amakimning men bilan teng Ibrohim ismli oʻgʻli ham harbiylardan shirinlik olish sirimizni bilgani uchun uning oldiga bordim. Unga birga boraylik, demoqchi boʻlib borgandim. Eshikni ochib kirganimda, amakim qoʻlidagi miltigʻini sozlab oʻtirgandi. Koʻnglimdan men ham shunday qilsam edi, degan his oʻtdi. Oʻsha miltiq eʻʻtiborimni jalb qilganidan bir muncha vaqt unga termulib qoldim.

Amakim menga boqdi-da, oldiga chaqirib, qoʻlimga miltigʻni tutqazdi, soʻng men tushunmaydigan gaplarni gapirdi. Keyin boshimdan silab, "Bor, oʻgʻlim, endi boraver", deya xonadan chiqarib yubordi. Soʻng amakivachcham Ibrohim bilan yaqinimizda joylashgan Misr harbiylari turadigan erga yoʻl oldik. U erga etib borganimizda hamma narsa butkul oʻzgarib ketgandi. Har galgi jilmayib kutib oladigan harbiy amaki bizni kutib olmadilar. Qachon borsak, kulib qarshi olishardi. Ammo bu safar aksincha, bizga "Ketinglar, onangizni oldiga boringlar!" deya baland ovozda baqirishdi. Hech narsa tabiiy emasdi. Bu oʻzgarishlarni tushuna olmasdim. Shirinlikdan nasibamizni ololmay, qoʻrquv bilan ortga qaytdik. Ertasi kuni onam baʻʻzi choyshablarni olib, haligi xandaq ichiga toʻsha boshladilar. Ikki yo uch idishda suv va biroz egulik ham zaxiraladi. Bizni ham olib tushib, oʻtqazib qoʻydi. Biroz vaqt oʻtib, kelin oyim va oʻgʻillari Ibrohim va Hasanlar ham bizga qoʻshildi. Bu joyga nega toʻplanib olganimizning sababini bilmaganim bu xandaqdan bezor qilardi. Keng koʻcha, xovlini tashlab, shu erga olib tushilgandik. Har gal chiqishga urinib, oʻsha tuynukka intilganimda, onam qarshilik qilar, ovutish uchun non va biroz zaytun berardi. Shunday qilib, quyosh ham botdi, zulmat kuchaya brshladi. Xandaqdagi qoʻrquv endi ikki barobarga ortdi. Biz tashqariga chiqishga intilsak, oyim bilan kelinoyim qattiq qarshilik qilishar, yigʻlasak, "Bollarim, tashqarida urush boʻlyapti. Urushni bilasizlarmi? Urush!" deyishardi. Urush nima ekanligini bilmasdim. Oʻshanda urush, bu - qoʻrqinchli, zulmatga toʻla narsa ekanligini angladim.

Davomi bor..

Maʻʻmur Muxtor tarjimasi 

Mavzuga aloqador