“Chinnigul va tikan” – Yahyo Sinvar (qissa, davomi)
Marhum qoʻmondon, Falastin ozodlik harakati etakchisi, mard jangchi, oʻz vatani va millatining sodiq oʻgʻloni Yahyo Sinvarning “Chinnigul va tikan” asarini eʻʻlon qilishda davom etamiz. Tarjimon – Maʻʻmur Muxtor.
Marhum
qoʻmondon, Falastin ozodlik harakati etakchisi, mard jangchi, oʻz vatani va
millatining sodiq oʻgʻloni Yahyo Sinvarning “Chinnigul va tikan” asarini eʻʻlon qilishda
davom etamiz. Tarjimon – Maʻʻmur Muxtor. Boshi
***
Kunlar
oʻtardi, ammo, otam va amakimdan darak boʻlmasdi. Bobom, onam va kelinoyimlar,
hech bir erkagu ayol qolmagandi, barchasidan ular haqida erinmay birma-bir soʻrab
chiqdik. Tashvishimiz, qoʻshnilarimiz tashvishi bilan bir – hamma «Ozod Falastin»
tarkibidagi yoki koʻngilli jangchilar safida daraksiz yoʻqolgan yaqinlarini qidirardi.
Gʻazo sektori va Gʻarbiy Sohilda bir xil umidsizlik, tushkunlik ruhiyati hukm
surar, odamlar endi yahudlar ularni ne koʻyga solishlarini bilolmay hayronu lol
edilar.
Bobom har
erta tongda hassasini olib, ikki oʻgʻlini qidirgani chiqib ketar, koʻchada ularni
bilganu bilmagandan soʻrayverdi. Qachon madori qurib, holdan toygach, uyga qaytib
kelardi. Urush tugasa ham uylariga qaytishmagani sababli onam va kelinoyim bobom
qanday yangilik olib kelar ekan, deya eshik oldida intizor boʻlib kutib oʻtirishardi.
Xoʻjayinlarining nomaʻʻlum qismatidan qoʻrquv va xavotirdan kuyib-pishardilar. Akalarim,
amakivachchalarim nimalar boʻlayotganini bilib turishardi. Men boʻlsam hali-hamon atrofimda boʻlayotgan
ishlarning mohiyatini anglashga yoshlik qilardim. Onamlarning tashvishi oʻzlariga etarli boʻlganidan
uylarni supurib-tozalash, egulik hozirlash kabi xizmatlarni Fotima opam oʻz
gardaniga olgandi.
Bobomning otamizni izlab chiqib ketgan kunlarining birida,
shom vaqtida ham kelmagani onamni tashvishga soldi. Eshikni ochib moʻralab turaverdilar. Oxiri koʻcha boshidan bobom burilib, koʻrinish berdi. Hassasiga suyanib olganidan hassa
singuday boʻlib ketgan, oyoqlarini arang, zoʻrgʻa-zoʻrgʻa sudrab kelardi. Olib kelayotgan xabari ularning
gardanida ogʻir yuk boʻlib, qaddini egib qoʻygandek edi goʻyo. Onam Mahmud akamga tez
bobomning oldiga
chiqishini, yordamlashishini buyurdi. Akam chopqilab oldilariga etib borganida, yuzini yoshlari
qoplaganini koʻrib, nima gap ekanligini bilishga harakat qilardi. Uyga etib kelgunlariga qadar ham
biror kalima gapirtirolmadi. Xovliga kiriboq oyoqlarida muvozanat saqlab
turolmaganidan devorga yopishib yura boshladi. Onamlar esa «Nima boʻldi?», «Nima
gap?», «Qanday xabar olib keldingiz?», «Oʻzi tinchlikmi?» kabi savollarga koʻmib
yuborishgan edi. Chunki yomon xabar kelgan boʻlishi mumkinligidan qoʻrqib ketishgandi.
Bobom biror nutq soʻzlash u yoqda tursin, harakatlana olmay qoldilar hatto. Hammamiz ularni joylariga
koʻtarib kirish uchun barakayiga yopishdik. Oʻz joyiga yotqizar ekanmiz, bobomning lablari orasidan
chiqadigan har bir harfga mushtoq boʻlib termulardik.
Onam sopol idishda suv uzatganida, bobom uni ushlab turishga ham kuchi
etmadi. Onam tutib turdi, soʻng bir chimdim suvdan yuziga biroz sepib qoʻydi.
Shundan soʻng sal tinchlanganday boʻldiyu, kelinoyim tarafga qaygʻuli boqardi. Bu
boqish – shumxabarning otamdan koʻra amakimga taaluqliroqligini bildirardi.
Kelinoyim lablari titrab, munkaygan holida past ovoz bilan «Nima boʻldi, dadajon? Nima gap ekan», - degan gapni zoʻrgʻa aytib
oldi. Bobomning koʻzidan duv-duv yosh oqdi. Soʻng oʻzini qoʻlga olishga harakat qilib,
hissiyotlarini jilovladi. Kelinoyim bobomning aytolmayotgan xabarini tushunib etdi-da, dodlab yigʻlab
yubordi.
«Ayting,
oʻgʻlingiz halok boʻlibdimi? Erimni oʻldirishdimi ayting?», - deb yigʻlardi. Bobom
faqat "ha" ishorasini berib, boshini silkib qoʻydi, xolos. Yigʻlash yanada
avj oldi. Oʻzini qoʻlga olishdan ojiz holga tushib qolgan edi shoʻrlik. Onam ham
birga qoʻshilib yigʻlar, ham tasalli berardi. Kelinoyim esa «Uni oʻldirishdi. Erimni oʻldirishdi», - deya dodlardi.
«U oʻlmadi hoy, Umm Hasan! Oʻlgani yoʻq, u shahid boʻldi. Eshityapsizmi, shahid boʻldi.
Shahidlar oʻlmaydi-ku toʻgʻrimi? Oʻzingizni qoʻlga oling! Boʻldi, azizam, tinchlaning!».
Bular onamning kelinoyimga tasalli berib aytgan gaplari edi.
Aka-opalarim ham, amakivachchalarim ham yigʻlayotgan edi. Men
esa turgan joyimda qotib qogandim. Nima boʻlayotganini tushunolmasdim.
“Taq-tuq-taq” qilib eshikni qoqib qoldi
kimdir. Mahmud akam bilgani chiqib ketdi, yigʻi ovozini eshitgan qoʻshnilar xabar
olgani kirgan ekan. Xona tik turgan odamlarga toʻldi. Tasalli berishar, ayrimlari
qoʻshilishib yigʻlardi.
Kunlar oʻtar, ammo otamdan hanuz darak boʻlmasdi. U kishini oxirgi marta koʻrganlar tirik boʻlganini,
koʻngilli jangchilar bilan birga gʻarbiy tarafga oʻtib ketganini aytishgan, xolos.
Boshqa hech narsa
bilmasdik. Amakimning azasi oʻtgach, bobom yana otamni izlashga tushdi. Shular otam haqida bor toʻplagan maʻʻlumotlari boʻldi. Shundan
soʻng ularni izlashni bas qilib, kelishini kutishga qaror berdi. Tirik boʻlsa, qaerdaligimizni
biladi, biz esa ular qaerdaligini bilmaymiz.
Kunlar oʻtdi, hayot oʻtaverar ekan. Oddiy hayotga qaytdik.
Hammamiz boshimizga tushgan kunlarga moslashishimiz darkor edi. Maktablar qaytadan
oʻquvchilar uchun eshiklarini ochdi. Aka-opalarim, amakivachchalarim maktabga qatnay
boshladilar. Onam va kelinoyim erta tongda turib, ularni maktabga hozirlashar,
soʻng olib borgani chiqib ketishardi. Men, emizilik singlim va tendosh amakivachcham
Ibrohim qolardik. Kunlar uzaygani sayin bobom koʻchaga chiqib, uzoq vaqt qaytmaydigan boʻldi. Baʻʻzan kechga yaqin kelayotib kartoshka, baqlajon,
pamildori, koʻkatlar kabilarni
koʻtarib kelardi.
Davomi
bor...
Maʻʻmur Muxtor tarjimasi