08.08.2024 18:32

"Oʻlim yoki ozodlik": HAMASning yangi rahbari Yahyo Sinvar aslida kim?

Zulm va xorlikda oʻlgandan koʻra, shahidlikni afzal koʻramiz. Bu soʻzlar Tehronda oʻldirilgan HAMAS Siyosiy byurosi raisi Ismoil Haniya oʻrniga harakatning yangi rahbari etib tayinlangan Yahyo Sinvarga tegishli.

Eron Haniyaning oʻlimi uchun Isroildan qasos olishini aytib charchamayotgan bir paytda, sionistlarning birinchi raqamli dushmani, qarshilik harakatining 7 oktyabrdagi "Aqso toʻfoni" operatsiyasi tashkilotchilaridan biri, uning manzili haqidagi maʻʻlumot uchun ishgʻolchilar tomonidan 400 ming dollar vaʻʻda qilingan Yahyo Sinvar HAMAS boshqaruviga keldi.

Sionist tahlilchisi Avi Issacharoff bosqinchilarning tashvishini ifoda etib, “HAMAS boshqaruv uchun eng xavfli odamni tanladi”, deb yozdi.

Isroil razvedkasidan sobiq ofitser Maykl Milshteyn esa “HAMASdan eng koʻp tushuna olmaganimiz Yahyo Sinvar edi. U har doim eng katta aldovlarda muvaffaqiyat qozongan ayyor, juda makkor odam edi”, dedi.

Xoʻsh, bosqinchilarning qoʻrqinchli tushiga aylangan, HAMAS xavfsizlik xizmatiga asos solgan, sionistlar tomonidan "toʻqqiz jonli" deb ataladigan Yahyo Sinvar kim oʻzi? U nima uchun Falastin ozodlik harakatining etakchisi maqomiga loyiq koʻrildi?

Yahyo Ibrohim Hasan Sinvar 1962 yil 7 oktyabrda Gʻazo janubidagi Xon Yunis qochqinlar lagerida tugʻildi. Maʻʻlumotlarga koʻra, Sinvarning oilasi hozirda Isroil janubida joylashgan Ashkelonda yashagan. Ular 1948 yilgi Arab-Isroil urushi paytida uy-joylarini tashlab ketishga majbur boʻlishgan. Bunga sionistlarning ilgari Al-Majdal nomi bilan atalgan shaharni bosib olishi va haqiqiy er egalarini oʻz tuprogʻidan quvgani sabab boʻlgan. Sinvar Xon Yunisdagi oʻgʻil bolalar maktabini tamomlagach, Gʻazo Islom universitetiga oʻqishga kirdi. Talabalik davri unga tajriba va bilim olishiga yordam berdi. Bu esa Sinvarning HAMAS harakati asos solinganidan keyingi hayotida asqotdi.

U 1982 yilda universitetda tahsil olib yurgan paytida ishgʻolga qarshi norozilik namoyishlarida qatnashgani uchun Isroil tomonidan hibsga olingan. Qamoqxonada koʻplab falastinlik faollar bilan tanishgan. Shundan soʻng, oʻz hayotini Falastin ozodligiga bagʻishlashga qaror qilgan.

1985 yilda ham Sinvar sud qilinmasdan 8 oy qamoqda saqlanadi.

1986 yilda u Xolid Al-Hindiy va Ravhi Mushtaha bilan birgalikda harakat asoschisi Shayx Ahmad Yosinning buyrugʻiga koʻra “Al-Majid” xavfsizlik tashkilotiga asos soladi.

Uning vazifasi Isroil razvedkasi va xavfsizlik xizmatlarini kuzatishdan tashqari, sionistlarning agentlari va josuslarini fosh qilishdan iborat edi. Tez orada bu tashkilot HAMAS harakatining ichki xavfsizlik boʻlinmasiga aylanadi.

Sinvar 1988 yilda ikki Isroil askari va toʻrt nafar falastinlik sotqinni oʻldirishda ayblanib toʻrt marotaba umrbod qamoq jazosiga hukm qilinadi. Shuningdek, u qamoqxonadan ikki marta – Ashkelondagi Majdal va Ramla qamoqxonasidan qochishga uringan, ammo bu urinishlari muvaffaqiyatsiz yakunlangan va qattiq jazolangan.

Yahyo Sinvar nafaqat etakchiligi, balki ogʻir damlarda oʻzining qatʻʻiyatini namoyon etishi va sinmasligi bilan ham tanilgan. Umrining 23 yilini sionistlarning qamoqxonalarida, turli zulm va qiynoqlar ichida oʻtkazganiga qaramay Sinvar izlanishdan toʻxtamagan.

U qamoqdagi muddatini oʻqish va oʻrganishga sarfladi. Bu vaqt ichida u ibroniy tilini oʻrgandi va yahudiylar mentalitetini tushunishga harakat qildi. U siyosat, xavfsizlik va adabiy sohalarda qator kitoblar yozdi va tarjimalar qildi.

Misol uchun uning 2010 yilda nashr etilgan "Shon-sharaf" asarida Shin-Bet – Isroil ichki xavfsizlik xizmatining maʻʻlumot toʻplashi, agentlarni tayyorlashi va yollashi, shafqatsiz tergov usullarining insonga jismoniy va ruhiy taʻʻsiri yoritilgan. Karmi Gillonning "Harobalar orasidagi Shin-Bet" kitobining tarjimasida ham sionistlarning kirdikorlari oshkor etilgan.

Hibsdagi davrida ham Sinvar HAMAS mahbuslarining Oliy rahbariyat qoʻmitasini boshqargan va bir qator ochlik eʻʻlonlari, jumladan 1992, 1996, 2000 va 2004 yillardagi Isroil kuch ishlatar tuzilmalarining zulmlari paytida qamoqxona xizmati bilan qarama-qarshilikni boshqargan.

U Majdal, Hadarim, Sabaa va Nafha kabi bir nechta jazoni ijro etish muassasalariga koʻchiriladi va 4 yilni bir kishilik kamerada oʻtkazadi. Bu vaqt mobaynida u qorin ogʻrigʻidan azoblanadi va qon qusa boshlaydi. Keyinchalik yana sogʻligʻi bilan bogʻliq muammolardan aziyat chekadi. Harorati keskin koʻtarilib, ahvoli ogʻirlashadi. Mahbuslarning katta bosimi tufayli u tibbiy tekshiruvdan oʻtkaziladi va miyasida oʻsimta borligi aniqlanadi. Shu sabab Sinvar 7 soat davom etgan jarrohlik amaliyotini boshdan kechiradi.

2006 yilda HAMASning "Al-Qassam" boʻlinmasi tomonidan uyushtirilgan maxsus operatsiyada ikki sionist terrorchisi oʻldiriladi va Gilad Shalit ismli askar asirga olinadi. U 5 yil davomida HAMAS qoʻlida asirlikda saqlanadi. Bosqinchilar 2011 yilda Gilad Shalit evaziga minglab falastinliklarni ozod qilishga qaror qiladi. Ular orasida Yahyo Sinvar ham bor edi.

Ozodlikka chiqqach Sinvar HAMAS harakatining 2012 yilgi ichki saylovlarida Siyosiy byuro aʻʻzoligiga saylandi. U shuningdek, harbiy qanot – Izzad-Din al-Qassam brigadalari boshqaruvini oʻz zimmasiga oldi.

2011 yilning 21 noyabrida u Gʻazo Islom universitetida din asoslari boʻyicha magistrlik darajasini olgan Samar Muhammad Abu Zamarga uylandi. Ayni paytda ularning Ibrohim ismli oʻgʻli ham bor.

Ayniqsa Sinvar 2014 yilda Isroilning Gʻazoga qarshi etti haftalik agressiyasi chogʻida harakatning siyosiy va harbiy tomonlarini muvofiqlashtirishda muhim rolʻ oʻynadi.

 Ushbu tajovuzdan soʻng ham u keng qamrovli tekshiruvlar oʻtkazdi va masʻʻullarning faoliyatini baholadi. Natijada taniqli rahbarlar ishdan boʻshatildi.

2015 yilda sionistlarning homiysi boʻlgan AQSh ham Yahyo Sinvarni eng koʻp qidirilayotgan “xalqaro terrorchilar” roʻyxatiga kiritdi.

Uning uyi bir necha bor bombardimon qilindi. Ishgʻol samolyotlari tomonidan butunlay vayron qilindi. Dushmanlar Sinvarning ehtiyotkorligi, koʻp gapirmasligi, omma oldida kam koʻrinishi sababidan uni yoʻqota olishmayotganini bahona qilishdi.

HAMAS etakchisini yoʻq qilish Isroilning Gʻazo sektoridagi harbiy amaliyotining eng muhim strategik maqsadiga aylandi.

2023 yilning 14 noyabrida Britaniya hukumati HAMAS etakchilari, jumladan Yahyo Sinvarga qarshi sanktsiyalar joriy qildi.

2023 yil 30 noyabrida Frantsiya hukumati Sinvarning, agar boʻlsa, aktivlarini olti oyga muzlatish toʻgʻrisida farmon chiqardi.

2023 yil 6 dekabrda Isroil bosh vaziri Benʻyamin Netanʻyaxu Isroil armiyasi kuchlari Sinvarning uyini qurshab olgani bilan maqtandi, biroq qotillar Sinvarni oʻldirisha olmadi.

Hatto bir safar Yahyo Sinvarning uyi Isroil qiruvchi samolyotlari tomonidan bombalanadi. U esa vayron boʻlgan uyining oldida kulgan holatda suratga tushadi. Bu esa Islom dushmanlari qanchalik harakat qilmasin, Alloh asragan bandasini yoʻqota olmasligiga yana bir dalil boʻlib tarixda qoldi.

HAMASning yangi rahbari Yahyo Sinvar hammaslagi Ismoil Haniyadan farqli oʻlaroq, bosqinchilarga qarshi murosasizligi bilan tanilgan. Bu esa AQSh va Isroil bosqinchilari yanada koʻproq begunoh insonlarning qonini toʻkish orqali musulmonlarni zaiflashtira olmayotganini, aksincha, oʻzlariga nisbatan qarshilik va nafratni kuchaytirayotganini anglatadi.

Mavzuga aloqador