12.08.2024 08:34

Yamandagi suv toshqinlari qurbonlari soni 61 kishiga etdi

Iyulʻ oyi oxirlaridan buyon Yamanda kuzatilayogan kuchli yomgʻir va suv toshqinlari sababli hayotdan koʻz yumganlar soni 61 nafarga etdi. Ularning katta qismi ichki urushlar natijasida koʻchirilgan fuqarolardir. Yaman hukumati xalqaro hamjamiyatdan suv toshqinlari qurbonlariga insonparvarlik yordami ajratilishini soʻradi.

Yamanning markaziy Marib viloyatida yakshanba kuni kuchli yomgʻir va kuchli shamol chodirlarini urib yuborishi oqibatida toʻrt nafar ichki koʻchirilgan odam halok boʻldi va koʻplari yaralandi.

BMT maʻʻlumotlariga koʻra, iyulʻ oyi oxiridan beri Yamanda kuzatilayotgan kuchli yogʻingarchiliklar va suv toshqinlari natijasida halok boʻlganlar soni 61 kishiga etgan. Jumladan, yakshanba kuni kuchli yomgʻir va shamol tufayli ichki koʻchirilganlar yashab turgan chodirlar qulashi oqibatida 4 kishi hayotdan koʻz yumgan, koʻplari yaralangan.

Aholi Marib shahridagi “Jav an-Nasim” lageridagi vayron boʻlgan uylar, vaqtinchalik boshpana va elektr uzatish liniyalari minoralari tasvirlarini ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirgan. Ularda lagerning bir qismi kuchli shamol tufayli qariyb butunlay vayron boʻlganini koʻrish mumkin.

Unga qadar, yakshanba kuni BMTning gumanitar masalalarni muvofiqlashtirish boshqarmasi Yamanda kuchli yomgʻir va suv toshqinlari 34260 ta uyga katta zarar etkazgani, 57 kishi halok boʻlgani va 16 kishi jarohat olgani haqida xabar bergan edi.

Xususan, 28 iyuldan 9 avgustgacha Yamanning gʻarbiy Hudeyda viloyatida 31 kishi halok boʻlgan va 6042 ta oila, shimoliy Hajja viloyatida 2 753 oila jabrlangan va ikkita oʻlim holati qayd etilgan, shimoliy Saada viloyatida esa ikkita oʻlim holati roʻyxatga olingan, 3451 ta oila jabrlangan. Janubdagi Taiz viloyatida esa 15 kishi halok boʻldi, 6494 xonadon jabrlandi.

Yaman milliy meteorologiya markazi yakshanba kuni Yamanning togʻli hududlari hamda gʻarbiy va janubiy hududlarida kuchli yogʻingarchilik, suv toshqini va kuchli shamollar boʻlishini bashorat qilib, butun mamlakat boʻylab yamanliklarni suv oqimlariga kirishdan ogohlantirdi.

Shu bilan birga, Yaman hukumati yakshanba kuni xalqaro hamjamiyatga mamlakatdagi minglab toshqin qurbonlariga yordam berish, avtomobilʻ yoʻllari va Yamanning toʻrt viloyatida xizmatlarni tiklashga koʻmaklashish soʻralgan murojaatini yangiladi.

Yaman prezidentlik rahbariyati kengashi raisi Rashad Al-Alimiy AQShning Yamandagi elchisi Stiven X. Feygin bilan uchrashuvda mamlakat Hajja, Xodeyda, Taiz va Marib viloyatlarida suv toshqinlari oqibatida etkazilgan zararlarni bartaraf etish uchun zudlik bilan insonparvarlik yordamiga muhtojligini bildirdi.

Mavzuga aloqador