31.01.2025 11:00

Tramp noqonuniy muhojirlarni Guantanamoga yubormoqchi



AQSh prezidenti Donalʻd Tramp Kubadagi Guantanamo harbiy-dengiz bazasini mamlakatda noqonuniy boʻlib turgan «alohida muhim xorijlik jinoyatchilar»ni saqlash uchun kengaytirish haqida farmon imzoladi. Uning soʻzlariga koʻra, bu markaz 30 ming nafargacha muhojirni qabul qila oladi.

Pentagon va Milliy xavfsizlik vazirligi Guantanamoda noqonuniy muhojirlar uchun qoʻshimcha hibsxonalar ajratishi kerak.

«Amerika xalqiga tahdid soluvchi eng xavfli noqonuniy jinoyatchilarni saqlash uchun 30 ming joyimiz bor. Ularni oʻz mamlakatlariga topshirishga ishonmaymiz, shu sababli Guantanamoga yubormoqchimiz»,  deya izoh berdi Tramp. 

Shuningdek, bu chora AQSh rasmiylarining noqonuniy muhojirlarni hibsga olish qobiliyatini ikki baravar oshiradi.

Guantanamodagi migrantlarni saqlash markazi AQShning qattiq qoʻriqlanadigan harbiy qamoqxonasidan alohida joylashgan. U asosan dengizda qoʻlga olingan gaitiliklar va kubaliklar uchun ishlatilgan.

Tramp shuningdek, Leyken Rayli qonunini imzoladi. Bu qonun huquq-tartibot idoralariga AQShda oʻgʻirlik va zoʻravonlik jinoyatlarida gumon qilingan noqonuniy muhojirlarni hibsga olishga kengroq vakolat beradi.

Huquq faollari Trampning Guantanamo bazasini muhojirlar uchun hibsxona sifatida ishlatish qarorini qoraladi.
Avvalgi prezident Barak Obama Guantanamo qamoqxonasini yopishni vaʻʻda qilgandi, ammo bu amalga oshmagan.

Trampning bu qarori AQShda immigratsiya siyosati keskinlashganini koʻrsatmoqda.

Mavzuga aloqador