22.01.2025 16:44
771
«Tolibon» Trampga rad javobiga qoʻshib maslahat ham berdi
«Tolibon » Donalʻd Trampning qariyb etti milliard dollarlik Amerika qurollarini qaytarish haqidagi chaqirigʻini rad etdi. Bu haqda Bloomberg nashri yozmoqda.
«Tolibon» 2021 yilda AQSh qoʻshinlari tomonidan tashlab ketilgan harbiy texnikalarning birortasini ham qaytarib bermaydi, deydi masaladan xabardor manba.
Aksincha Afgʻoniston muvaqqat hukumati «IShID-Xuroson» guruhi bilan kurashish uchun AQShdan yanada zamonaviyroq qurollar berishini soʻragan.
Bundan oldinroq AQSh prezidenti agar Janubiy Osiyo davlati Amerika samolyotlari, havo-er raketalari, transport va aloqa vositalarini qaytarmasa, Afgʻonistonga moliyaviy yordamni toʻxtatish bilan tahdid qilgan edi.
«Ularga aytib qoʻying, afgʻonlar harbiy texnikalarimizni qaytarib bermas ekan, bizdan sariq chaqa ham olisholmaydi», degan Tramp.
Qayd etilishicha, AQSh qoʻshinlari Afgʻonistonda 20 yildan koʻproq vaqt samarasiz jang qilgan. Zudlik bilan chiqib ketishga toʻgʻri kelganida esa 7 milliard AQSh dollaridan koʻproq qiymatdagi harbiy jihozlarini olib ketolmagan.
«Tolibon» har yili hokimiyatga qaytishi munosabati bilan oʻtkaziladigan paradda amerikaliklardan tortib olingan harbiy texnikalarni namoyish etadi. Oʻtgan yili ushbu qiziqarli marosimda Xitoy va Eron diplomatlari ham qatnashgan edi.
Trampning talabini rad etishiga qaramay, afgʻon hukumati AQSh bilan aloqalari yaxshilanishini va Oq uy muzlatilgan 9 milliard dollardan ortiq valyuta zaxiralarini qaytarishini istaydi.