13.04.2024 12:28

Tojikiston “Krokus” boʻyicha gumondorlarni qiynoqqa solmaslikka chaqirdi

Tojikiston Tashqi ishlar vazirligi “Krokus”dagi qoʻporuvchilikni tergov qilishda gumonlanuvchilarni qiynoqqa solmaslikka chaqirdi.

Tojikiston Tashqi ishlar vazirligi Moskva yaqinidagi “Krokus Siti Xoll” kontsert zalida sodir etilgan qoʻporuvchilik harakatini sodir etganlikda gumonlanayotganlarni qiynoqqa solmaslikka chaqirdi. Bu haqda mamlakat tashqi siyosat mahkamasi rahbari Sirojiddin Muxriddin maʻʻlum qildi, deya xabar beradi Gazeta.Ru.

MDH Tashqi ishlar vazirlari kengashi yigʻilishida soʻzga chiqqan diplomat qoʻporuvchilik harakatini tergov qilayotgan huquq-tartibot idoralari xodimlari xalqaro mezonlar va Rossiya qonunchiligi talablariga rioya qilishlari kerakligini eslatdi.

Muxriddin, shuningdek, Tojikiston “Krokus”dagi terakt uchun jinoyat tashkilotchilari, ijrochilari, sheriklari va buyurtmachilari jazolanishini kutishini aytdi.

Eslatib oʻtamiz, 22 mart kuni “Krokus Siti Xoll”dagi hodisadan bir kun oʻtib FSB direktori Aleksandr Bortnikov Rossiya prezidenti Vladimir Putinga 11 nafar gumonlanuvchi, jumladan, teraktning bevosita ishtirokchisi boʻlgan toʻrt nafar shaxs hibsga olingani haqida maʻʻlum qildi. Ularning barchasi Tojikiston fuqarolari edi. Qariyb barcha gumonlanuvchilar, ayniqsa asosiy toʻrt tojikistonlik sud zaliga qattiq qiynoqqa solingan, hatto bir qulogʻi kesib tashlangan holatda va maxsus shifoxona aravasida keltirildi.

Tarmoqlarda ularning qiynoqqa solingani aks etgan videolar ham tarqaldi. Tahlilchilarning fikricha, Rossiya davlati va rus jamiyatining ommaviy zoʻravonliklarga nisbatan toqatliligi kuchayib borayotganidan dalolatdir.

Keyinroq Tojikiston Milliy xavfsizlik davlat qoʻmitasi “Krokus Siti Xoll”da terakt sodir etganlar bilan aloqadorlikda gumonlanayotgan 9 kishini qoʻlga oldi. Ularni qoʻlga olishda Dushanbeda joylashgan Rossiya xavfsizlik kuchlari ishtirok etgan.

Rossiyada davlat va jamiyatning zoʻravonliklarga toqatliligi kuchayib bormoqda – NT

Mavzuga aloqador