26.05.2025 08:18
141
Texas shtatida musulmonlarga tegishli masjid va markazlarga hujum uyushtirildi
AQShning Texas shtati Ostin shahridagi Nueses masjidi, Islomiy Ahli Bayt uyushmasi (IABA) va Ostin Din ishlari markaziga tegishli bannerlar va kirish eshiklari atrofiga Dovud yulduzi kabi ramzlar chizib ketildi.
Ostindagi Amerika-Islom aloqalari kengashi (CAIR) boʻlimi masjid va diniy markazlarga hujum uyushtirilganini maъlum qildi.
CAIR bayonotida, bu uchta diniy markazga "nafrat asosidagi hujum" boʻlgani taъkidlanib, mahalliy hokimiyatlarga chora koʻrish talabi bildirildi. Tashkilot hujum sodir etilgan uch nuqtada xavfsizlik choralarini kuchaytirishni soʻradi.
Bayonotga koʻra, yuzini berkitgan shaxs Nueses masjidining asosiy kirish qismi va uning devorlariga Dovud yulduzi ramzini chizgan. Xuddi shunday harakatlar ayni paytda IABA va Ostin Din ishlari markaziga tegishli reklama bannerlari va eshiklariga ham amalga oshirilgan.
Bayonotda, shuningdek, oʻtgan oyda CAIR’ning Arizona boʻlimi Avondeyl shahridagi masjidga oʻlim bilan tahdid qilgan gumonlanuvchining qoʻlga olinishini mamnuniyat bilan qarshi olgani eslatildi. Ostindagi hozirgi hujumlar esa mamlakatda soʻnggi paytlarda kuchaygan islomga qarshi harakatlarning davomi sifatida baholandi.
CAIR Ostin boʻlimi vakili Shaymaa Zayan ushbu uch markazga bir kechada hujum qilingani hodisaning oldindan rejalashtirilgan va maqsadli amalga oshirilganini koʻrsatishini aytdi. U: «Ayniqsa Nueses masjidi Texas universiteti Ostin kampusi talabalari uchun maъnaviy va madaniy markaz hisoblanadi», dedi.
Zayan Ostin politsiya boshqarmasidan barcha islomiy markazlar atrofida xavfsizlik choralarini kuchaytirishni soʻrashganini bildirdi. Shuningdek, hujumni amalga oshirgan shaxs yoki shaxslarni tanuvchi yoki hodisa haqida maъlumotga ega boʻlganlardan zudlik bilan hukumat organlari bilan bogʻlanish soʻraldi.
Nueses masjidi masъuli Revand Abdulgʻaniy esa: «Soʻnggi paytda kuchaygan islomofobiya, muhojirlarga qarshi kayfiyat va talabalarning fikr erkinligiga boʻlgan bosimlar bizni juda tashvishga solmoqda», dedi.