23.04.2024 09:24

Soʻrov: Rossiyaliklar muhojirlarni yoqtirmaydi

Oʻtkazilgan ijtimoiy soʻrov natijalariga koʻra, “Krokus Siti Xoll”dagi fojiadan soʻng rossiyaliklarning 55-60 foizi mehnat muhojirlariga nisbatan “aniq salbiy” fikrga kelgan.  

“Krokus Siti Xoll”dagi fojia rossiyaliklar orasida migrantlarga qarshi kayfiyat toʻlqinini keltirib chiqardi. Bu haqda Butunrossiya jamoatchilik fikrini oʻrganish markazi (VTsIOM) yopiq soʻroviga tayanib, «Verstka» nashri yozmoqda.

VTsIOM ijtimoiy soʻrovi natijalariga koʻra, joriy yilning aprelʻ oyi boshida mehnat muhojirlari Rossiya fuqarolarining 55-60 foizida "aniq salbiy" munosabatni uygʻotgan, respondentlarning 30 foizi esa «ijobiy» munosabatni bildirgan. Sakkiz oy oldin, oʻtgan kuzning boshida soʻrov ishtirokchilarining 40 foizi migrantlarga salbiy munosabatda boʻlgan.

Respondentlarning qariyb yarmi Krokusdagi otishma tufayli ular va ularning ijtimoiy doiralari mehnat muhojirlariga yomonroq munosabatda boʻlishgani haqida xabar berishdi. Qariyb uchdan ikki qismi muhojirlarga munosabat vaqt oʻtishi bilan yomonlashadi, deb hisoblaydi. Respondentlarning uchdan biridan bir oz koʻprogʻi, Rossiya Federatsiyasida migratsiya siyosati qattiqroq boʻlganida, Moskva kontsert zalidagi fojia yuz bermagan boʻlardi, deb hisoblaydi.

«Verstka»ning xabar berishicha, soʻrovnomalarda 2,5 mingdan ortiq respondent ishtirok etgan.

Rossiyaning boshqa bir tadqiqot markazi - Levada tomonidan oʻtkazilgan soʻrov ham Rossiya fuqarolari orasida ksenofobiya (chet elliklarga nisbatan salbiy munosabat) hissi kuchayganini koʻrsatuvchi natijalarni namoyon etdi. Levada maʻʻlumotlariga koʻra, respondentlarning toʻrtdan bir qismi "muhojirlar oqimi" bilan bogʻliq muammo bor deb hisoblaydi.

Krokus Siti Xolldagi fojiadan soʻng Rossiya hukumati migratsiya siyosatini kuchaytirish boʻyicha bir qator choralar koʻrdi. Bir nechta qonun loyihalari ishlab chiqildi, xorijliklarning qolish muddati qisqartirildi (yil davomida 180 kundan 90 kungacha), chet elliklar uchun rus tilidan imtihon topshirish tartibi kuchaytirildi. Shuningdek, qator hududlarda mehnat muhojirlari ishlashi mumkin boʻlgan sohalar keskin qisqartirildi.

Mavzuga aloqador