02.06.2025 09:29
116

Rus ruhoniysi musulmonlar bilan nikohni bitta shart bilan joiz deb atadi

Pravoslavlar va musulmonlar oʻrtasidagi dinlararo nikohlar juftliklar bir-birining diniy his-tuygʻularini hurmat qilgan taqdirda joizdir. Bu haqda Maxachqala va Groznyy eparxiyalari kotibi, Rossiya pravoslav cherkovi ieromonaxi Ioann (Anisimov) «Ridus» nashriga bergan intervьyusida aytdi.

Shu tariqa u protoierey Kirill (Ivanov) tomonidan musulmon erkaklar va pravoslav ayollar oʻrtasidagi nikohlarga qarshi chiqqan bayonotiga munosabat bildirdi.

Ieromonax Ioannning taъkidlashicha, Rossiya kabi koʻp millatli mamlakatda dinlararo nikohlar kam uchramaydi va muayyan sharoitlarda ular joiz hisoblanadi.

«Albatta, oʻz diningga ishonuvchi inson bilan nikoh tuzish maqbulroq. Lekin Rossiya koʻp dinli davlat. Aralash nikohlar bizda tez-tez uchraydi. Ayniqsa, men xizmat qilayotgan Dogʻistonda. Shaxsan mening fikrimcha, agar er-xotin bir-birining diniy qarashlarini hurmat qilsa, masalan, erkak xotiniga cherkovga borish, komil boʻlish yoki bolalariga nasroniy qadriyatlarni oʻrgatishni taqiqlamasa, bunday nikohlar toʻliq joiz», — dedi Ioann.

U qoʻshimcha qilib, qadimgi yahudiylarda nikoh masalasida qattiq taqiqlar boʻlganini, pravoslavlik esa Qadimiy ahd dini emasligini taъkidladi.

Eslatib oʻtamiz, avvalroq Rossiya pravoslav cherkovi ruhoniysi Kirill Ivanov YouTube kanalidagi chiqishida muhojirlar pravoslav qizlarni oʻz nikohiga olib, Rossiyani musulmonlashtirib yuborayotganidan noligandi. Uning iddao qilishicha, migrantlar, ayniqsa "radikallashganlari" bu yoʻl bilan oʻz maqsadlariga erishyapti.

Moskva viloyati Naxabino shaharchasidagi Georgiy cherkovi ruhoniysi, ierey Pavel Ostrovskiy esa nega nasroniy rus ayollari koʻpincha musulmon erkaklarga turmushga chiqayotgani haqida oʻz fikrini bildirar ekan, bunday holatga asosiy sabab pravoslav erkaklarning masъuliyatdan qochishi va oila qurishga shoshilmasligi ekanini taъkidlagan edi.

Mavzuga aloqador