03.11.2024 09:05
Rossiyada hijob mojarosi: Z-patriotlar va kavkazlik musulmonlar nizolashmoqda
Avvalroq, Rossiyaning Vladimir viloyatida maktablarda niqob va hijob kiyishga taqiq kiritilgani haqida xabar bergandik. Bunga “ishbilarmonlik muhitini” yaratish hamda “milliy va diniy asosdagi nizolarning oldini olish" sabab qilib keltirilgan.
Deutsche Welle nashrining yozishicha, mazkur qaror nizolarning oldini olishga emas, aksincha Rossiyadagi musulmonlar va boshqa toifaga mansub shaxslar oʻrtasidagi jarlikni yanada kengaytirgan. Qayd etilishicha, ushbu masala federal darajadagi bahsga aylangan.
Vladimir viloyati allaqachon bunday cheklovlar joriy etilgan Rossiyadagi uchinchi mintaqadir: xuddi shunday taqiq Xanti-Mansiysk va Yamalo-Nenets avtonom okruglarida ham kiritilgan. Masalan, ushbu taqiq tufayli, 2022 yil sentyabrʻ oyida Yamalo-Nenets avtonom okrugidagi maktab oʻquvchisi oʻzining maktabdan haydalganini bildirdi, ammo keyinchalik, mahalliy hokimiyat uni istisno qildi. Natijada yuzaga kelgan janjalga tezda barham berilgan. Ammo Vladimir viloyatida ushbu ayirmachilik tezda federal ahamiyatga ega muammoga aylandi.
Gap shundaki, bir necha kun ichida Rossiyada ikki lager – Z-patriotlar va Shimoliy Kavkaz respublikalari siyosatchilari oʻzaro janjallashdi.
Rossiya Davlat Dumasi deputati, Dogʻistonlik Biysulton Hamzaev Vladimir viloyatidagi amaldorlarni “ahmoqlar” deb atagan. Chechenistondan uning hamkasbi Adam Delimxanov Telegram kanalida Ramzan Qodirov nomidan Vladimir viloyati mahalliy amaldorlari bilan “muzokaralar” oʻtkazilayotganini maʻʻlum qilgan.
Delimxanovning bayonotlari Z-patriotlarining noroziligini uygʻotdi. Provoenniy Telegram-kanali “Ikki mayor” Vladimir viloyati hokimiyatiga bosim oʻtkazishni “chechen deputatlarining boshqa hududlarga taʻʻsirini kengaytirishi” deb atadi. Shuningdek, “voenkor” Roman Saponkov “bunday harakatlar federal markazni zaiflashtirish ekanini iddao qilgan.
"Vladimir viloyati hokimiyatining harakatlari qanchalik qonuniy ekanini baholash qiyin, ular musulmonlar uchun juda nozik masalani koʻtarishdi", degan islomshunos Ahmad Yorliqapov nemis nashriga.
Yorliqapovning taʻʻkidlashicha, Shimoliy Kavkaz musulmonlari orasida hijobga alohida munosabat bor: uni taqiqlash mumkin emas. Bunday cheklovlar Rossiyada jiddiy qarama-qarshilikni yuzaga keltirishi mumkin.